2017 yil boshidan beri 1213 nafar urush va mehnat fronti faxriysi sog‘lomlashtirildi
O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti faxriylarini sog‘lomlashtirish va ijtimoiy himoya qilish masalasi hamisha davlat diqqat markazida. Xususan, Vazirlar Mahkamasining tasdiqlagan rejasiga muvofiq, 2017 yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da 5890 nafar 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriysi bepul sog‘lomlashtirilishi belgilangan edi. O‘tgan davr mobaynida ushbu vazifa qay darajada amalga oshirilayotganini bilish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi bosh shifokori Asqar Mo‘minovga murojaat qilindi. Bu haqda Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati ma'lum qilmoqda.
— Yurtimizda urush va mehnat fronti faxriylari o‘zlari uchun maqbul muddatlarda har yili sanatoriy sog‘lomlashtirish kursini bepul o‘tish huquqiga ega. Bunday muassasalar mamlakatimizning deyarli barcha hududlarida mavjud bo‘lib, bu faxriylarimizga transport qatnovida qulayliklar yaratadi.
E'tiborli jihati, urush va mehnat fronti faxriylarini sog‘lomlashtirish bilan bog‘liq barcha xarajatlar uchun mablag‘lar Davlat byudjyeti parametrlarida ko‘zda tutilgan. Shu bois faxriylarimiz yo‘llanmani sotib olish uchun mablag‘ sarflamaydilar. Ya'ni har bir faxriy Davlat byudjyeti mablag‘lari hisobidan barcha xarajatlari qoplangan bepul sanatoriy yo‘llanmasi bilan ta'minlanadi.
Vazirlar Mahkamasining tasdiqlagan rejasiga muvofiq, 2017 yilda 5890 nafar 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylari bepul sog‘lomlashtirilishi belgilangan edi. Joriy yilning birinchi to‘rt oyida 1213 nafar otaxon-u onaxonlarimiz sanatoriylarda sog‘lomlashtirildi”, dedi Asqar Mo‘minov.