Jahon | 21:57 / 03.05.2017
14385
6 daqiqa o‘qiladi

Putin va Erdo‘g‘an Sochida nimalarni muhokama qilishdi?

Foto:RIA Novosti

Sochida Rossiya va Turkiya prezidentlari Vladimir Putin hamda Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi va u uch soatdan ortiq vaqt davom etdi.

Shundan so‘ng ikki mamlakat yetakchilari matbuot anjumanida jurnalistlar oldida bayonot berishdi. RIA "Novosti"ga ko‘ra, muzokaralarning asosiy mavzulari - ikki tomonlama munosabatlar, terrorizm bilan kurash va Yaqin Sharqdagi vaziyat.

Ikki tomonlama munosabatlar

Muhokamaning asosiy mavzularidan biri ikki tomonlama munosabatlar bo‘ldi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Turkiya ko‘p tarmoqli hamkorlikni mustahkamlash tarafdori.

"Turkiya Rossiyaning muhim va istiqbolli hamkori hisoblanadi. Hammaga ma'lumki, biroz vaqt avval bizning ikki tomonlama munosabatlarimiz sinovdan o‘tdi. Hozir ishonch bilan aytish mumkinki, Rossiya-Turkiya munosabatlaridagi tiklanish davri nihoyasiga yetdi. Biz o‘zaro hamkorlikning normal holatiga qaytdik", - dedi Putin.

U may oyining oxirida ikki tomonlama munosabatlar asosidagi rus-turk kelishuviga 25 yil to‘lishini yodga soldi.

Rossiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat hukumat a'zolari hamda yetakchi energetika kompaniyalari rahbarlarining muzokaralari davomida tomonlar Rossiya va Turkiyaning 2017-2020 yillar uchun Hamkorlik dasturining bajarilish jarayonlarini batafsil o‘rganib chiqishgan.

Putinning aytishicha, iqtisodiy sohadagi hamkorlik, savdo va investitsiya almashinuvini kengaytirishga halaqit beruvchi cheklovlar va to‘siqlarning olib tashlanishiga alohida e'tibor qaratilgan. Shuningdek uchrashuv ishtirokchilari o‘zaro hisob-kitoblarni milliy valyutaga o‘tkazish imkoniyatlariga ham to‘xtalib o‘tishdi.

Shuningdek Moskva Turkiyadagi "Akkuyu" AES qurilishiga 22 milliard dollar sarmoya qilayotgani ta'kidlandi.

Foto:RIA Novosti 

Rahbarlar bayonotiga ko‘ra, o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarining pasayishini to‘xtatishga muvaffaq bo‘lingan. Putin 2017 yilning birinchi oylari "o‘zaro tovar ayirboshlash taxminan 3 foizga o‘sgani"ni qayd etdi.

Bundan tashqari, RF prezidenti ikki davlat o‘rtasidagi savdo cheklovlari bekor qilinganini ta'kidladi.

Erdo‘g‘an, o‘z o‘rnida, Putinni may oyida Turkiyada bo‘lib o‘tadigan Qora dengiz iqtisodiy hamkorligi tashkilotining sammitiga taklif qilganini ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki tomon ham mamlakatlararo munosabatlarni mustahkamlash yo‘lida kuchli irodani namoyon qilmoqda.

Foto:RIA Novosti 

"Umid qilamanki, mamlakatlarimiz tomonidan olib borilgan o‘zaro maslahatlashuvlar va qabul qilingan qarorlar davlatlarimiz, mintaqa va butun insoniyatga foyda keltiradi", - dedi turk rahbari.

Xavfsizlik va terrorizm bilan kurash

Shuningdek Vladimir Putin Turkiyadagi sayyohlar xavfsizligi masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi va "may bayramlarida xorijga dam olishga yo‘l olgan rossiyalik sayyohlarning uchdan biri aynan Turkiyani tanlagani"ni eslatib o‘tdi.

"Shu bois Rossiya fuqarolarini ishonchli xavfsizlik bilan ta'minlash prinsipial muhim ahamiyatga ega. Rossiyaning tegishli idoralari bu masalada turk maxsus xizmatlariga har tomonlama yordam berishga tayyor. Maxsus xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda", - deya ta'kidladi prezident.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, "global va mintaqaviy kun tartibida xalqaro terrorizm bilan kurashga katta e'tibor qaratildi". Xususan, Moskva va Anqara aksilterror harakatlar bo‘yicha idoralararo maslahatlashuvlarni davom ettirishadi.

Erdo‘g‘an, o‘z navbatida, uning Putin bilan o‘tkazgan muzokaralari natijalari bir necha kundan keyinoq o‘z samarasini berishiga ishontirdi. U Turkiya terrorizmga qarshi kurashda Rossiya bilan birga ekanini aytdi.

"Terror chegara bilmaydi. Moskva, Istanbul, Bryussel, Kobul yoki Parijdagi teraktlar o‘rtasida hech qanday farq yo‘q... Terrorchi tashkilotlar, nomi va mafkurasidan qat'i nazar, insoniyatning umumiy dushmani hisoblanadi", - dedi turk rahbari.

Foto:RIA Novosti 

Suriyadagi vaziyat

Tomonlar muzokaralar davomida Suriyadagi vaziyatga ham muhim e'tibor qaratishdi. Shunisi qiziqki, Erdo‘g‘an muzokaralar natijasi borasida bayonot berayotib, rus xalq maqolini keltirdi.

"Menga juda xush keluvchi bir rus maqoli bor: "Kimning qayeri og‘risa, shu haqida gapiradi", - dedi u Suriyadagi qurolli to‘qnashuvlar Rossiya uchun ham, Turkiya uchun ham "og‘riqli nuqta" ekanini qo‘shimcha qilar ekan.

Ikki rahbar ham Xan-Shayxundagi kimyoviy qurol bilan bog‘liq voqealar aybdorlari jazolanishi kerak, degan fikr bildirishdi.

Shuningdek yetakchilar Suriyada deeskalatsiya zonasini yaratish masalalarini muhokama qilishdi, ular o‘q uzishni to‘xtatish rejimini mustahkamlaydi.

"Biz janob prezident (Erdo‘g‘an) bilan Suriya muammosi faqatgina siyosiy-diplomatik vositalar bilan ta'minlanishi mumkinligi borasidagi nuqtai nazarga tayanamiz. Eslatib o‘taman, asosan Rossiya, Turkiya va Eronning faol harakati tufayli nafaqat Suriya hukumat harbiylari va qurolli muxolifat o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvlarni to‘xtatishga, balki ularni Ostonada muzokaralar stoli atrofiga yig‘ishga erishildi", - dedi Putin.

U "qon to‘kilmayotganining o‘zi - ziddiyatga borayotgan tomonlar o‘rtasida siyosiy muloqot boshlashning asosiy sharti" ekanini ta'kidladi.

Mavzuga oid