Jamiyat | 19:23 / 08.05.2017
17877
2 daqiqa o‘qiladi

Fotoreportaj: kulgi darg‘asi Soyib Xo‘jayev yurtida “Xonobod tarovati” yoshlar festivali o‘tkazildi

Ko‘p yillardan beri  may oyining avvalida Andijonning so‘lim go‘shasi bo‘lgan Xonobod shahri o‘z bag‘riga mehmonlarni chorlaydi. 6 may kuni ko‘m-ko‘k daraxtlarga burkangan maskanda “Xonobod tarovati” yoshlar festivali o‘tkazildi.

Vodiy askiyachilari hamda poytaxtdan tashrif buyurgan san'at ustalari tomonidan xalq oldidagi chiqishlar uzoq vaqt yodda qolishi aniq.

Shuningdek, festival doirasida 15 may Xalqaro oila kuniga bag‘ishlanib o‘tkazilgan “Oilam baxtim mening” ko‘rik-tanlovining “Namunali oila”, “Mehribon qaynona”, “Hunarmand oila”, “Yosh oila” va “San'atkor oila” nominatsiyalari bo‘yicha viloyat bosqichi hamda “Otam, onam va men- sportchilar oilasimiz!” musobaqalari o‘tkazildi.

Festivalga tashrif buyurgan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov tadbirni aynan “Xotira va qadrlash kuni” oldidan o‘tkazilishi o‘zgacha ma'noga ega ekanligi haqida gapirib, kulgi darg‘asi marhum Soyib Xo‘jayevni xotirladi. Rioda o‘tgan olimpiya o‘yinlari rekordchisi Ruslan Nuriddinov singari ko‘plab iqtidorlarni voyaga yetkazgan so‘lim shaharga tashrif buyurganlarni qutladi.

Ommaviy sayil tarzida o‘tgan tadbir yakunida “Askiyachilar tanlovi”da g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Qo‘rg‘ontepa, Asaka va Bo‘z tumani ishtirokchilari taqdirlandilar. “Oilam baxtim mening” tanlovi qatnashchilari orasida muvaffaqiyat qozongan oila vakillariga viloyat hokimi o‘rinbosarlari Serobiddin Ismoilov hamda Manzuraxon Yunusovalar ishtirokida taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid