Asosiy maqsadi AQShga qarshi koalitsiya tuzish bo‘lgan tashkilot - BRICS’ga yangi yildan O‘zbekiston ham hamkor bo‘lmoqda. Buni esa Toshkent emas, Putinning yordamchisi, Kreml vakili e’lon qildi. Hamkorlik respublikaning JSTga a’zoligini yana cho‘zib yuborishi mumkin.

2025 yilning yanvaridan O‘zbekiston BRICS’ga hamkor davlatga aylanishini Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qildi. Ayni paytda Respublika parallel ravishda YeIIda kuzatuvchi maqomiga ega, JSTga a’zolik uchun harakat qilmoqda. BRICS bu – ko‘p qutbli dunyoga ishonadigan va intiladigan davlatlar guruhi. Asosan, tashkilotda AQSh gegemonligiga qarshi bo‘lgan davlatlar yig‘ilgan. BRICS 2006 yil tuzilgandan beri 17 yillik muddatdan so‘ng ko‘paymoqda. Hindiston ham geosiyosiy kontekstdan kelib chiqib, BRICS’ning ko‘payishiga qarshi vetosini olib tashlagan. 2024 yilning 1 yanvaridan 6 davlat BRICS’ga a’zo bo‘lishi kerak edi, biroq ulardan 4 tasigina hozircha buni to‘liq yakunlagan. Saudiya Arabistoni va Argentina a’zolikka shoshilmayapti, lekin sammitlarda faol. 2025 yildan esa 13 davlat tashkilotga hamkor bo‘lmoqda. Ulardan 9 tasi allaqachon rozilik bildirgan, bular ichida O‘zbekiston va Qozog‘iston ham bor. To‘rt davlatdan esa rozilik xati kutilmoqda. Masalaning tahlil qilinishi lozim bo‘lgan tomonlari ko‘p. 

Birinchidan, O‘zbekistonning hamkor bo‘layotganini na rasmiy Toshkent, na tashkilot ofisi e’lon qildi. Xuddi YeIIdagi kuzatuvchilik maqomi singari buni ham Kreml e’lon qilmoqda. 

Ikkinchidan, bu tashkilotning asosiy qadriyati ko‘p qutbli dunyo sari harakat va AQSh, xususan, dollar gegemoniyasiga qarshi alyansni yaratish. O‘zbekiston AQSh bilan strategik sherik ekan, unga qarshi kayfiyat ustun bo‘lgan tashkilot bilan hamkorlik qilishi qanchalik to‘g‘ri?

Uchinchidan, O‘zbekiston a’zo emas, hamkor davlat bo‘lmoqda. Lekin Respublikaning ishtiroki a’zo davlatlarniki bilan deyarli bir xil bo‘ladi. Prezidentlar, tashqi ishlar vazirlari va boshqa sammitlarda O‘zbekiston doimiy taklif qilib boriladi. Bu esa o‘z navbatida BRICS’ga dushmandorlik kayfiyatida bo‘lgan g‘arb davlatlariga unchalik ham yoqmasa kerak. Xususan, AQShning saylangan prezidenti BRICS va uning dollarni sindirishga bo‘lgan harakatlarini yoqtirmaydi. 

To‘rtinchidan, O‘zbekiston JSTga  a’zolik uchun harakat qilmoqda. Iqtisodiy va siyosiy jihatdan gegemon bo‘lgan davlatlar Toshkentning bu tashabbusini qo‘llaydigan bo‘ldi. Yer sharidagi 166 davlat a’zo bu tuzilma O‘zbekiston iqtisodi va savdosi uchun ulkan imkoniyatlarni taqdim etadi. 31 davlat O‘zbekistonning a’zoligi uchun alohida muzokaralar o‘tkazishini bildirgan. Shunday sharoitda YeII ortidan BRICS’ning ham paydo bo‘lishi a’zolikni yana ortga surishi ehtimoldan yiroq emas.