Jamiyat | 13:51 / 03.04.2017
17900
10 daqiqa o‘qiladi

«Mashinada qoldirilgan qimmatbaho buyumlarga javob berilmaydi» yoki avtoturargohga nima uchun haq to‘lanadi?

Mashinasi bor kishi bozor-o‘charga borganda, ulovini duch kelgan joyda qoldirolmaydi, chunki jarimaga tortilishi yoki boshqa avtotransport vositalarining harakatiga xalaqit berishi mumkin-da. Shu bois aholi gavjum bo‘ladigan hududlarda mashinani vaqtinchalik saqlash joylari — avtoturargohlar tashkil etilgan.

Keyingi paytlarda haydovchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida avtoturargohlar soni borgan sari ko‘payib, zamonaviylari barpo etilyapti. Bundan faqat mamnunlik hissini tuyamiz. Lekin…

E'tibor bersangiz, bozorlardagi avtoturargohlarning aksariyati pulli. Ularda mashina qancha muddatga qoldirilganiga qarab pul to‘lanishi hech kimga sir emas. Haqli savol tug‘iladi: nega poytaxtimizdagi barcha supermarketlarda avtoturargohlar bepul xizmat ko‘rsatadi-yu, bozorlarda buning aksi? Aslida bozor ham xalq uchun, uning farovon turmushi uchun xizmat qiladi-ku?! Axir, bozorga avtomashinani saqlash uchun emas, bozorlik qilish uchun boriladi-ku!

Xullas, savollar talaygina. Ularga javob topish maqsadida dastlab avtoturargohlar faoliyatini tartibga solishga mas'ul bo‘lgan tashkilot — «Toshbozorsavdo» uyushmasiga bir nechta savollar bilan murojaat etdik.

— Poytaxtimiz tumanlaridagi aksariyat bozorlardagi avtoturargohlar pulli. Vaholanki, bozorlar davlatga qarashli. Shuni inobatga olsak, avtoturargohlar bepul bo‘lishi kerak emasmi?

— Mulkchilik shaklidan qat'i nazar, pulli xizmat ko‘rsatuvchi avtoto‘xtash joylari, shu jumladan, bozorlar tarkibidagi avtoto‘xtash joylarining har bir kvadrat maydonidan bir oyda eng kam oylik ish haqining 5 foizi (savdo komplekslarida 10 foizi) miqdorida qat'iy belgilangan soliq to‘lanadi. Uyushma tizimidagi barcha avtoto‘xtash joylari maydonidan bir oyda 676,5 million so‘m miqdorida soliq to‘lanadi. Shu sababdan, avtoto‘xtash joylarini bepul qilish maqsadga muvofiq bo‘lmaydi, deb hisoblanadi.

— Avtoturargohdan foydalangan haydovchidan to‘lovni faqat naqd shaklda talab qilishadi. Mashina egasiga esa hech qanday chek berilmaydi. Nima uchun?

— «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga asosan, har bir iste'molchi o‘zi bergan naqd pulga kassa chekini talab qilishga haqli. Avtoto‘xtash joylari ham bundan mustasno emas. Naqd pul bergan xaridor, albatta, chek berilishini talab qilishi kerak.

— Avtoturargohlardagi narxlar har xil. Aslida ular bir xil bo‘lishi kerak emasmi? Bu narxlar nimaga asoslanib belgilangan?

— «Toshbozorsavdo» uyushmasi tizimidagi avtoto‘xtash joylarida undiriladigan «xizmat haqi» miqdori Toshkent shahar hokimining 2016 yil 16 martdagi «Toshkent shahridagi bozorlar va savdo komplekslarining ma'muriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovlari va ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymatining yangi miqdorlarini joriy etish to‘g‘risida»gi 241-sonli qarori bilan tasdiqlangan.

— Aksariyat avtoturargohlarda «Mashinada qoldirilgan qimmatbaho buyumlarga javob berilmaydi», degan yozuvni ko‘rish mumkin. Bu qanchalik to‘g‘ri? Agar ulov qo‘riqlanmasa, avtoturargohga nima uchun haq to‘lanadi?

— Amalda joriy etilgan talablarga asosan, bozorlar va savdo komplekslari tarkibidagi avtoto‘xtash joylarida avtomobil egasi avtoto‘xtash joyiga kirish vaqtida mashina ichidagi narsalarni avtoto‘xtash xodimiga bittalab ko‘rsatib topshirmaydi. Shu sababli xodim ham avtoulov ichidagi narsalarga javob bermaydi.

— Avtoturargohda mashinaning biror joyi tirnalib yoki unga shikast yetkazib ketilgan bo‘lsa, kim javob beradi?

— Agar avtoto‘xtash joyida qoldirilgan mashinaning tashqi tomoniga zarar yetkazilsa, avtoto‘xtash joyi ma'muriyati ushbu yetkazilgan shikastlarni qoplab berishi lozim.

— Nega aksariyat bozorlardagi avtoturargohlarda to‘lov terminali yo‘q? Buning sababi nima?

— «Toshbozorsavdo» uyushmasi tizimidagi barcha avtoto‘xtash joylarida terminallar mavjud.

— Avtoturargohlardan tushayotgan pullar inkassatsiya qilinadimi? Umuman, uning har kunlik tushumi qayerga topshiriladi va bu mablag‘ qanday maqsadlarga ishlatiladi?

— Avtoto‘xtash joylarida yig‘ilayotgan «xizmat haqi» tushumlari belgilangan tartibda har kuni biriktirilgan bank muassasalariga topshiriladi. Yig‘ilgan daromadlarning hammasi avtoto‘xtash joylari uchun belgilangan qat'iy soliqni qoplashga yo‘naltiriladi. Qolgan qismi boshqa majburiy va joriy xarajatlarga ishlatiladi.

