Jahon | 08:35 / 18.05.2017
13479
6 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya amerikaliklarning aksilraketa mudofaa tizimidan voz kechishi mumkin

Foto: AFP 2017 / Yonhap

Janubiy Koreyadagi hukmron demokratik partiya mamlakatda AQSh mutaxassislari tomonidan o‘rnatilgan THAAD raketalarni ushlash tizimini bekor qilish imkoniyatini axtarmoqda, deb yozadi RIA Novosti tahlilchisi Kirill Gashkov.

Harbiy kompleksga demokratlar fraksiyasining parlamentdagi rahbari Vu Von Sik qarshi chiqdi. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, bir necha hafta muqaddam THAAD o‘rnatilishida «ichki yuridik jarayonlar»ga rioya qilinmagan. THAAD ham shoshma-shosharlik bilan o‘rnatilgan: o‘shanda prezidentlik poygasi yetakchisi, hozirda prezident bo‘lib turgan Mun Jye-In aksilraketa tizimlari o‘rnatilishini ma'qullamasligini e'lon qilgandi.

© AP Photo / U.S. Force Korea

Janubiy Koreyada Amerika aksilraketa mudofaa tizimiga qarshi chiqish uchun kamida ikki sabab bor. Birinchisi — respublikaning muhim savdo-iqtisodiy hamkori bo‘lmish Xitoyning e'tirozi. O‘nlab yillar mobaynida Pekin va Vashington o‘rtasida ikki taraflama muvozanat o‘rnatuvchi tashqi siyosat strategiyasini qo‘llab kelgan. Iqtisodiy jihatdan Janubiy Koreya Xitoy tomon talpinsa, siyosiy jihatdan Amerikani qo‘llab-quvvatlaydi.

THAAD’ning o‘rnatilishi bunday ustalik bilan olib borilayotgan strategiyani xavf ostiga qo‘ydi. Pekin o‘z chegaralari yaqinida aksilraketa mudofaa unsurlari paydo bo‘lganidan e'tiroz qila boshladi. Xitoyliklar koreyslarning iqtisodiy manfaatlariga zarba berishga tayyor ekanliklarini yashirmayapti. Pekin tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan fuqarolik birlashmalari Janubiy Koreya mahsulotlarini boykot qilishni boshlab yuborishdi. Hattoki, Xitoyda juda mashhur koreys pop-musiqasi ham taqiqqa uchradi.

Pekin THAAD’ning o‘rnatilishi Xitoyning mustaqil hududida josuslik ishlari olib borilishi uchun zamin yaratishiga Seulni ishontira oldi. XXR masalani ko‘ndalang qo‘ya olishi mumkin, chunki koreyslardan farqli o‘laroq, savdo aloqalariga o‘ta bog‘lanib qolmagan.

Aksilraketa tizimi o‘zi kimdan himoya qiladi? 

THAAD’ga qarshi chiqishning ikkinchi sababi — ushbu tizimning yetarli darajada samarali emasligidir. Janubiy Koreya poytaxti Seulning davlat chegarasiga o‘ta yaqinligidan, aksilraketa tizimi ushbu megapolis aholisini himoya qilolmay qolishi mumkin. Faqat amerikaliklarning harbiy bazalari va mamlakatning eng janubida joylashgan megapolis — Pusan shahri aksilraketa tizimi soyaboni ostida bo‘lishi mumkin. Bularning bari esa bosh masala — KXDR hujum boshlab qolsa xavfsizlikni ta'minlash uchun aniq yetarli emas. 

Mohiyatan, ushbu tizim avvalo amerikaliklarning o‘zlariga kerak. AQSh harbiy tahlilchilari Shimoliy Koreya qo‘shinlari yarim orolning janubiga hujum qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishmoqda. Agar urush boshlansa, Amerika harbiy bazalari joylashgan hududdan yarim orolni qayta qo‘lga kiritish operatsiyasi boshlanishi mumkin — THAAD aynan mana shu strategik hududni ko‘proq himoya qiladi. 

Seul aholisini bunday yondashuv qoniqtirmaydi, albatta. Janubiy koreyaliklarning fikricha, shimolliklar hujum qilganda ham buni amerikaliklarning ogohlantiruvchi zarbasidan so‘ng amalga oshirishadi. Ya'ni amerikaliklar janubliklardan farqli o‘laroq, THAAD himoyasi ostida bo‘lishadi. Amerikaning yirik National Interest jurnali bejizga Seulning pozitsiyasini ham hisobga olish, Amerika aksilraketa tizimlari yetarli darajada samarali emasligiga iqror bo‘lishga chaqirmayapti. 

© REUTERS / News1/ Lee Jong-heon

Trampning uydirmasi

O‘z boshidan murakkab davrlarni kechirayotgan Janubiy Koreya–AQSh munosabatlari AQSh prezidenti Donald Trampning oldindan aytib bo‘lmaydigan siyosati tufayli jabr ko‘rmoqda. Amerika yetakchisi koreyslarni taajjubga tushirib, Seulni «ko‘rsatilayotgan xizmat» uchun to‘lab qo‘yishga majburladi va THAAD’ni o‘rnatish haqidagi bitimga o‘zgarish kiritishga urinib ko‘rdi. Vashington tomonidan e'lon qilingan hisob ham chakana emas — bir milliard dollar! Janubiy Koreyada, albatta, qattiq e'tiroz vujudga keldi va uning oqibatlari ham oldindan aytib bo‘lmas darajada edi: amerikaliklar ham o‘z qarorlaridan shubhalanib, masala yuzasidan fikrlariga ko‘ra bo‘linib qolishdi.

Davlat rahbarining yordamchisi Herbert Makmaster o‘z boshlig‘ining gaplarini rad etib, Qo‘shma Shtatlar koreyslardan pul talab qilmasligini bayon etdi. Agar Bloomberg’ga sizib chiqqan ma'lumotga ishonadigan bo‘lsak, Trampning bundan juda g‘azabi qaynagan. Davlat rahbari rostdan ham o‘z aksilraketa tizimi uchun koreyslarni «to‘lash»ga majburlab, tashqi siyosatdagi xarajatlarda jiddiy iqtisod qilishni mo‘ljallagan ekan. 

Trampning koreyscha taktikasi bu siyosatchi uchun xarakterli bo‘lgan uydirma siyosatga to‘liq mos keladi. Biroq, Amerika davlat arbobining o‘z qo‘lidan kelmaydigan narsa bilan qo‘rqitib qo‘yish uslubi allaqachon mashhur bo‘lib ulgurdi. Endi bunaqa ishlar foyda keltirmayapti.

Mavzuga oid