O‘zbekiston | 16:42 / 29.05.2017
9281
2 daqiqa o‘qiladi

Sud xodimlariga mansab darajalari berilishi tartibga solinadi

27 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ninchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a'zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Yalpi majlisda «Sud va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta'minlash bo‘yicha tadqiqot markazi xodimlarining mansab darajalari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta'minlash departamenti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi va 2017 yil 19 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o‘rganish tadqiqot markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorlariga muvofiq ishlab chiqilganligi qayd etildi. 

Nizomga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq sudlarning, Sudyalar oliy kengashining, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o‘rganish bo‘yicha tadqiqot markazining hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta'minlash departamenti va uning hududiy bo‘limlarining xodimlariga maxsus unvonlar – mansab darajalari berilishini nazarda tutuvchi tartib o‘rnatilmoqda. 

Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar sud hokimiyati faoliyatining samaradorligini va nufuzini oshirishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi. 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish