Jahon | 09:41 / 11.04.2017
9897
2 daqiqa o‘qiladi

Malala Yusufzoy BMTning eng yosh tinchlik elchisi bo‘ldi

Foto: AP

Pokiston huquq himoyachisi va Nobel tinchlik mukofoti sovrindori Malala Yusufzoy rasman BMTning tinchlik elchisi etib tayinlandi. 13 yoshida jangarilar suiqasdini boshidan kechirgan Malala qizlarning ta'lim olish masalalari bilan shug‘ullanadi. U butunjahon tashkiloti tarixida eng yosh tinchlik elchisi bo‘ldi. Iyul oyida Malala 20 yoshni to‘ldiradi. 

Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrish ham ishtirok etdi. Bosh kotibning ishonch bildirishicha, pokistonlik huquq himoyachisi BMTning "adolat, tenglik va barqaror taraqqiyot hukm suruvchi kelajak dasturi"ni amalga oshirishda yordam beradi.

Yusufzoy 11 yoshida internetda o‘z blogini yurita boshlaganidan so‘ng mashhur bo‘lib ketgandi. U toliblarning Svat okrugida shariat ahkomlarini joriy qilishga urinayotganini tanqid qilgandi. 2012 yil 9 oktabrida u jangarilarning hujumiga uchradi. Niqobdagi qurollangan kishilar maktab avtobusini to‘xtatib, ulardan biri avtobus ichkarisiga kirgan va Malalani boshi va bo‘ynidan yaralagan edi. U 2013 yil yanvarida shifoxonadan chiqdi, keyinchalik huquqni himoya qilish faoliyatiga qaytdi. 

2014 yilda Malala Yusufzoy bolalar huquqlari uchun kurashuvchi hindistonlik Kaylash Satyartxi bilan birga Nobel tinchlik mukofotiga loyiq ko‘rildi. Shu bilan u Nobel mukofoti tarixidagi eng yosh sovrindor bo‘ldi. 

Mavzuga oid