Nega va yana bir bor nega?

Bu uyushma boshqaruvi raisining o‘rinbosari Mo‘min Qodirov imzosi bilan kelgan xatda bayon etilgan javoblar. Bir qarashda, hech qanday muammo yo‘qdek ko‘rinadi. Ammo ochig‘i, ayrim javoblar kishida qaytaga yana qo‘shimcha savollar uyg‘otadi. Negaki, maqolamiz boshida aytilgan holatlar bizni shunday deyishga majbur etmoqda. Shu bois 28 fevral kuni (javob xati 24 fevralda kelgan) poytaxtimizdagi ayrim bozorlar hududidagi avtoto‘xtash shoxobchalarini o‘rganishga qaror qildik.

Kuzatuvlar natijasida shu narsa oydinlashdi: uyushma tizimidagi 15 ta avtoto‘xtash joylarining hammasida ham to‘lov terminali mavjud emas ekan. Jumladan, «Qo‘yliq», «Yangiobod», «O‘rikzor» va «Chorsu» bozorlaridagi avtoturargohlarga to‘lov terminali o‘rnatilmagan. Bori ham haydovchilar nigohidan panada, ko‘rinadigan joyga qo‘yilmagan. Nega?

Aslida to‘lov terminali borligini bildirish uchun avtoturargohga kirish qismidagi maxsus butka oynasiga uning mavjudligini bildiradigan belgi bo‘lishi kerak emasmi? Nazarimizda, toki u haydovchi nigohidan yashirincha saqlanar ekan, shubhasiz, unda terminal yo‘q, degan fikr yuzaga keladi. Bunday deyishimizning boisi, bir nechta haydovchidan bozor hududidagi avtoto‘xtash joylarida terminal mavjud yo mavjud emasligi xususida so‘radik. Ularning javobi esa: «Menimcha yo‘q, biron marta terminalga ko‘zim tushmadi», qabilida bo‘ldi. Holbuki, «Qo‘yliq» bozoridagi ikkita avtoturargoh (bu bozorda uchta avtoturargoh bor)da ham to‘lov terminali bo‘lsa-da, lekin uning borligidan aksariyat haydovchilar bexabar.

Avtoturargohga xizmat mashinasida kirib, chiqayotganda xodimlaridan terminal mavjudligini so‘raganimizda istehzoli kulish bilan «bor, bering plastik kartangizni», deb javob qaytardi. Nazarimizda, faqat naqdda pul qabul qilgani uchun plastik kartadan yechib olish ularga biroz malol keldi. Yana bir ajablanarli jihati, bitta bozordagi avtoturargohlarning narxlari bir-biridan keskin farqlanadi. Birida 7 ming, qolgan ikkitasida 3 ming so‘m qilib belgilangan. Nega?

Talonni yo‘qotganga jarima bor-u…

Eski Jo‘va bozoriga bordik. Oziq-ovqat mahsulotlari sotiladigan hududga qarashli avtoturargohga kirar chog‘da vaqt yozilgan chek berishdi. Unda «Yo‘qotilgan talon uchun jarima 20 000 so‘m, yo‘qolgan buyumlar uchun ma'muriyat javob bermaydi» degan jumla yozilgan.

Qiziq, nima uchun talonni yo‘qotib qo‘ygan haydovchi ma'muriyatga jarima to‘lashi kerak ekan-u, lekin ma'muriyat mashinada yo‘qolgan buyumlarga javob bermaydi? Shu adolatdanmi? Bozor ma'muriyati o‘z haqini birovga bermas ekan, boshqalarning cho‘ntagiga ko‘z olaytirishga ularning nima haqi bor? Umuman olganda, kamdan-kam haydovchi mashina salonida biron buyumni qoldirib ketadi. Agar u qimmatbaho bo‘lsa, hech kim qoldirib ketmasligi aniq. Shuni inobatga olsak, ma'muriyat aslida yo‘q shartni  qo‘ygan.

Xullas, mutasaddining javobidan so‘ng olib borilgan o‘rganishlardan quyidagi achchiq haqiqat kelib chiqadi: bozor hududidagi talabga javob bermaydigan avtoturargohlar go‘yo «Toshbozorsavdo» uyushmasiga qarashli emas. Va bu shunchaki, noo‘rin xulosa emas. Olib borilgan jurnalistik surishtiruvlar davomida ana shunday yakdil qarorga keldik.

Xulosa o‘rnida

Maqolada faqat poytaxt bozorlari hududidagi avtoturargohlar haqida fikr yuritdik. Ko‘rib turganingizdek, ular faoliyati yuzasidan savollar ko‘p. Bunday holatlar tartibga solinmasa, uyushmaning vazifasi nimalardan iborat, degan savol tug‘iladi. Yo mutasaddi tashkilot faqat moddiy jihatlarini nazorat qiladimi? U holda, avtoturargohlardagi adolatsizliklarga qaysi tashkilot javob berishi lozim?

Aytmoqchimizki, avtosaqlash shoxobchalariga mashinasini qo‘yib ketgan haydovchi ko‘ngli xotirjam bo‘lishi kerak. Ular faoliyatini shunday yo‘lga qo‘yishi lozimki, bundan eng avvalo, haydovchi manfaatdor bo‘lsin. Uning haq-huquqlari poymol etilmasin. O‘z navbatida, ikkinchi tarafning ham huquq va majburiyatlari qonun doirasida ko‘rib chiqilishi zarur. Shunda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli tushunmovchiliklar va ko‘ngilsiz holatlarning oldi olinadi.

G‘ulomjon MIRAHMeDOV, «Oila davrasida» muxbiri

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid