Jamiyat | 18:16 / 12.05.2017
20028
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 31 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi

Foto: "Kun"

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan 2017-2026 yillarda kombinatni rivojlantirish dasturlari yaqin 10 yilda tarixiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishni belgilab beradi. 2017-2026 yillarda 3 milliard 63 million dollarlik 27 loyihaning amalga oshirilishi kombinatda mahsulot ishlab chiqarish hajmini 30 foizga oshirib, 31 mingga yaqin yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga xizmat qiladi. 

Dasturga kirgan jami 27 loyihadan 14 tasining loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan, shartnomalar imzolangan, kerakli jihozlar yetkazib berilmoqda hamda qurilish ishlari jadal olib borilmoqda. Qolgan 13  loyiha bo‘yicha tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Xususan, 3 loyiha bo‘yicha geologik-qidiruv ishlari, 4 loyihada tajriba-tadqiqot ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Shu bilan birga 6 loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda. 

E'tiborga loyiq jihati, Prezident tomonidan belgilab berilgan loyihalarning amalga oshirilishi natijasida mamlakatimizning Uchquduq, Tomdi, Konimex, Nurota, Qo‘shrabot kabi tumanlarida yangi konlar o‘zlashtirilib, ikki gidrometallurgiya zavodi quriladi, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma barpo etiladi. Mavjud ishlab chiqarish quvvatlari modernizatsiya qilinib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi va natijada yuqorida nomlari qayd etilgan tumanlarda mahalliy byudjyetlar daromad qismi oshadi. 

"Kun.uz" muxbirining sohadagi muammolar haqidagi savoliga Navoiy kon-metallurgiya kombinati direktorining iqtisodiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Nurmat Jo‘libekovning javob berishicha, ma'lum bir vaqt davomida elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan. "Kombinat 24 soat davomida to‘xtovsiz ishlaydi, faqat avariyalar vaqtidagina uzilishlar bo‘ladi. Bu esa nafaqat zavodga, balki sohaga zarar keltiradi. So‘nggi 3 yilda bunday holat deyarli kuzatilmayapti. Bu borada Maxsus komissiya tuzilgan bo‘lib, u mavjud muammolarni hal qilishda yordam berib kelmoqda". 

Shu paytgacha bo‘lgan, lekin yaqindagina hal qilingan muammolardan biri - oliy ta'lim muassasalarida mazkur soha bo‘yicha sirtqi bo‘limni tashkil qilish. Ma'lum bo‘lishicha, bu borada o‘n yildan beri murojaat qilinib kelingan, hozirda ushbu muammo o‘z yechimini topdi. 

Sh.Mirziyoyevning «2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Navoiy davlat konchilik instituti va Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida sirtdan o‘qish imkoniyati paydo bo‘lishi haqida bundan avval xabar berilgan edi. 

Bir nechta ta'lim muassasalarida sirtqi bo‘lim ochiladi

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid