O‘zbek jurnalistikasi: jim qilgan jur'atsizlik
Bugun so‘z erkinligi yangi bosqichga chiqqani hech kimga sir emas. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalari har qachongidanda faol, xolis va tezkor bo‘lishi lozim. Albatta, bular balandparvoz va umumiy gaplar tuyilar, lekin faoliyatimizda o‘ylab ko‘rish mumkin bo‘lgan jihatlar bisyor.
“Matbuot va OAV xodimlari” kuni arafasidagi “Munosabat” ko‘rsatuvini tomosha qildim. Sensatsiya! Ancha dadil fikrlar aytildi. Majburiy obuna haqida markaziy kanalda ro‘y rost gapirildi, nodavlat matbuotning kamchiliklari ham ko‘rsatib o‘tildi. Ammo buyog‘i qiziq bo‘ldi: tez orada ishtirokchilar ikki frontga bo‘linib oldilar va bir-birlariga tosh ota boshladilar (aslida yuqoridagi sensatsiya deya baholangan fikrlar ham ayni mana shu jarayonda og‘izdan chiqib ketdi, desak to‘g‘ri bo‘lar). Hamma asosiy mavzu va bayram qolib o‘zinikini ma'qullashga hamda nashrini maqtab, boshqalarni kamsitishga o‘tib ketdi.
Ammo biror kishi OAV oldida turgan asosiy maqsad va vazifalar to‘g‘risida gapirmadi, yechimini kutayotgan muammolar haqida eslamadi, hatto hamkasblar bir-birlarini samimiy qutlashni ham unutdilar (har qalay bayram arafasi, ko‘rsatuv ham shu munosabat bilan tashkillashtirilgan edi). Xususan, senzura yo‘qotilganiga yillar o‘tgan bo‘lsada, haliyam hammamiz ichki senzuramizni mahkam ushlab turganimiz, ayniqsa, bu narsani tahririyatlarning ayrim o‘zidan qo‘rqadigan rahbariyatlari boplayotgani to‘g‘risida gap ham bo‘lmadi. Matbuot sohasini iqtisodiy jihatdan eng qiynab turgan qog‘oz importidagi narxlar, konvertatsiya muammolari, nashrlarni yetkazib berishdagi kechikishlar hamda ortiqcha ustamalar haqida biror kishi so‘z ochmadi.
Eng muhimi behojat va ko‘r-ko‘rona maddohlikni yana avjiga chiqara boshlaganimiz tabiiyki e'tibordan chetda qolib ketdi.
To‘g‘ri, so‘nggi paytlarda jurnalistikamiz ancha erkinlashdi. Lekin bu erkinlik doirasida yopishib olganimiz yana shifokorlaru o‘qituvchilar, boringki bog‘chalarning tarbiyachilari bo‘ldi. “Tanqid kerakmi?” deya biz ham ertayu-kech hashardan boshi chiqmaydigan, hokimiyatlarning asosiy ishchi kuchiga aylangan bu soha xodimlarining po‘stagini yaxshilab qoqa boshladik. Bu tashkilotlar rahbarlari yiqqan pullar haqida bong urdik. Holbuki yaxshi bilardik, bu pullarni o‘qituvchi yoki tarbiyachi yeb ketmaydi, shu muassasa xarajatlari uchun ishlatiladi. Yoki hammamiz futbolchilarga yopishdik, ulardan olamshumul natijalar talab qildik. Aslida ularning bori shu edi, ko‘p narsa kutib o‘zimizni aldadik xolos.
Lekin birortamiz prokuroru sudyalarga tegmadik. Hatto sudyalar faoliyati ayovsiz tanqid qilingan prezident ma'ruzasidan keyin ham hech bo‘lmasa o‘sha ma'ruzada tilga olingan sudyalarning kirdikorlari haqidagi keng qamrovli maqolani shaxsan men o‘qimadim (nega sizni aybdor qilib o‘zimni chetga tortay, o‘zim ham bunday maqola yozmadim, yozishga urinmadim ham). O‘sha poraxo‘r sudyalar, prokurorlar orasidagi korrupsiya haqida birorta jurnalistik qidiruv bo‘lmadi. Qidiruvku umuman bo‘lmagandi ham. Xullas birortamiz loaqal o‘sha olamshumul poraxo‘rlik ishlari haqida biror maqola yoki lavha tayyorlashga jur'atimiz yetmadi.
Qishloq hududidagi muammolarni ko‘rmaymiz, gaz o‘rnini tappi egallab bo‘lgani, o‘tin dardida daraxtlar ayovsiz kesilayotgani, odamlar miltillab yonishi bayramga aylangan chiroq haqida gapirishdan ham bezib qolganini bilmaymiz.
