Jahon | 21:05 / 29.06.2017
30734
10 daqiqa o‘qiladi

“Ostona Ekspo-2017”: dunyoni kim nima bilan hayratga solmoqda?

Ostona shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Expo 2017” butunjahon ko‘rgazmasida 120 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar ishtirok etmoqda. Bu yilgi xalqaro ko‘rgazma kelajak energiyalariga bag‘ishlangan. Ko‘rgazma 10 sentabrga qadar davom etadi.

47 160 kv.m. hududni egallagan maydonda har bir davlatning pavilonini aylanib chiqishga bir kun yetmaydi. O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Rossiya, Pokiston, Hindiston, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Yaponiya, Fransiya, Gruziya, Misr pavilonlarida bo‘ldim. Janubiy Koreya, Xitoy, Britaniya, AQSh, BAA, Germaniya davlatlari pavilonida navbat uzunligi uchun kirolmadim. Eng katta navbat markaziy pavilon — katta shar tarzidagi 8 qavatli binoga kirish uchundir (Qozog‘iston paviloni ham shu binoda joylashgan). Qayerda katta navbat bo‘lsa, demak o‘sha yerda qiziqarli nimadir bor. Bu haqda Ziyouz xabar berdi. 

Pavilonlar dizayni, eksponatlarni qay tarzda joylashni davlatlarning o‘zlari hal qilgan. Katta zalning u yer-bu yeriga eksponatlarni tashlab qo‘yganlar ham bor. Menga labirint shaklidagi, bir joydan kirib, ikkinchisidan chiqadigan pavilonlar yoqdi. Bu holatda tomoshabin har bir eksponat bilan tanishib chiqishga majbur bo‘ladi. Bu borada Rossiya, Turkiya, Fransiya pavilonlari dizayni professional chiqqan.

Ushbu majmuani qurishga 1.5 mlrd $ (rasman, norasmiy 3 mlrd $) sarflangan.

Kim qanday chaqirmoqda?

Vaqt kam. Hamma eng yaxshilarni ko‘rgisi keladi. Aslida eng yaxshi reklama — ko‘rganlarning tavsiyalari. Unaqa reklama bo‘lmasa-chi? Muxlislarni qanday chorlash kerak?

Qozoq yoshlarida arablar va afrikaliklarga qiziqish katta ekan. Bu geografiyaga mansub davlatlar pavilonlarida tirik manikenlar — milliy kiyimdagi yigitlar (ayollarni ko‘rmadim) hamma bilan rasmga tushishmoqda. Hindiston, Pokiston va Afrika davlatlari baland musiqa va qo‘shiqlari bilan muxlis chaqirmoqdalar. Hindiston pavilonida esdaliklar bozori qaynamoqda. Rossiya, Fransiya, Yaponiya kabi davlatlar asosiy e'tiborni tarix, shu davlatning ilm-fanga qo‘shgan hissasi va asosiysi, kuch-quvvatini namoyish etishga qaratgan. Ba'zi davlatlar asl mavzu qolib, turizm va hunarmandlikka asosiy e'tiborni qaratgan. Saudiya Arabistoni pavilonida namozxona ham bor.

Rossiya paviloni. Rossiyaliklar asosiy e'tiborni global isish va Arktikaga qaratganlar.
Hatto Arktikadan ulkan muz parchasini olib kelib, uning erishini namoyish etmoqdalar.

Podshosini judayam yaxshi ko‘radiganlarni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz Turkmaniston va Saudiya Arabistoni pavilonlariga tashrif buyuring.

Ulkan shar ichidagi asosiy pavilon

Asosiy pavilon — «Nur olam»ga kirishda uzun navbat mavjud. Hammani birdaniga kiritishmayapti. Har uch minutda 40-50 kishini kiritishmoqda. “Ekspo-2017”ning ramziga aylangan ushbu bino 80 metr diametr va 100 metr balandligi bilan dunyodagi eng katta sferik inshootdir.

«Nur olam» pavilonining markazi

Pavilonning birinchi qavatida asosan Qozog‘iston respublikasi taqdim etgan loyihalar o‘rin olgan. Binoning eng yuqori qismiga ko‘tarilishga — lift oldida ham turnaqator navbat. Yarim soatlar navbatda qolib ketdim. Ulkan sharning har bir qavati kelajak energiyalari sohalariga bag‘ishlangan.

8-qavat «Kelajakdagi Ostona» deb nomlangan. Liftdan chiqishingiz bilan sizni oynali pol tomon yo‘naltirishadi. Qariyb yuz metr balandlikdan shaffof oyna orqali pastdagi barcha pavilonlar ko‘rinadi. Balandlikdan qo‘rqadiganlarga tavsiya qilinmaydi. Bu bo‘limda Qozog‘iston poytaxtida kelajakda qilinishi rejalashtirilgan ulkan texnologik loyihalar bayon qilingan.

«Nur olam» pavilonining markazi

Kelajakdagi Ostona

2-7-qavatlarda kelajak energiyasi muzeyi joylashgan bo‘lib, har bir qavat maxsus sohalarga bag‘ishlangan: kosmos energiyasi, Quyosh energiyasi, shamol energiyasi, biomassa energiyasi, kinetik energiya, suv energiyasi. Har bir soha bo‘yicha interaktiv ko‘rgazmalar tashkil etilgan: kosmos energiyasi bo‘limida sayyoralar, oyu yulduzlar xonalari, kosmos muzeyi, bolalar uchun interaktiv o‘yinlar tashkil etilgan. Quyosh energiyasi bo‘limida ulkan quyosh tasviridagi muzey bo‘lib, uning ichida quyosh energiyasi bilan bog‘liq media ma'lumotlar taqdim etilgan. Shamol energiyasi bo‘limida sun'iy shamollar tashkillangan. Hatto uragan ham bor.

Shamol energiyasi ta'sirida havoda muallaq harakatlanayotgan mato

Biomassa energiyasi bo‘limining pollari ostiga dunyodagi o‘simlik urug‘larini joylab, ustidan shaffof oyna qoplashgan. Tirik organizmlardan energiya olish jarayoni jonli namoyish etilmoqda. Suv energiyasi bo‘limida bolalar uchun suv inshootlari barpo qilingan. Bolalar maxsus damba, charxpalak va boshqa gidrotexnik qurilmalar maketlarini o‘zlari boshqarishadi.

Biomassa bo‘limidagi urug‘li pollar

Ko‘ngil ochmoqchimisiz?

“Ostona Ekspo-2017” majmuasida ko‘rgazma pavilonlaridan tashqari amfiteatr (6000 kishiga mo‘ljallangan ochiq konsert maydonida har kuni dunyo va qozoq san'ati yulduzlari konsert qo‘yishadi), milliy kunlar sahnasi (har bir ishtirok etuvchi davlat uchun alohida milliy kun belgilangan bo‘lib, shu davlat kun davomida o‘z madaniyati va san'atini namoyish etadi), dyu Soley sirki (dunyoga mashhur dyu Soley sirki shoulari namoyish etiladi), Art-markaz (zamonaviy san'at ko‘rgazmalari, konferensiyalar, ta'lim va madaniyat sohasida ma'ruzalar, kino namoyishlari o‘tkaziladi), bolalar uchun ko‘ngilochar park (ijodiy master-klasslar, raqamli ko‘ngilochar o‘yinlar, akvagrim, kimyoviy shoular) mavjud.

Ostona shahri markazida “Ekspo”da ishtirok etayotgan davlatlar va xalqaro tashkilotlar ramzlari ifodalangan haykallar ko‘rgazmasi ham tashkil etilgan.

O‘zbekiston ramzini ifodalagan haykal

“Ekspo”da sayr etish arzon emas

“Ostona Ekspo-2017”ga kirish pulli. Ish kunlarida bir martalik ma'lum sana uchun kirish bileti 4000 tenge (12.4 $), dam olish kunlari uchun 6000 tenge (18.6 $), ish kunlarida ochiq sana bilan bir martalik bilet 6000 tenge, dam olish kunlari uchun 8000 tenge (24.8 $), butun mavsum davomida xohlagan paytda kirish abonementi 50000 tenge (155 $). Nogironlar, 2-jahon urushi qatnashchilari, yetim bolalar, 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarga kirish tekin. O‘quvchilar, talabalar, pensionerlar, ko‘p farzandli onalar biletni yarim narx bilan oladilar.

“Ostona Ekspo-2017”: O‘zbekiston paviloni

“Ostona Ekspo-2017”: O‘zbekiston pavilonida nimalar bor?

“Ostona Ekspo-2017” majmuasiga kirishim bilan O‘zbekiston pavilonini qidirdim. Asosiy kirish qismining boshida ekan. Ko‘zga, dilga yaqin bayrog‘imizni ko‘rib, shaxdam qadam bilan olg‘a intildim. Ushbu xalqaro ko‘rgazmaning mavzusi kelajak energiyalariga qaratilgan bo‘lsa-da, asosiy maqsad mamlakatning imkoniyatlarini namoyish etishdir. Pavilonga kiraverish devorlariga ulkan ekran o‘rnatilgan bo‘lib, unda Vatanimiz tabiati, ne'matlari, tarixiy obidalari, energiya manbalari rasmlari namoyish etilmoqda.

“Ostona Ekspo-2017”: O‘zbekiston paviloni

Tashqariga «Ravon R4 on Biofuel» markali avtomobilimiz qo‘yilgan. Bioyonilg‘i va gazolin bilan ishlaydigan ushbu avtomobil 4 silindrli, 105/112 ot kuchiga ega, 170/181 km/soat tezlikda harakatlanadi, shahar ichida har 100 kilometrga 8,4 litr, shahar tashqarisida 5,3 litr bioyonilg‘i sarflaydi.

O‘zbekiston asosiy paviloni

O‘zbekiston asosiy paviloni dizayni futurologik filmlardagi samoviy kemalarni eslatadi. Mutaxassislarning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng innovatsion pavilon O‘zbekistonnikidir.

Quyoshdan quvvat oluvchi elektromobil

Pavilon markaziga Turin politexnika universiteti Toshkent filiali talabalari loyihalashtirgan quyosh energiyasidan zaryad oluvchi elektromobil maketi joylangan. 2 kishini sig‘diruvchi ushbu avtomobil 2 ta kichik motor bilan ishlaydi. Avtomobil kuzoviga quyosh batareyalari o‘rnatiladi. Akkumulyatorlarni elektr tarmog‘i orqali to‘liq zaryadlashga 4 soat, quyosh batareyasi orqali 8 soat ketadi. 50 km/soat soatgacha harakatlanuvchi ushbu avtomobil akkumulyatori zaryadi 100 km masofani bosib o‘tishga yetadi.

Namoyishga gidrogen sistemada ishlovchi ekologik “Matiz” avtomobili va ekologik toza, ovozsiz elektrokarting, ekokapsula (sayyohlar uchun quyosh nuridan zaryadlanuvchi), vodorodli svarka apparati ham qo‘yilgan.

Toshkentlik talabalar yasagan robot

Toshkentlik talabalar yasagan turli robot qurilmalari ko‘pchilikda katta taassurot uyg‘otmoqda. Kubik-rubik yig‘uvchi, sumochi «Lego-konstruktor», «TECHNOROBOT» robot-konstruktorlari, turli interaktiv ekskursiyalarga mo‘ljallangan «Robot-gid» va futbol o‘ynovchi robotlarga yoshlar qiziqish bildirmoqda.

O‘zbekiston paviloni. 2-qavat

Pavilonning ikkinchi qavatida o‘zbekistonlik hunarmandlar ishlaridan namunalar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, milliy pazandachilik ne'matlari, O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari namoyish etilgan.

“Ostona Ekspo-2017” doirasida O‘zbekiston kuni 5 sentabr kuni o‘tkaziladi.

Davronbek Tojialiyev

Mavzuga oid