Olimlar polietilen paketchalarni yeydigan qurtlarni aniqlashdi
Olimlar yirik mum kuyasining qurti polietilen paketlarni yeyishini aniqlashdi. Ularning tadqiqot natijalari Current Biology jurnalida chop etildi.
"Bu kashfiyot okean va maxsus dalalarda to‘planayotgan yirik miqdordagi chiqindilardan qutilish imkonini beradi", — degan Frans Press agentligiga tadqiqot mualliflaridan biri. Kembrij universiteti professori Paolo Bombellining so‘zlariga ko‘ra, polietilen tabiiy sharoitlarda juda sekin chirigani sabab atrof-muhit uchun juda jiddiy muammo hisoblanadi.
Ushbu qurtning bunday xususiyati kutilmaganda kashf qilindi. Tadqiqot mualliflaridan biri, asalarichilik bilan shug‘ullanib turuvchi biolog Federika Bertochchini kunlarning birida asalari uyalarida Galleria mellonella nomli zararkunanda kapalak – yirik mum kuyasining lichinkalari borligini aniqlagan. Bertochchini qurtlarni yig‘ib, polietilen paketchalarga joylagan. Biroq, birmuncha vaqt o‘tganidan so‘ng, paketcha teshilib, qurtlar uyga tarqalib ketgani ma'lum bo‘lgan.
Shundan so‘ng, Bertochchini Kembrij universitetidagi hamkasblari bilan birga bir necha yuzlab qurtlarni supermarketdan keltirilgan polietilen paketga joylashtirdi. Oradan 40 daqiqa o‘tar-o‘tmas, olimlar unda ilk teshiklarga guvoh bo‘lishdi. 12 soatdan so‘ng esa, qurtlar 92 milligramm polietilenni yeb qo‘ydi. Bu esa, bakteriyalar yoki zamburug‘lar shu vaqt mobaynida yo‘q qilishi mumkin bo‘lgan miqdordan ko‘pdir, deyiladi maqolada.
Kelgusi tajribalar qurtlar polietilenni to‘liq hazm qila olishini isbotlagan. Yana bir e'tiborli jihati shundaki, polietilen paketchalar ustiga yanchilgan qurt qo‘yilganda ham erib ketgan. Olimlarning fikricha, bu qurt bezlari yoki ularning hazm qilish tizimidagi simbiont-bakteriyalar ishlab chiqaradigan fermentlar ta'siri natijasi bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, tadqiqotchilar kelgusida polietilen paketlarni yo‘q qiladigan samarali vosita ishlab chiqilishi mumkinligini aytmoqdalar.
Mavzuga oid
15:25 / 21.11.2024
Hatto sport yordam bermasligi mumkin: uzoq vaqt o‘tirish yurak kasalliklari xavfini oshirishi aniqlandi
17:01 / 18.11.2024
Qahva spirtli ichimliklarga bo‘lgan ishtiyoqni o‘ldiradi - tadqiqot
18:28 / 12.11.2024
Havo ifloslanishi uzoq davom etsa, bolalar va kattalarda astmaga chalinish xavfi ortadi - tadqiqot
12:53 / 10.11.2024