Jahon | 11:23 / 26.04.2017
4438
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston parlamenti konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish qonuni bo‘yicha ish boshladi

Foto: TASS

Qozog‘iston parlamentining quyi palatasi (Majilis) «Qozog‘iston Respublikasining ba'zi konstitutsion qonunlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqishga kirishdi. Bu haqda deputat Nurlan Abdirov palatalarning majlisi vaqtida ma'lum qilgan.

U biroz oldinroq mamlakat prezidenti Nursulton Nazarboyev «Qozog‘iston Respublikasi konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzolaganini eslatib o‘tdi. Ushbu qonunni hayotga tatbiq etish uchun «bir qator qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish zarurligi ta'kidlangan".

«Tegishli o‘zgartirishlar «Qozog‘iston Respublikasidagi saylovlar to‘g‘risida», «Qozog‘iston Respublikasi parlamenti va uning deputatlari maqomi to‘g‘risida», «Respublika referendumi to‘g‘risida», «Qozog‘iston Respublikasi hukumati to‘g‘risida», «Qozog‘iston Respublikasi prezidenti to‘g‘risida», «Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsion kengashi to‘g‘risida», «Qozog‘iston Respublikasi birinchi prezidenti - millat yetakchisi to‘g‘risida», «Qozog‘iston Respublikasi sud tizimi va sudya maqomi to‘g‘risida» qonunlariga kiritilishi nazarda tutilgan», - deya ma'lumot bergan Abdirov.

Shu yilning 10 martida Nursulton Nazarboyev «Qozog‘iston Respublikasi konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzolagandi. Hujjat bilan mamlakat asosiy qonunining davlat tarmoqlari o‘rtasida vakolatlarni taqsimlashga qaratilgan 23 ta moddasiga o‘zgartirishlar kiritilgan. Tuzatishlar parlament rolini kuchaytirish, hukumat mustaqilligi va mas'uliyatini oshirishga qaratilgan.

Hujjatda Qozog‘iston mustaqilligi, unitar davlat ekanligi, hududiy daxlsizligi va boshqaruv shakli o‘zgarmasligi kafolatlanishini konstitutsiya darajasida mustahkamlash taklif etilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid