20:14 / 10.05.2017
8115

O‘zbekistonlik mutaxassislar Yevropa davlat xizmati tajribasini o‘rganishmoqda

Latviya Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va BMTTD “Mahalliy boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlash: 2-bosqich” qo‘shma loyihasi ko‘magida O‘zbekiston mutaxassislari uchun davlat boshqaruvi va davlat xizmatini isloh qilish tajribasini o‘rganish va o‘zaro almashish, ayniqsa aloqador qonun loyihalarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish maqsadida 2017 yil 7-12 may kunlari Latviyaga o‘quv safari tashkil etildi. 

Delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot, Moliya, Adliya, Mehnat va Tashqi ishlar vazirliklari, Kasaba uyushmalari federatsiyasi va O‘zbekistondagi BMTTD vakillaridan iborat.

Joriy yilning 9 may kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Latviya davlat kantselyariyasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlar davomida davlat boshqaruvi islohoti bo‘yicha strategik hujjatlar, "Davlat xizmati to‘g‘risida"gi Qonun, davlat boshqaruvida inson resurslari boshqaruv tizimi, professional davlat xizmatchilari va siyosiy tayinlagan xodimlar o‘rtasidagi farqlar, davlat xizmati faoliyatini tasniflash va baholash tizimi, davlat xizmatchilarini yollash va rag‘batlantirish masalalari, davlat xizmati sohasida yuqori darajadagi menejyerlar dasturi va bu lavozimlar uchun markazlashtirilgan tanlovlar, shuningdek, davlat xizmatchilariga haq to‘lash masalalari muhokama qilindi.

Latviya davlat kantselyariyasi direktori janob Yanis Chitskovskis mehmonlarni qutlar ekan, o‘zaro tajriba almashish davlat xizmati tizimini takomillashtirishning optimal yechimlarini topishga yordam beradi, deb umid bildirdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Iqtisodiy qonunchilik boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Halpayev davlat xizmatini isloh qilish va boshqarish sohasida Latviya tajribasi qiziqarli ekanligini, O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakat uchun foydali bo‘lgan amaliy normalar va institutsional mexanizmlarni o‘rganib olish istagi borligini ta'kidladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi Latviya davlat boshqaruvi maktabi va Riga shahar Kengashida uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlar davomida Latviya davlat boshqaruvi, uning tuzilishi va faoliyati, davlat xizmatchilari tayyorlash tizimi, shuningdek, inson resurslari masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Latviyaga tashrifi davom etmoqda.

Top