O‘zbekiston | 22:39 / 10.04.2017
52547
5 daqiqa o‘qiladi

Mehnat muhojirlari Rossiyaga borishdan oldin ish va yotoqxona bilan ta'minlanadi

Mehnat muhojirlari endi Rossiyaga «maxsus buyurtma» bo‘yicha borishi mumkin.

O‘zbekistondan Rossiyaga yo‘l oladigan ishchilar qayerda ishlashlari, qancha maosh olishlari va qayerda yashashlari haqida ham oldindan ma'lumotga ega bo‘lishadi. O‘zbekistonda ular ta'lim darajasi, sog‘lomligi va shubhali ishlardan xoliligi bo‘yicha saralanadi. Bu haqda Moskva migratsiya markazining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar berilgan.

Ma'lum qilinishicha, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida fuqarolarni vaqtinchalik ishga tashkiliy yollash bo‘yicha maxsus bitim kuchga kirgan. Hujjatda Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari qay tartibda tanlab olinishi, shuningdek, markazlashgan mehnat migratsiyasini tashkillashtirish bo‘yicha ikki mamlakat vazirlik va idoralari vazifalari belgilab berilgan. Xabarda ta'kidlanishicha, bu mehnat muhojirlarini Rossiyada firibgarlar qo‘liga tushib qolishdan hamda qullikka sotilishdan himoyalaydi.

O‘zbekiston ko‘p yillardan buyon Rossiyaga ishchi kuchi yetkazib bermoqda. 2017 yilning 1 fevral holatiga ko‘ra, Rossiyaga 1,5 million nafarga yaqin o‘zbekistonlik borgan. Bu esa Yevropa Ittifoqidagi jami mamlakatlarga borganlar sonidan 3 barobar ko‘pdir. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 2016 yilda O‘zbekistonga Rossiyada ishlayotganlar tomonidan 1,88 milliard dollardan ortiq mablag‘ yuborilgan. Bu ko‘rsatkich MDH mamlakatlari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Rossiyadan O‘zbekistonga bitta o‘tkazmaning qiymati 431 dollarni tashkil qilgan.

Yangi xalqaro bitimga ko‘ra, Rossiyaga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun e'lon qilingan tanlovda faqat 18 yoshdan katta bo‘lgan fuqarolar ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, hozirda muhojirlar uchun amalda bo‘lgan barcha qonun-qoidalar o‘z kuchini saqlab qoladi. Ya'ni, Rossiyaga ishlashga kelayotgan muhojir tegishli tartibda patent rasmiylashtirishi lozim hisoblanadi.

Ishga yollash bo‘yicha tashkiliy masala O‘zbekiston Mehnat vazirligi qoshidagi agentlik tomonidan boshqariladi.  Ushbu vazirlik Rossiyadagi ish beruvchi va mehnat muhojiri o‘rtasida tuziladigan mehnat kelishuvlarini nazorat qiladi. Agentlik ishchining manzilga yetib olishini ham tashkillashtiradi.

O‘zbekiston IIV esa Rossiyaga ishga yuboriladigan har bir fuqaroni tekshiradi. Jumladan, vazirlik tomonidan fuqaro xalqaro yoki davlat miqyosida qidiruvda bo‘lgan-bo‘lmagani tekshiriladi.

Rossiya hududida mehnat muhojirlari Mehnat va ijtimoiy muhofaza vazirligi tomonidan nazorat qilinadi. Vazirlik rossiyalik ish beruvchilardan bo‘sh ish o‘rinlari, ish xarakteri, maosh miqdori, ishchilardan talab etiladigan malakalar bo‘yicha ma'lumotlarni to‘playdi. Shundan so‘ng, bu ma'lumotlarning barchasi O‘zbekistondagi hamkorlarga yuboriladi. O‘zbekiston tomoni o‘z navbatida ushbu vakansiyalarga mos ishchilarni qidirish bilan shug‘ullanadi.

Bitimga ko‘ra, Rossiya IIV zimmasiga ham vazifa yuklangan. Vazirlik O‘zbekistondan keluvchi muhojirlarni ro‘yxatga olish va ularga ruxsatnomalar berishni tashkillashtiradi. Shuningdek, vazirlik Rossiyadagi mehnat muhojirlarining ish mehnat va hayot faoliyatini nazorat qiladi.

Hujjatda, shuningdek, O‘zbekistondan mehnat muhojirlarini ishga taklif qilayotgan ish beruvchilarga ham alohida yondashilgan. Rossiyalik ish beruvchilar O‘zbekistondan mehnat muhojirlarini ishga taklif qilgudek bo‘lsa, tashrif buyuruvchilar uchun yotoqxonalar hozirlashi shartligi ko‘rsatilgan. Bunday yotoqxonalar Rossiyadagi sanitariya-gigiyena normalariga muvofiq bo‘ladi. muhojirlariga to‘lanadigan ish haqi miqdori esa eng kam ish haqi miqdoridan kam bo‘lmasligi lozim.

Shuningdek, ish beruvchi ishga taklif qilinayotgan muhojir uchun tibbiy sug‘urtani ham o‘z zimmasiga olishi lozim. Hujjatga ko‘ra, endilikda ishlab chiqarish jarayonida mehnat muhojiri sog‘lig‘iga shikast yetadigan yoki u vafot etadigan taqdirda ish beruvchi muhojir jasadi vataniga yetkazilishi uchun ketadigan xarajatlarni qoplab beradi.

 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid