Jahon | 23:06 / 14.06.2017
8661
3 daqiqa o‘qiladi

Minsk zavodi sayyohlarga 5 dollar evaziga traktor yig‘ishda ishtirok etishni taklif qilmoqda

Foto: Sputnik / Viktor Tolochko

Minsk traktor zavodi (MTZ) sanoat turizmi dasturini kengaytirmoqda. Uning doirasida zavodga tashrif buyuruvchi sayyohlarga traktorlarni yig‘ishda ishtirok etish taklif qilinadi. Bu haqda zavodning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassisi Pavel Tuxto ma'lum qildi. 

Uning aytishicha, ayni vaqtda 2 nafardan 35 nafargacha tashrif buyuruvchidan iborat guruh zavod bo‘ylab ekskursiya vaqtida uning tarixi, yutuqlari bilan tanishishlari, zavodda ishlab chiqarilgan texnika ko‘rgazmasini tomosha qilishlari, traktor ruliga o‘tirib ko‘rishlari, esdalik uchun suratga tushishlari hamda zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan 5-raqamli mexanik sexga va traktorlar yig‘iladigan korpusga tashrif buyurishlari mumkin. 

"9 Belarus rubli yoki 5 dollarga yaqin qo‘shimcha haq evaziga istovchilar traktor yig‘ilishida ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi. Unga maxsus kiyim hamda qilinadigan ishlar tartibi bayon qilingan texnik xarita beriladi", deb aytdi Tuxto. Uning aytishicha, gap uncha murakkab bo‘lmagan 5 ta operatsiya haqida ketmoqda. Uning aytishicha, operatsiyalar murakkab bo‘lmasa-da, bir oz ter to‘kishga to‘g‘ri keladi.

Elementlarni traktorga o‘rnatish mutaxassislar nazoratida o‘tadi. So‘ngra mehmonga "falonchi" traktorning yig‘ilishida ishtirok etgan sayyoh ekanligi haqida guvohnoma beriladi.

Tuxtoning aytishicha, yanvardan boshlab zavodda 1,2 mingga yaqin kishi bo‘ldi. Ulardan 300 ga yaqini 18 ta davlatdan kelgan sayyohlardir. Korxona ma'lumotlariga ko‘ra, ekskursiyada ishtirok etuvchilarning minimal yoshi 12 yosh qilib belgilangan. Ekskursiya rus, ingliz, ispan va nemis tillarida olib boriladi. 

MTZ 1946 yilda tashkil etilgan. Zavodda turli qishloq xo‘jaligi ishlariga mo‘ljallangan traktorlar, maxsus texnika va o‘rmon mashinalari ishlab chiqariladi. Ular taxminan 60 ta davlatda ishlatiladi. Zavodda ta'kidlanishicha, dunyodagi har o‘ninchi traktor Belarusda ishlab chiqarilgan.