Bundan tashqari, iqtisodiy jarayonlarni yoritishda ham oqsaganimiz oqsagan. Konvertatsiya nega ochilmaganiyu, ochilsa nima bo‘lishini tushuntira olmaymiz. Plastik karta deganda qulaylik emas, cho‘ntakka zarar keltiruvchi vosita atalmish aqida mohiyatini anglab bilmaymiz. Ne tongki o‘zimizda ishlab chiqarilgan avtomobil minglab chaqirim yo‘l bosib, xorijga yetib borganida, qanday qilib bizdanda arzon hamda navbatsiz sotilishini hali ham tushunib yetolganimiz yo‘q.
Yana bir jihat bor: dunyoning biror davlati o‘zida inson huquqlari bo‘yicha barcha mauammolar hal etilgani bilan maqtana olmaydi. Bizda ham bu borada muammolar borligiga ko‘z yumamiz. Aynan sizu bizning ko‘z yumishimiz chetdagi hamkasblarimizga cheksiz imkoniyatlar yaratadi: ular hatto uchiga chiqqan jinoyatchini ham hokisorga aylantirib qo‘yganini kuzatdik, uni qonuniy jazolayotgan davlatni shafqatsiz rejimga qiyoslaganida ham jim turaverdik. Chunki bizga bunaqa narsalarga aralashmay qo‘yaqolish ma'qul ko‘ringan hamisha. Biz mojarodan nariroq yurishga, ko‘rib ko‘rmaslikka olishga o‘rganib bo‘lganmiz, haliberi bu odatimizdan voz kechmaymiz.
Xorijdagi muxbirlik degan muhim yo‘nalish bizda umuman yo‘q. Yo‘q, tamom! “Jahon” axborot agentligining faqat O‘zbekiston elchixonalariga oid tadbirlari oyiga bir-ikki marta berilishi bu yo‘nalishni anglatmaydi. Xorijga doir axborot deganda faqat dunyoning qaysidir burchagidagi suv toshqinini yoki zilzilani tushunamiz. Bu xabar ham, albatta, kimdandir ko‘chirilgan bo‘ladi. O‘zimizdagi muhim siyosiy jarayonlarni durust tahlil qila olmaganimiz yetmaganday hech bo‘lmasa xorijdagi voqealarni ham xolisona sharhlab bera olmaymiz.
Oddiy misol: Suriyadagi urush olti yildirki davom etmoqda. Yuz minglab odamning yostig‘i quridi, ko‘z yoshlar daryo bo‘ldi, har kuni xarobalar orasidan kovlab olinayotgan yoki o‘qqa uchib qator qilib yotqizib tashlangan bolalarni ko‘ryapmiz. Qayerdan ko‘ryapmiz? Telekanallarimizdan emas, internetdan. Lekin birortamiz kim kimni otayapti, bu urushdan maqsad nima, uni yakunlashning qanday yo‘llari borligini tushunmaymiz. O‘zimiz tushunmagandan keyin qanday qilib auditoriyamizga tushuntira bilamiz? Xayolimizda “IShID bilan kimlardir urushayapti”, degan tor tushuncha o‘rnashib qolgan. Holbuki masala ancha jiddiyligi, bu hudud yirik davlatlarning, qudratli kuchlarning g‘oyalar urushi maydoniga aylanib qolganini tushuna bilmaymiz. Xorij OAV albatta bu voqealarni o‘z davlati qarashlaridan kelib chiqib yoritadi. Albatta, e'tibor bergansiz: Suriyaning jang kechayotgan bir maydonidagi holat Rossiya axborotida boshqacha, AQSh xabarlaridan butunlay boshqacha yoritiladi. Biz esa dam u tarafga, dam bu tarafga og‘ib, o‘z fikrimizni shakllantira olmay ovoramiz. Chunki televideniyening muhim janri bo‘lgan siyosiy sharhlovchilik butunlay yo‘qolib ketganiga ancha bo‘ldi...
Axir biz emasmi, kechayotgan voqea-hodisalarni xolisona yortib berguvchilar? Qachongacha turtki kutib yashaymiz? Oxirgi paytlarda paydo bo‘lgan so‘zamolligimizga endi kengroq fikrlash, dunyoga teranroq nazar tashlash, axborot olamida o‘z so‘zimizni ayta bilish orqali O‘ZBeK JURNALISTIKASIning munosib o‘rnini egallashga hissa qo‘shish kabi xislatlarni uyg‘unlashtirish vaqti ham keldi shekilli.
Abror Zohidov