O‘zbekiston | 11:00 / 05.07.2017
17657
1 daqiqa o‘qiladi

Baynalmilal madaniyat markazi direktori vafot etdi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Respublika baynalmilal madaniyat markazi direktori Nasriddin Muhammadiyev 71 yoshida vafot etdi. Bu haqda «Kun.uz» manbasi xabar berdi.

Nasriddin Muhammadiyev 2005 yildan buyon Baynalmilal madaniyat markaziga rahbarlik qilib kelayotgandi.

1946 yili Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan Nasriddin Muhammadiyev 1968 yili Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) filologiya fakultetini tamomlagan, Nosir Muhammad taxallusida ijod qilgan. U 1994 yildan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida faoliyat boshlagan, 1996-99 yillarda O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasida matbuot kotibi bo‘lib ishlagan. 1999-2005 yillarda u O‘zbekiston Respublikasi prezidenti matbuot xizmatining yetakchi maslahatchisi sifatida ishlagan.

Nasriddin Muhammadiyev shu yil yanvarida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish