Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Samarqandda gaz iste'molchisining muammosi joyida hal etiladigan bo‘ldi
Tabiiy gaz iste'molchilari o‘z huquqlarini bilgandagina ularni aldanib qolmasliklari mumkinligini kundalik hayotimiz ko‘rsatib turibdi.

Yaqin vaqtgacha faqat iste'molchi zimmasidagi majburiyatlar haqida so‘z yuritilardi. Ularning asosiysi iste'mol qilingan (ba'zida hatto yetkazib berilmagan) gaz uchun haq to‘lashdan iborat, deb tushinilardi. Iste'molchini uning haq-huquqlari hamda gaz yetkazib beruvchining majburiyatlari bilan tanishtirishdan hech kim manfaatdor emasday ko‘rinardi.
Misol tariqasida odatiy bo‘lib qolgan holatni keltirmoqchiman. Iste'molchi qandaydir sabab bilan gazni hisobga olish uskunasi (schyotchik)ni davriy tekshiruvdan o‘tkazishning amal qilish muddatini o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, jarimaga tortiladi. Bu yerda faqat iste'molchi aybdor sanaladi. Aslida, bunday emas. Bu ishda gaz ta'minoti korxonasining nazoratchisi ham mas'uldir. Shuni inobatga olib, «Samarqandshahargaz» filiali tomonidan ishlab chiqilgan «Tabiiy gaz iste'molchilari uchun eslatma»da nazoratchi gazni hisobga olish uskunasini davriy tekshiruvdan o‘tkazishning amal qilish muddati tugashiga bir oy qolganda, iste'molchini bu haqda ogohlantirishi kerakligi belgilab qo‘yilgan. Albatta, bu — mas'uliyat iste'molchi zimmasidan to‘la soqit qilinadi, degani emas.
«Eslatma»da birinchi marta gaz o‘tkazayotgan xonadon sohiblari bilishi zarur bo‘lgan ma'lumotlar alohida keltirilgan, gazni hisobga olish uskunasini davriy tekshiruvdan o‘tkazish uchun bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar qadamba-qadam ko‘rsatib o‘tilgan. Afsuski, shu vaqtgacha ayrim fuqarolarimiz hisoblagichni tekshiruvdan o‘tkazgandan so‘ng keltirib joyiga o‘rnatish bilan cheklangan. Bu haqda tuzilgan dalolatnomani gaz idorasining avtomatik boshqaruv tizimiga taqdim etishi va qayddan o‘tkazish zarurligini bilmagan. Hisoblagichning nazorat tamg‘asini (plomba) o‘rnatish va bu haqda nazoratchi tuzgan dalolatnomani gaz ta'minoti korxonasida ro‘yxatdan o‘tkazishni o‘ylamagan. Aniqrog‘i, ana shunday yo‘l tutish kerakligini aholiga hech kim aytmagan. Bexabarlik oqibatida iste'molchilar ko‘plab jarima to‘lashga majbur edi.
Ko‘p yillar davom etgan bundan notabiiy holatga Samarqand viloyatida chek qo‘yila boshlanganligi diqqatga sazovordir. Bundan bir oycha oldin «Markazgazta'minot» unitar korxonasi rahbari Shukrullo Mahmudov «Tabiiy gaz iste'molchilari uchun eslatma» tayyorlash va uni aholi o‘rtasida keng tarqatish tashabbusi bilan chiqqan edi. «Eslatma»ni tayyorlashni «Samarqandshahargaz» filiali boshlig‘i Akbar Bahriyev o‘z zimmasiga oldi. Natijada, qisqa vaqt ichida har bir fuqaro uchun muhim bo‘lgan hujjat ishlab chiqildi va uning katta formatdagi nusxalari mahallalarga tarqatildi.
Noreal qarzdorlik tugatiladi...mi?
Aholini gaz idorasidan qarzdorligi masalasi ko‘pdan beri barchaning diqqat markazida desak, xato bo‘lmaydi. Ayniqsa, katta miqdordagi noreal qarzdorlik tufayli gaz idorasiga qatnashdan bezib qolgan yurtdoshlarimiz qancha?! Samarqandda keyingi vaqtda bunday ahvolga chek qo‘yila boshlandi. Qaysi mahallada iste'molchilardan noqonuniy pul talab qilinganligini eshitgan zamoni «Samarqandshahargaz» filiali rahbariyati o‘sha hududga borib, masalaga oydinlik kirita boshladi.
Joylarga chiqqanda qanchalik ko‘p va keng ma'lumot olish imkoniyatini ko‘rgan filial rahbari Akbar Bahriyev mahallalarda muntazam sayyor qabul o‘tkazishni yo‘lga qo‘ydi. Ularda asosan qaysi masalalarga urg‘u berilishini aniqlash maqsadida NUZ.UZ muxbiri ham bir nechta qabulda qatnashdi.
«Nurli yo‘l», «Oqsaroy», «Mingtut» mahallalarida qarzdorlik, gaz hisoblagichga tamg‘a o‘rnatish, elektron gaz hisoblagich o‘rnatish uchun qanday yo‘l tutish kerakligi, nazoratchilarning muomala madaniyati, xonadonlarda bitta hisoblagichga beshtadan ortiq gaz jihozi ulash mumkin emasligi haqidagi talab qanchalik to‘g‘ri ekanligi kabi ko‘plab savollar o‘rtaga tashlandi. A.Bahriyev barcha savollarga batafsil javob qaytardi.
Masalan, gaz jihozlari soni haqidagi savolga quyidagicha javob berildi: «RL-6 gaz hisoblagichi bir soatda 10 kubometrgacha gaz o‘tkazish qobiliyatiga ega. Gap bu yerda gaz jihozlarining sonida emas, balki ularning qancha hajmda gaz iste'mol qilishida. Shunga qarab jihozlarning soni har xil bo‘lishi mumkin».
«Oqsaroy» mahallasi raisi Shokir Xursandov gaz idorasining avtomatik boshqarish tizimi (ABT) bazasida mahalla bo‘yicha 2,5 mlrd. so‘m qarzdorlik mavjudligi ko‘rsatilganligi va ushbu summaning qanchasi noreal qarzdorlik ekanligini aniqlash uchun nima qilish kerakligini so‘radi. Bunga javoban ayni kunlarda noreal qarzdorlikni aniqlash maqsadida qayta xatlov o‘tkazilayotganligi aytildi. Shuningdek, iste'molchi barcha hujjatlari bilan gaz idorasiga borib, ABT bazasidagi ma'lumotlar bilan to‘lov hujjatlarini solishtirib ko‘rishi kerak.
«Nurli yo‘l» mahallasida aholi yangi tayinlangan nazoratchining qo‘polligidan nolidi. Jumladan, nazoratchi 1-guruh nogironi ko‘zi ojiz Komiljon Jumayevga qo‘l ko‘tarib, unga tan jarohati yetkazgan ekan. A.Bahriyev voqeaga guvoh bo‘lganlardan uning tafsilotini bilib olgandan so‘ng, o‘sha joyning o‘zida, barchaning ko‘z oldida «Samarqandshahargaz» filiali kadrlar bo‘limi rahbariga nazoratchining xizmat guvohnomasini olib qo‘yishni va Mehnat kodeksining tegishli moddasi bilan ishdan chetlashtirish masalasini ko‘rib chiqishini buyurdi.
«Ha, bekorga Prezidentimiz ko‘proq xalq ichiga kirishni, xalq bilan muloqot qilishni talab qilmas ekan, — dedi idoraga qaytgandan keyin A.Bahriyev. — Buni qarang, yarim kun ish xonamdan chiqib, odamlar bilan uchrashib, muammolardan xabar topdim, ularning qanchasi joyida hal qilindi, fuqarolarning ovora bo‘lib idoraga kelishiga hojat qolmadi. Bu tajribani albatta davom ettiramiz».
O‘sha kuni kech uyga qaytdim. Leki kun mazmunli o‘tganligidan mamnun edim. O‘zimcha, qani endi yosh rahbarning ana shunday xayrli ishlarini yuqoridagilar qo‘llab-quvvatlab tursa, hammamiz uchun zo‘r bo‘lardi-da, deb qo‘ydim.
Toshpo‘lat Rahmatullayev