Jamiyat | 18:59 / 25.05.2017
32163
9 daqiqa o‘qiladi

«Og‘zimizdan chiqqan so‘z qonun» yoxud hokim fuqaroni nega laqillatdi?

O‘zbekistonning turli joylarida qurilayotgan namunaviy uy-joylarni ko‘rib, ko‘zingiz quvnaydi. Bu obod binolarga qarab turib bir vaqtlar ularning o‘rni suv chiqmaydigan dala bo‘lganiga ishongingiz kelmaydi. Uylar atrofiga gullar ekilgan, o‘yin maydonchalari bolalarning sho‘x-shodon ovozi bilan to‘lgan. Ammo bu masalada muammolar ham uchrab turibdi. Ana shunday muammolardan biri, korrespondent.uz muxbiri Charos Yoqubova tomonidan qalamga olindi. 

Atrofdagi xonadonlarni zavq bilan tomosha qilib turib, ularning ichki ko‘rinishi bilan ham qiziqdik. Kirib ko‘rish ishtiyoqida Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi uylardan birining eshigini qoqdik. O‘n besh yoshlar chamasidagi sochlari qo‘ng‘iroq qiz eshik ochdi. Salomiga alik olar ekanmiz savolga tutdik:

– Uyda kattalar bormi?

– Ha onam bor, – negadir qizaloq xo‘mrayib javob berdi.

– Chaqirib berolasizmi?

Qizaloq kirib ketib onasiga aytdi shekilli, ichkaridan asabiy ovoz eshitildi: «Kim ekan, tinchlik berishadimi o‘zi, yo‘qmi?»

Bu ovozlarni eshitib hijolat tortib qoldik. Qiziquvchanligimiz qursin, ovozining avzoidan tashrifimiz yoqmaganligi sezilib turibdi.

Baland bo‘yli, yuzlarini oftob urgan ayol boshidagi ro‘molini to‘g‘irlab chiqar ekan, bizni ko‘rib biroz jim qoldi. «Nima kerak?» degandek tikilib turdida, to‘lov masalasida keldingizmi, deb so‘radi. Savoldan anglab yetdik-ki, qandaydir to‘lovlar bilan muammo mavjud. Lekin qanday to‘lovlar? Ma'lum bo‘ldiki, uyning boshlang‘ich to‘lovi to‘lanmagan. 25 maygacha berilgan muhlat ham tugay deb qoldi. Yo to‘lovni qilish kerak yo uyni bo‘shatib berish kerak.

O‘zini Halima Karimova deb tanishtirgan uy sohibasining uch nafar farzandi bo‘lib, borishga boshpanasi, to‘lashga puli yo‘q ekan. Ma'lum bo‘lishicha, o‘tgan yili 25 dekabr kuni ushbu ikki xonali hovlining kalitini “Qurilish invest” boshlig‘i Oybek Erkaboyevning o‘zidan qabul qilib olgan. Shunga ham besh oy bo‘libdi. Xo‘sh, nega shu vaqtgacha boshlang‘ich to‘lov to‘lanmagan?

– Oilamiz kam ta'minlangan oilalardan. Turmush o‘rtog‘im dorixonada qorovul bo‘lib ishlaydi. Maoshi 270 000 (ikki yuz yetmish ming) so‘m, – deya Halima opa o‘z sharoitini tushuntira boshladi. – O‘zim bahordan to kuzgacha mavsumiy ishlarda ishlayman. Topganimiz uchta bolaning yeb-ichishidan ortmaydi. Shu yerda 12 sotix yerimiz bor edi. Namunaviy uylar aynan shu yerdan qurila boshlanganligi sabab uyimiz buzilishga tushdi. Viloyat hokimiyatida yig‘ilish bo‘lganda, men uy to‘lovini to‘lashga sharoitim yo‘qligini aytdim. Shunda o‘sha vaqtda viloyat hokimi bo‘lgan Sayfiddin Ismoilov uyim va yerimning o‘rniga uyning boshlang‘ich to‘lovi – o‘n besh million so‘mni to‘lab berishlarini ma'lum qildi. Uyimiz ikki xonali edi, haqiqatan sharoitimiz juda og‘ir bo‘lganligi sabab, imoratimizning shiferi ham yo‘q, loyshuvoq uyda yashardik. Hokimiyatdan vakillar va hokimning o‘zi kelganida «Uyingiz talabga javob bermaydi, haqiqatan sharoitingiz og‘ir ekan, yeringizning hisobiga narxlab, uyning old to‘lovini to‘lab, yangi uylardan birini sizga beramiz», deyishdi. Uyimiz qurilishga ozroq halaqit berib turgan edi. Oktyabr oyida qurilish ishlari boshlandi. Bizdan ijara uy topib chiqib turishimizni, qurilish yakunlanishi bilan va'da qilingan uyga kirgizishlarini aytishdi. Lekin ijara to‘lovi uchun mablag‘imiz bo‘lmaganligi sababli 25 dekabr, ya'ni yangi xonadon berishguncha o‘z uyimizda o‘tirdik.

Opaning so‘zlaridan ma'lum bo‘lishicha to‘lovni to‘lashga ko‘zi yetmay uyidan chiqmagan ushbu oilaga Jizzax tuman hokimi (o‘sha vaqtda) Abdurashid Yo‘ldoshev, hokimning birinchi muovini Abdualim Gulboyevlar ham uyning to‘loviga qarashish va'dasini berishadi. Halima Karimova shu so‘zlarni qog‘ozda tasdiqlab berishini so‘raganida esa «Bizning og‘zimizdan chiqqan so‘z qonun», – deya javob berishadi.

Uy kalitini topshirish jarayonida esa Oybek Erkaboyev «Tabriklayman opa, boshingizga baxt qushi qo‘ndi. Aslo xavotirlanmang, agar hokimiyatdagilar to‘lab bermasa, o‘zim sizga homiylik qilaman», – deb dalda beradi.

Opa oila a'zolari bilan berganiga shukur qilib yashayotgan farovon kunlarining birida “Jizzax qurilish invest” xodimlari kelib, uyning old to‘lovi to‘lanmayotganligi bois shartnoma bekor qilinishini ma'lum qilishadi. Oxirgi muddat 25 may. Shu vaqt ichida to‘lamasa, uyni bo‘shatib qo‘yish kerak.

Uyga ko‘chib kirgandan so‘ng bir necha bor viloyat hokimiga to‘lov masalasi bo‘yicha murojaat qilib, bu ish bilan shug‘ullanish viloyat hokimining muovini Rahmonqulovga topshirilganini bilishadi. Rahmonqulov bilan bog‘lanishganida esa Sayfiddin Ismoilov tumanga hokim qilib tayinlangani va u kishining o‘zi Karimovlarning ishi bilan shug‘ullanishini aytadi.

– Oyoqosti qilgandek bo‘lmay, oldin o‘zlariga murojaat qilay, deb shanba kuni hokim qabuliga kirdim, – deya opa so‘zini davom ettirdi. – Menga boshlang‘ich to‘lovni to‘lab berishga va'da bergandingiz, desam men sizning ishingizni hal qilmayman, deb javob berdilar.

– Nega, uyimni buzdingiz, boradigan joyim bo‘lmasa, uch bolam bilan ko‘chada qolamanmi?

– Rahmonqulov uyga kiring desa, kirib ketaverasizmi?..

Shundan so‘ng, men respublikaga murojaat qilishimni aytib chiqib ketayotgan joyimda to‘xtatdilar. Bo‘pti, sizga homiylik qilib bo‘lsa ham yordam beramiz, – degan va'dalar bilan Oybek Erkaboyev bizni uyga kirgizgan edi, lekin to‘lov qilib bermadi, deb ariza yozdirib oldilar. Yana ularning va'dalariga ishonib bir hafta kutdim…

Aytilgan muddat tugagan bo‘lsada, ish hal bo‘lmaydi. Bosh vazir Abdulla Aripov xalq bilan muloqot qilayotganini eshitib, hokimiyatga yana boradi. Soat 19:00dan tungi 1:00gacha navbat kutadi. Biroq muloqot uchun ro‘yxatga yozilganlargina qabulga kiritiladi. Opa esa bu ro‘yxatda yo‘q edi…

«Bir hafta muddat qolganida Sayfidin Ismoilov yordam bermasligini, uyning to‘lovini bir hafta ichida qilmasam chiqib ketishim kerakligini aytdi. Biz hozir bir haftada o‘n olti million pul topib, o‘tkazishimiz kerak. O‘n olti yil nochorlikda qiynalib yashadim. Suvsiz, chiroqsiz, gazsiz yashagan vaqtlarim bo‘ldi. Lekin shu kungidek chorasizlikdan qiynalmaganman…» Opaning asabiylikdan titrab turgan qo‘llari bo‘shashib, ko‘zlaridan oqib kelayotgan yoshni artishga tirishdi. Bir muddat gapirolmay qiynaldi.

Bir haftada buncha pulni qayerdan topishni bilmay opa o‘ylanadi. Eshikdan mo‘ralab-mo‘ralab qo‘yayotgan bolalari esa uni yupatishni bilmay qo‘shilib yig‘laydi. Bu bolalar sal avval uy bilan ta'minlanganlar qatorida tabassumlarini yashirmay baxtiyor holda jurnalistga intervyu berishgan edi. Kam ta'minlangan oilaga uy berildi, old to‘lovi to‘lab berildi, deya gazetalarda yoritildi. Endi-chi, bu ish qanday hal bo‘ladi?

«Nahotki shu kungacha bo‘lgan ishlar, aytilgan gaplar xo‘jako‘rsinga bo‘lgan bo‘lsa, tortib olsa uy berib nima qiladi», – deya nola qilayotgan ayolni siz qanday yupata olasiz?

Kamchiliklar bir kun kelib to‘lib ketar. Uyga muhtoj bo‘lgan bu bolakaylar kun kelib nochorlarni uy bilan ta'minlash darajasidagi to‘kis hayotga yetishsa ne ajab! Ammo ularning ko‘nglida paydo bo‘layotgan ishonchsizlik o‘rnini kim yoki nima to‘ldira oladi?

Mavzuga oid