Shavkat Mirziyoyev Xitoyga besh kunlik tashrif bilan boradi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy safariga otlanmoqda. Davlat rahbari 11–15 may kunlari XXRda davlat tashrifi bilan bo‘ladi. Shundan so‘ng prezident 14-15 may kunlari Pekin shahrida «Bir qutb, bir yo‘l» xalqaro forumida ishtirok etadi.
Prezidentning ushbu muhim tashrifi haqida dastlab 21 aprel kuni Qozog‘iston poytaxtida bo‘lib o‘tgan ShHT TIVK navbatdagi yig‘ilishi doirasida TIV rahbari Abdulaziz Komilov Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vang I bilan uchrashuvi mobaynida e'lon qilingan edi.
21 aprel kuni poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan «Harakatlar sarhisobi: 2017 yil 1 chorak yakunlari» anjumanida ham prezidentimizning Xitoyga davlat tashrifi haqida ham to‘xtalib o‘tilgan edi.
Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Javlon Vahobovning aytishicha, bu davlat tashrifining kun tartibidagi asosiy masala – savdo, investitsiya sohasidagi ikkitomonlama munosabatlarning hozirgi kundagi ahvoli, xavfsizlik sohasidagi masalalar, shuningdek, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik bo‘ladi.
Ushbu tashrifdan ko‘zlangan maqsad – Xitoy bilan strategik sheriklikni yanada kuchaytirish va ushbu davlat bilan katta hajmdagi hujjatlar to‘plamini imzolash. Ular orasida ikki davlat xo‘jalik sub'yektlari va korxonalari o‘rtasida tijoriy shartnomalar bor.
Tadbir dasturidan XXR raisi Si Jinping, Xitoy Davlat kengashi a'zolari, shuningdek, Xitoyning yirik moliyaviy-iqtisodiy tashkilotlari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazish ham o‘rin olgan.
Prezidentning Xitoyga davlat tashrifi borasida Toshkentdagi Xalqaro biznes-markazida o‘tgan O‘zbek-Xitoy biznes forumi davomida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Ro‘ziqulov ham chiqish qilgan edi. Unga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyevning XXRga rejalashtirilayotgan tashrifi investitsion hamkorlik bo‘yicha yangi loyihalar bilan to‘ldirilishi mumkin.
Bosh vazir o‘rinbosarining aytishicha, XXR O‘zbekistonning eng yirik savdo sheriklaridan biri hamda mamlakatga sarmoya kirituvchi eng yirik investorlardandir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ikki davlat hamkorligi natijasida o‘nlab strategik ahamiyatga ega loyihalar amalga oshirildi. Ular orasida Markaziy Osiyo–XXR gaz quvurining to‘rt tarmog‘ini qurish, Angren-Pop temir yo‘l linitsiyasida 19 kilometrlik tunnelni qurish, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi, Qo‘ng‘irot soda zavodi bor.
Bundan tashqari, Sh.Mirziyoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoyda «Bir makon, bir yo‘l» forumida ham ishtirok etishni maqsad qilgan.
XXR TIV rahbari Vang Iga ko‘ra, 28 nafar prezident va bosh vazir Pekindagi «Bir qutb, bir yo‘l» strategiyasi doirasidagi xalqaro hamkorlik bo‘yicha oliy darajadagi forumda ishtirok etishini tasdiqlagan edi.
Forumda ishtirok etishni O‘zbekiston, Argentina, Belarus, Chili, Chexiya, Indoneziya, Qozog‘iston, Keniya, Laos, Filippin, Rossiya, Shveytsariya, Turkiya, Vetnam prezidentlari, Kamboja, Efiopiya, Fiji, Yunoniston, Vengriya, Italiya, Malayziya, Mo‘g‘uliston bosh vazirlari, Myanma davlat kotibi, shuningdek, Pokiston, Polsha, Serbiya, Ispaniya, Shri-Lanka bosh vazirlari tasdiqlashgan.
XXR raisi Si Jinping forumning ochilish sessiyasida nutq so‘zlaydi hamda forumda ishtirok etish uchun kelgan mamlakat rahbarlari bilan muloqot qiladi.
Vang Ining so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilish 15 may kuni bo‘lib o‘tadi. Unda mamlakat rahbarlari va bosh vazirlaridan tashqari, BMT bosh kotibi, Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori, shuningdek, Jahon banki prezidenti qatnashadi. Forum yakuni bo‘yicha «Bir qutb, bir yo‘l» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik haqida kelishuv imzolanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, forumda hammasi bo‘lib 1,2 mingdan ortiq kishi ishtirok etadi.
Xitoy 2013 yilda «Bir qutb, bir yo‘l» iqtisodiy rivojlanishning yangi strategiyasi haqida ma'lum qildi. U Yevroosiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish va infratuzilma yaratishga yo‘naltirilgan. Strategiya ikki muhim rivojlanish yo‘nalishiga ega: Buyuk ipak yo‘lining iqtisodiy kamari va dengizdagi Buyuk ipak yo‘li. Gap Sharqdan G‘arbga imtiyozli shartlarda mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish bo‘yicha savdo yo‘lagini tashkil etish haqida bormoqda.
Tavsiya etamiz
Hindiston va Pokiston: kimning armiyasi kuchliroq?
Jahon | 19:21 / 09.05.2025
Mafkuralar kurashi: 9 may aslida qanday kun?
O‘zbekiston | 14:22 / 09.05.2025
Qatiq, murabbo va yadro quroli. Putin yangi filmda nimalar dedi?
Jahon | 21:59 / 06.05.2025
Avtomobil importiga ekosertifikat – utilizatsiyaga qo‘shimcha “bonus”mi?
O‘zbekiston | 20:34 / 06.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Kashmirda sulh e’lon qilinganidan keyin portlashlar sodir bo‘ldi
Jahon | 23:37 / 10.05.2025
-
AQShda ona va o‘g‘il bir vaqtda universitetni tamomladi
Jahon | 23:18 / 10.05.2025
-
Ukraina muzokaraga tayyorligini aytdi, Rossiya o‘ylab ko‘rishini ma’lum qildi
Jahon | 22:28 / 10.05.2025
-
Bekobod shahrida Damas piyodani bosib ketdi
Jamiyat | 22:20 / 10.05.2025
Mavzuga oid

16:04 / 10.05.2025
Xitoy Andijonda avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarishi mumkin

07:41 / 10.05.2025
Moskvada Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

20:39 / 09.05.2025
Tramp Xitoy tovarlariga bojlarni kamaytirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda

18:33 / 09.05.2025