O‘zbekiston | 21:55 / 06.04.2017
9034
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev MDH Ijroiya qo‘mitasi raisini qabul qildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 aprel kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi — Ijrochi kotibi Sergey Lebedevni qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Shavkat Mirziyoyev mehmonni qutlar ekan, Hamdo‘stlik doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash masalasiga muhim ahamiyat qaratilayotganini alohida ta'kidladi.

Suhbat chog‘ida MDH doirasida erkin savdo zonasining to‘laqonli faoliyat yuritishini ta'minlash, shuningdek, transport-kommunikatsiya tarmoqlarini jadal rivojlantirish va butun mintaqaning tranzit salohiyatini yuksaltirishga yo‘naltirilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

«Uchrashuvda O‘zbekistonda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va huquqiy islohotlar amalga oshirilayotgani, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasida O‘zbekistonni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilangani, Prezidentning virtual qabulxonasi, joylarda tashkil etilgan Xalq qabulxonalari odamlarning talab va istaklarini ro‘yobga chiqarayotgani, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili doirasidagi ishlar yurtdoshlarimizning davlatga ishonchini mustahkamlayotgani ta'kidlandi», — deyiladi O‘zA axborotida.

Sergey Lebedev O‘zbekiston Prezidentiga samimiy qabul, Toshkent shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda O‘zbekiston faol ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisi samarali o‘tishiga muvaffaqiyat tiladi.

Mavzuga oid