Rieltorlik tashkilotlari assotsiatsiyasi ijrochi direktori: “Qora makler”lar haqida zarur ma'lumotlar to‘planyapti”
Bozor iqtisodiyoti sharoitida ko‘chmas mulk, uni himoya qilish muhim ahamiyatga ega. Mazkur omildan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozoridagi munosabatlarni tashkiliy-huquqiy jihatdan tartibga solishga alohida e'tibor bilan yondashilmoqda. Shunga qaramay, sohada bir qator kamchilik va nuqsonlar mavjud. Masalan, ko‘chmas mulkning o‘zaro oldi-berdisini rasmiy rieltorlar bilan bir qatorda, qonunga zid ravishda faoliyat yuritayotgan “qora makler”lar ham amalga oshirayotgani hech kimga sir emas. Ular ayrim soddadil fuqarolarning ishonchiga kirib, aksariyatini aldab ketayotgan holatlar, afsuski, kundalik hayotimizda ko‘plab uchrab turibdi.
Jurnalist Saule Azimbetova Rieltorlik tashkilotlari assotsiatsiyasi ijrochi direktori Abdumalik Aliyev bilan aynan shu xususda suhbatlashdi.
— Yurtimizda ko‘chmas mulk bozori jadal rivojlanmoqda, — deydi A. Aliyev. — O‘z-o‘zidan ko‘chmas mulkka bo‘lgan talab ham ortib borayapti. Har yili O‘zbekiston xaritasida yangidan-yangi aholi yashash punkt¬lari paydo bo‘layapti. 2011 yildan kuchga kirgan “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun mamlakatimiz ko‘chmas mulk bozorida ijobiy o‘zgarishlarga yo‘l ochdi. Avvalo, ushbu hujjat ko‘chmas mulk bozorida shaffoflikni oshirish, mazkur sohaning normativ-huquqiy bazasini shakllantirish, professional xizmat ko‘rsatadigan rieltorlik tashkilotlari tuzilishi hamda rieltorlar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishiga xizmat qildi. Shu o‘rinda qayd etish kerak-ki, rieltorga, ya'ni jismoniy shaxsga litsenziya ko‘chmas mulk bozorida faqat axborot va maslahat xizmatlari ko‘rsatish uchun beriladi. Yuridik shaxslar — rieltorlik tashkilotlari esa barcha turdagi rieltorlik xizmatlarini, ya'ni ko‘chmas mulk obektlariga hamda ularga bo‘lgan huquqlarga doir bitimlarni tuzish chog‘idagi vositachilik, ko‘chmas mulk obektlarining va ularga bo‘lgan huquqlarning savdosini tashkil etish, ko‘chmas mulk obektlarini ishonchli boshqarish, axborot hamda maslahat xizmatlarini ko‘rsatadi.
— Bugungi kunda uy-joy bozorida tuzilayotgan bitimlarning qariyb 70 foizi tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan shaxslar vositachiligida amalga oshirilayapti. Boshqacha aytganda, ular qonun talablarini buzishmoqda.
— Afsuski, shunday. “Qora makler”lar faoliyatini nazorat qilish masalasi hali-hanuz to‘liq hal etilmagan. Bugun amaliyotda ko‘chmas mulk bilan bog‘liq tavakkalchiliklarni kamaytirish uchun majburiy litsenziyalash, rieltorlarga tegishli ¬talablar, ularning faoliyati ustidan davlat nazorati joriy qilingan.
Rieltorlik tashkilotlari mamlakatimiz qonun hujjatlari asosida faoliyat yuritishadi. Buyurtmachi va ijrochi o‘rtasida yozma shartnoma tuzilishi vositachilik xizmatlarini ko‘rsatishning majburiy sharti sanaladi. Agar kelishuv noto‘g‘ri amalga oshirilgan bo‘lsa, jabrlangan taraf o‘rtada turgan kompaniyani sudga berishi mumkin. Lisenziyalangan har bir rieltorlik tashkiloti xodimlari O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan beriladigan malaka sertifikatiga ega. Buning uchun ular Korporativ boshqaruv markazi, Yangi bozorlar mutaxassislarini tayyorlash milliy markazi o‘quv kurslarida tahsil olishadi.
Ammo odamning tabiati shunaqa: har doim ham tashlayotgan qadamining oqibatlari haqida o‘ylab o‘tirmaydi. Agar biror kishi ko‘chmas mulk bozorida noqonuniy ishlayotgan kishiga murojaat qilsa, shuni unutmaslik kerakki, bunday bitimlar hech qanday kafolatga ega bo‘lmaydi. “Qora makler”lar mijozlar bilan og‘zaki kelishib, o‘ziga tegishli ulushini olishadi, biroq hech qanday javobgarlikka ega bo‘lmaydilar. Assotsiatsiyamizga bunday vijdonsiz “maklerlar”ning faoliyati oqibatida jabrlanganlar juda ko‘plab murojaat qilishgan.
— Rieltorlar faoliyatida qanday qiyinchiliklar bor?
