Jamiyat | 13:37 / 08.04.2017
11239
4 daqiqa o‘qiladi

Yangiyo‘l tumanida bosqinchilik qilib 2 ta ov miltig‘ini qo‘lga kiritgan yosh yigitlar ushlandi

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida sodir etilgan bosqinchilik jinoyati huquqni muxofaza qiluvchi organlar, mutasaddi tashkilotlar, qo‘ni-qo‘shniyu, mahalla-ko‘yni birday tashvishga soldi. Ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining tezkor harakatlari natijasida bosqinchilik jinoyati sodir etganlik holati yuzasidan o‘tkazilgan tergov surishtiruv natijalari o‘z samarasini berib, gumondorlar qo‘lga olindi, deb xabar beradi Toshkent viloyati IIB.

Bu jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinganlar ham begonalar emas, gumondorlardan biri mahallada istiqomat qiluvchi Rustam Asataliyev va uning ko‘cha-ko‘ydagi bekorchi tengdosh-do‘stlari Suleyman Zeynalov, Abzal Saidov hamda G‘ofurjon Murzaxonovlar ekanligi ma'lum bo‘ldi.  

Bosqinchilar devor oshish yo‘li bilan Muhayyo Abdulxairovaning uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, uy egasiga hujum uyushtirib, oyoq va qo‘llarini skotch bilan bog‘lab, og‘zini paypoq bilan berkitib, uning hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatgan holda pul berishini talab qilishgan. Uyda mavjud bo‘lgan M.Abdulxairovaga tegishli bo‘lgan qimmatbaho taqinchoqlar, “Iphone-5” va “Iphone-5S” rusumli telefon apparatlari, massaj uskunasi hamda seyfda saqlangan Muhayyo Abdulxairovaning turmush o‘rtog‘i Ravshan Abdulajonovga tegishli ikki dona ov miltiqlarini qo‘lga kiritishib, jinoyat sodir etgan joyidan yashirinishgan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan, tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Bolasi ayb ish qilib qo‘ygan ota-onalar ko‘pincha, “Men bolamga bunaqa tarbiya bermagandim, bunday qilishiga nima sabab bo‘ldiykin?” deya o‘zlarini oqlashadi. Bilishmaydiki, o‘z vaqtida berilmagan tanbeh, o‘z vaqtida oldi olinmagan jarohat izi gazak olib keyinchalik salbiy oqibatlarga olib keladi.

So‘nggi pushaymon - o‘zingga dushman, deyishadi. Lekin bu aqidaning mohiyati har doim ham o‘z vaqtida anglab yetilmaydi. Ayniqsa, hayot bo‘sag‘asida turgan yoshlar ilm-hunar yo‘lini tanlash o‘rniga, o‘smirlik ongida xorijiy filmlarda targ‘ib qilinayotgan zo‘ravonlik va bosqinchilik kabi illatlar ta'sirida ayrim hollarda og‘ir jinoyatlarning sodir etilishiga ham yo‘l qo‘yishmoqda.

Jinoyatning ham, jinoyatchining ham katta-kichigi bo‘lmaydi. Lekin bu kabi jinoyatlarni sodir etishga bu o‘smirlarni nima majbur qildi. Nahotki, ularning ota-onasi va yaqinlari o‘z farzandlarining qaysi yo‘ldan yurib, kimlarga oshno tutinganligidan bexabar bo‘lishsa?

Jinoyat jazosiz qolmaydi, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxslar qonun oldida javob berishadi, ammo loqaydlik, e'tiborsizlik hali navnihol o‘spirinlarning peshonasiga bosilgan bir umrlik qora tamg‘a, vijdonning javobsiz so‘roqlari ular uchun eng og‘ir jazo emasmikan?

Mavzuga oid