Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda Respublika hayvonlar kasalliklari diagnostikasi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi markazi tashkil etiladi
O‘zbekistonda mustaqillik yillarida olib borilgan rejali ishlar natijasida qoramollar soni 2,4 barobarga, qo‘y va echkilar soni 2 karraga, parrandalar soni 1,9 martaga o‘sishiga hamda go‘sht mahsulotlari hajmi 2,8 barobarga, sut 2,7 martaga, tuxum 3,3 barobarga oshdi.
Shu bilan birga, davlat veterinariya xizmati amaldagi tizimining tahlili sohada bir qator muammo va kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda, xususan:
davlat veterinariya xizmati sohasida ishlarning umumiy holati mamlakatimizning jadal sur'atlarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sur'atlaridan va hozirgi zamonning hayvonlar sog‘lig‘i profilaktikasi hamda o‘z vaqtida va sifatli davolashni ta'minlashga qaratilgan zamonaviy talablardan sezilarli darajada ortda qolmoqda;
tarmoqda yagona vertikal boshqaruv tizimi yaratilmagan, uning moddiy-texnika bazasi ma'naviy va jismoniy jihatdan eskirgan;
hayvonlar kasalliklarini profilaktika qilish va davolashga ilmiy ishlanmalar va zamonaviy veterinariya dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, innovatsion usullarni amaliyotga joriy qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmayapti;
sohada kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish borasida ilmiy-tadqiqot va oliy o‘quv yurtlari bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagan.
Shu muammolarni tartibga solish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Davlat veterinariya xizmati boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni qabul qildi.
Veterinariya sohasida ilmiy-tadqiqotlar hajmi, ko‘lami va sifatini oshirish maqsadida mazkur farmonga muvofiq:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tasarrufidagi Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti yangi tashkil etiladigan Davlat veterinariya qo‘mitasi tizimiga o‘tkazildi;
Respublika davlat veterinariya laboratoriyasi, Hayvonlarning o‘ta xavfli kasalliklari davlat laboratoriyasi va Parranda kasalliklari bo‘yicha davlat veterinariya laboratoriyasi tugatilib, ularning negizida Respublika hayvonlar kasalliklari diagnostikasi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi markazi tashkil etildi;
Veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalarning sifatini nazorat qilish davlat laboratoriyasi Veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalari sifati va muomalasi nazorati bo‘yicha davlat ilmiy markaziga aylantirildi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi va bo‘linmalarining tuzilmasi, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi davlat veterinariya xizmati faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi, dasturda quyidagi vazifalar:
veterinariya qonunchiligini takomillashtirish va unga amal qilinishi ustidan nazorat o‘rnatish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
Davlat veterinariya xizmatining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
veterinariya sohasida qo‘llaniladigan asbob-uskunalar va veterinariya dori vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish va yangilarini joriy etish;
amaldagi diagnostika usullari va vositalarini, hayvonlarni davolash va profilaktika qilishni takomillashtirish hamda aholini xavfsiz va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashni amalga oshirish nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni va qarorining amaliyotga tatbiq etilishi:
birinchidan, veterinariya sohasida yagona davlat siyosatini yuritishga;
ikkinchidan, veterinariya amaliyotining fan bilan o‘zaro samarali va faol hamkorligini ta'minlashga;
uchinchidan, mavjud kadrlar salohiyatining mustahkamlanishi va yuqori malakali kadrlar zaxirasini yaratishga;
to‘rtinchidan, hayvonlar sog‘lig‘i va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta'minlashda soha faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga mustahkam zamin yaratadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Davlat veterinariya xizmati boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq O‘zbekistonda Respublika hayvonlar kasalliklari diagnostikasi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi markazi tashkil etiladi.