— Rieltorlik tashkilotlarining davlat idoralari, uy-joy kommunal xo‘jaligi tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan munosabatlarining qonuniy mexanizmlari mavjud. Ular rieltorlik tashkilotiga belgilangan tartibda axborot taqdim etishi kerak. Bunda, albatta, buyurtmachi bilan rieltorlik xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha tuzilgan shartnoma nusxasini taqdim qilish kifoya. Biroq amaliyotda ushbu talabga rioya etilmayapti. Oqibatda rieltorlik xizmati buyurtmachisi rieltorlik tashkiloti xodimiga tegishli hujjatlarni to‘plash uchun notariusda ishonchnoma rasmiylashtirishga majbur bo‘layapti. Bu mijozlarning noroziligiga, ortiqcha sarf-xarajat qilinishiga olib kelmoqda. Vaholonki, rieltorlik xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha alohida shartnoma bor. Ko‘chmas mulk obekti joylashgan manzil bo‘yicha fuqarolar ro‘yxati to‘g‘risida ma'lumotnoma olish ham zarur hujjatlar to‘plamiga kiradi. U ichki ishlar organlari tomonidan beriladi. Buning uchun pasportistkaga murojaat etish kerak bo‘ladi. Uning huquqiy maqomi esa haligacha belgilanmagan. Toshkent shahar hokimi qarori bilan mazkur shtat birligi mahalla fuqarolar yig‘ini shtatlar jadvaliga kiritilishi lozim edi. Ammo hozirgacha ushbu qaror ijrosi ta'minlanmagan. Ma'lumotnoma xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati direktori tomonidan beriladi hamda imzolanadi. To‘lovni naqdsiz ko‘rinishda amalga oshirish imkoniyatlari yo‘qligi ham rieltorlik tashkilotlari uchun qo‘shimcha muammolarni tug‘dirmoqda.
— Assotsiatsiya tomonidan o‘z a'zolari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilayapti?
— Hozirgi kunda mamlakatimizda 240 dan ortiq rieltorlik tashkiloti faoliyat yuritadi. Bu, albatta, kam. Biz ommaviy axborot vositalari orqali ko‘chmas mulk bozorida qonuniy ishlashning ustuvor jihatlari haqida targ‘ibot-tushuntirish ishlarini muntazam olib borayapmiz. Bundan tashqari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga rieltorlik faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish maqsadida taklif va tavsiyalar taqdim qilganmiz.
Qator davlat organlari bilan birgalikda ko‘chmas mulk bozoridagi noqonuniy faoliyatning oldini olish maqsadida izchil ishlanmoqda. Xususan, assotsiatsiya rieltorlik tashkilotlari orqali “qora makler”lar haqida zarur ma'lumotlar to‘playapti. O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bir qator bosma va elektron ommaviy axborot vositalari litsenziya raqamini ko‘rsatmasdan ko‘chmas mulk savdosi haqida e'lonlarni chop etayotir. Bu ham turli huquqbuzarlik hamda suiiste'molliklarga yo‘l ochayapti, desak, adashmaymiz. Shu munosabat bilan assotsiatsiya gazeta va elektron ko‘chmas mulk savdolari portallaridan “qora makler”larning foydalanishini cheklash yo‘llarini izlayapti. Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzurida mazkur qo‘mita, assotsiatsiyamiz, Davlat soliq qo‘mitasi, Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti vakillari ishtirokida maxsus komissiya tuzish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Ma'lumot: O‘zbekistonda o‘rtacha har 148,4 ming kishiga davlat tomonidan berilgan bitta rieltorlik litsenziyasi to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich Qoraqalpog‘iston Respublikasida 440,8 ming, Qashqadaryo viloyatida 422,7 ming, Xorazm viloyatida 428,9 ming kishini tashkil qiladi.
Mamlakatda 2017 yilning 1 iyun holatiga rieltorlik faoliyatini amalga oshirish uchun 240 ta litsenziya berilgan bo‘lib, ularning 89 tasi ko‘chmas mulk obektlariga hamda ularga bo‘lgan huquqlarga doir bitimlarni tuzish chog‘idagi vositachilikni amalga oshirish, 19 tasi esa ko‘chmas mulk bozorida axborot va maslahat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liqdir.
Material Iqtisodiy tadqiqotlar markazi ko‘magida tayyorlandi.
O‘zbekistonda o‘rtacha har 148,4 ming kishiga davlat tomonidan berilgan bitta rieltorlik litsenziyasi to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich Qoraqalpog‘iston Respublikasida 440,8 ming, Qashqadaryo viloyatida 422,7 ming, Xorazm viloyatida 428,9 ming kishini tashkil qiladi.
Yurtimizda 2017 yilning 1 iyun holatiga rieltorlik faoliyatini amalga oshirish uchun 240 ta litsenziya berilgan bo‘lib, ularning 89 tasi ko‘chmas mulk obektlariga hamda ularga bo‘lgan huquqlarga doir bitimlarni tuzish chog‘idagi vositachilikni amalga oshirish, 19 tasi esa ko‘chmas mulk bozorida axborot va maslahat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liqdir.