Qora va rangli metallni noqonuniy ravishda olib chiqib ketmoqchi bo‘lganlar ushlandi
Namangan viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda Uychi tumanining qo‘shni davlatga tutash chegara oldi hududida harakatlanayotgan, ushbu tumanda istiqomat qiluvchi A.Azizov boshqaruvidagi VAZ-21011 rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda, avtomashinaning ichki saloni va yukxonasiga respublikamizdan yashirin tarzda olib chiqish maqsadida 10 ta qopda salkam 0.5 tonna latun rangli metall parchalari ortilgani aniqlandi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida Qarshi shahrida harakatlanayotgan “Ford” avtotransport vositalari to‘xtatilib tekshirilganda, ularning birida fuqarolar Sh.Rizoyev va F.Jabborovga tegishli qiymati 5 mln. so‘mdan ortiq 2 tonna 300 kg. og‘irlikdagi mis va latun rangli metall chiqindilari noqonuniy ravishda olib ketilayotganligi aniqlandi.
Ikkinchi “Ford”da ham xuddi shunday holat. Ushbu avtotrasport vositasiga ham keyinchalik mamlakatimizdan olib chiqib ketish maqsadi uchun ko‘zlangan 1 tonna 800 kg.dan ortiq mis va latun rangli metall parchalari ortilgan ekan. Qiymati 5 mln. so‘mdan ortiq mazkur tovar-moddiy boyliklar fuqaro J.Jo‘rayevga tegishli bo‘lib chiqdi.
Farg‘ona viloyatida ham rangli metall parchalarini yashirin yo‘llar bilan olib chiqish maqsadida bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilishga qaratilgan navbatdagi ustomonlik fosh qilindi.
“Farg‘ona” chegara-bojxona posti orqali qo‘shni davlatga chiqib ketayotgan, fuqaro N.Homidov o‘zi boshqaruvidagi “Kamaz” yuk avtomashinasi o‘rnatilgan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilishdan avval yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ham, bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ham yonida ortiqcha yuklari yo‘qligini ma'lum qiladi.
Ammo, bojxona ko‘rigi davomida ushbu avtotransport vositasi yukxonasida kigiz va yog‘och bilan to‘silgan yashirin bo‘lma tashkil qilinganligi va unga 1 tonna 400 kg. og‘irlikdagi 176 dona muqaddam foydalanilgan akkumulyatorlar ortilganligi aniqlandi.
Xuddi shu usulni qo‘llagan fuqaro B.Jo‘rayev salkam 1, 9 tonna og‘irlikdagi 172 dona, M.Tashtanov esa salkam 160 kg. og‘irlikdagi 24 dona akkumulyatorlarni yashirin ravishda olib chiqishga uringan paytda bojxonachilar tomonidan to‘xtatib qolindi.
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari ham keyinchalik qayta sotish va respublikamizdan olib chiqish maqsadida noqonuniy ravishda saqlanayotgan rangli metall chiqindilarining qo‘shtirnoq ichidagi omborini fosh qilishdi.
G‘ijduvon tumanida istiqomat qiluvchi J.Farmonovning xonadoni amaldagi tartiblarga muvofiq va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilishi natijasida, xonadonda 1 tonna 700 kg.dan ortiq rangli metall parchalari noqonuniy ravishda saqlab kelinayotganligi aniqlandi.
Shuningdek, viloyat bojxonachilari fuqaro R.Norov tomonidan “Isuzu” rusumli yuk avtomashinasida noqonuniy ravishda olib ketilayotgan 4 tonna 100 kg.ga yaqin rangli metall parchalarini o‘z vaqtida to‘xtatib qolishdi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.
Joriy yilning dastlabki choragi mobaynida respublika bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 42 ta qonunbuzarlik holatlarida qiymati 52,5 mln. so‘mlik 35 tonnadan ortiq qora va rangli metall parchalarining noqonuniy aylanmasi va olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.