O‘zbekiston | 22:36 / 06.05.2017
70512
2 daqiqa o‘qiladi

Video: Shavkat Mirziyoyev kutilmaganda oilaviy poliklinikaga tashrif buyurdi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumaniga tashrifi chog‘ida kutilmaganda 32 oilaviy poliklinikaga kirdi.

Davlatimiz rahbari poliklinikaning ish tartibi bilan qiziqdi. Muassasaning samaradorligini oshirish, uylarga chiqib, aholiga patronaj xizmati ko‘rsatishni yanada kuchaytirish zarurligini ta'kidladi. Mavjud muammolarni qisqa muddatda bartaraf etish, poliklinikani ta'mirlash va aholi uchun qulayliklarni oshirish, mobil tibbiy yordam qamrovini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

2017 yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e'lon qilinganida ham katta ma'no mujassam. Zero, inson manfaatlari deganda, avvalo insonning salomatligi, zamonaviy tibbiy xizmatdan to‘laqonli foydalanishi ham nazarda tutiladi. Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi uchrashuvlarida xalqning ichiga kirib, ularning dardi, muammolari, takliflarini eshitish lozimligini alohida qayd etgandi.

Prezidentimiz sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari bilan bir necha marotaba uchrashib, birlamchi tibbiyot muassasalari, oilaviy poliklinikalar, patronaj xizmati, tez tibbiy yordam tizimining faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha o‘zining tavsiyalarini berdi. Soha rivoji yo‘lida bir nechta farmon va qarorlar qabul qilindi, ularning ijrosi izchillik bilan ta'minlanmoqda.

Yashnobod tumanidagi 32 oilaviy poliklinika Asalobod, Ma'rifat, Shirinobod, Jo‘rabek, Yassaviy, Boysun mahallalaridagi 27 ming 285 aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Bolalar va tug‘ish yoshidagi ayollar, keksalar chuqurlashtirilgan ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan poytaxtimizdagi har bir poliklinikaga tez tibbiy yordam mashinalari ajratildi. 32 oilaviy poliklinikada ham tez tibbiy yordam punkti faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Prezidentimiz poliklinika joylashgan mahalladagi odamlar bilan muloqot qildi.

Mavzuga oid