Jahon | 21:30 / 13.07.2017
10596
7 daqiqa o‘qiladi

Tramp Makron huzurida mehmonda: AQSh va Fransiya do‘stligi yana buyuk bo‘ladimi?

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba kuni Fransiyaning bosh bayrami bo‘lmish Bastiliya kunidan bir kun avval Parijga — prezident Emmanuel Makron bilan uchrashishga yetib keldi.

Bu yil AQShning birinchi jahon urushiga qo‘shilganiga 100 yil to‘ladi va Bastiliya kunida o‘tkaziluvchi paradda fransuzlar bilan birgalikda amerikalik harbiylar ham ishtirok etadi. 

Qaysi prezident paradni sevmas ekan? Ayniqsa, bu parad biror-bir inqilobiy voqea sharafiga o‘tkazilsa.

Ikki oy muqaddam fransuz kibor doiralarida inqilob tashkillashtirgan Makronning ko‘ngliga Frantsuz inqilobini nishonlash uchun o‘tkaziladigan paradga Atlantika okeanining narigi qirg‘og‘idan boshqa bir inqilobchini chaqirishni xudo solganga o‘xshaydi.

Boz ustiga, bu yilgi parad fransuz va amerikalik askarlar yelkama-yelka jang qilgan chog‘larni yodga solishi kerak, bu esa ikki davlat o‘rtasidagi shaxsiy va siyosiy aloqalar yomonlashgan vaqtda juda zarur hisoblanadi. 

Hozir birodarlik va birdamlikni ushlab turish juda qiyinlashib qolgan zamon.

Tarixda ittifoqchi davlatlar rahbarlari Tramp va Makron qisqa vaqt ichida namoyish etganchalik ko‘p ziddiyatini ko‘rsata olmagan bo‘lsa kerak.

May oyida, NATOning noformal sammiti oldidan Makron kameralar qarshisida Trampning o‘ziga xos qo‘l siqib, «tortib qo‘yish» usulida undan ilgariladi va Amerika prezidentining qo‘lini shunaqangi siqib qo‘ydiki, bechora Trampning suyaklari oqarib ko‘rinish berdi — yana Emmanuel bir necha soniya uni qo‘yib yubormay turdi.

Keyinroq, Tramp va Makronni tanishtirish uchun tashkillashtirilgan o‘sha sammitning o‘zida ko‘pchilikning nazdida Makron Amerika prezidentining keng ochilgan qulochlariga oshiqmasdan, boshqa yetakchilar bilan shoshilmasdan ko‘rishib chiqib, uni kutib turishga majburlab, masxara qilgan.

Keyin Tramp iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan AQShning chiqishini e'lon qildi. Makron shu ondayoq ingliz tilida videomurojaat qilib, shu sohada ishlovchi amerikalik olimlarni Fransiyaga taklif etgan va Trampning saylovoldi shiorini biroz o‘zgartirib, masxaraomuz ohangda qaytargan — «sayyoramizni yana buyuk qilaylik», deya chorlagan.

Makron va Trampning munosabatlari boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas edi, ehtimol. 

Ularning ikkisi ham eski siyosiy kibor doiralarning tartib-qoidalariga o‘zini bog‘lashni istamaydi, ikkisi ham kuchli yetakchi sifatida ko‘rinishni istaydi, boz ustiga, ikkisining orasida haqqoniy siyosiy qarama-qarshiliklar ham bor.

Siyosiy raqiblari uyda Makronni o‘z pozitsiyalarini mustahkamlash maqsadida jahon yetakchilari bilan do‘stlashishga harakat qilayotganlikda ayblashadi.

Donald Tramp esa saylovda ochiqchasiga Makronning raqibi Marin Le Penga muxlislik qilgan edi. Bundan tashqari, Rossiyaning ham AQShdagi, ham Fransiyadagi saylovlarga ta'sir o‘tkazishga urinishi borasidagi mashmashalar buluti ham aloqalarga ko‘lanka tashlab turibdi. 

Ba'zan, Trampga ham, Makronga ham omma oldida «urush-urush» o‘ynash yoqsa kerak, degan fikrga kelasan kishi.

«Bachkanalikni bas qilish kerak»

«Kim kimning qo‘lini qattiqroq siqardi, kabi bachkanalikni yig‘ishtirish kerak, — deb yozgan Le Monde gazetasi iyun oyida tahririyat maqolasida. — Balkim, u (Makron) Trampdan kutilmagan harakat borasidagi monopoliyani olib qo‘ygan hamdir, lekin u jahonda Yevropaning ovozi bo‘lmoqchi, buning uchun imijga oid imo-ishora va ramzlardan yuqoriroqqa chiqish kerak».

Emmanuel Makron jahon yetakchilariga xushomad qilishni o‘rinlatayapti, eng so‘nggi vaqtlarda u Donald Trampning ishonchiga kirish uchun juda tirishqoqlik bilan harakat qilmoqda. 

7 iyulda «yigirmalik» sammitida kechki konsert oldidan Tramp va Makron yonma-yon o‘tirishdi va ular uzoq vaqt nimadir haqida xushchaqchaq suhbat qurishdi.

Fransiyaning yosh va tajribasiz prezidenti o‘z mamlakati vaznini jahon arenasida oshirish, o‘z pozitsiyasini esa vatanida yuksaltirishni juda istaydi.

Fransiya sotsialistik partiyasi bosh kotibi Jan-Kristof Kambadelis jurnalistlarga Makron «o‘z g‘alabasini legitimlashtirish» uchun «jahon yetakchilari kompaniyasini qidirayotgani»ni ta'kidlagan va Fransiya prezidentligi saylovlarining birinchi turida Makron saylovchilarning chorak qismidan kamrog‘ining ovoziga ega bo‘lganini eslatgan.

Makron Versalda Rossiya prezidenti Vladimir Putinni qabul qilib bo‘ldi, endi undan ham dabdabaliroq qadimiy an'analar bilan yo‘g‘rilgan sharoitda Tramp kutilmoqda. 

Trampning maqsadlari

Tramp uchun bu tashrif — u Transatlantika aloqalarni nechog‘lik qadrlashini, barcha qarama-qarshiliklar hisobga olinsa-da, Suriyadagi mojarolarning hal etilishi, terrorizmga qarshi kurash va NATO doirasida birgalikdagi ishlar bo‘yicha Fransiya bilan hamkorlikka qanchalik e'tibor berishini ko‘rsatib qo‘yish imkoniyatidir.

Juma kuni Bastiliya kuni bilan birgalikda, Fransiya qayg‘uli kunni ham nishonlaydi — Nitstsadagi teraktga bir yil to‘ladi.

Bir yil avval tunislik shaxs yuk mashinasini Ingliz sohilida Bastiliya kuni munosabati bilan mushakbozlikni kuzatishga to‘plangan odamlar ustiga haydagan va 86 kishining umriga zomin bo‘lgan edi.

Emmanuel Makron juma kunining ikkinchi yarmida Nitstsaga uchib boradi va motam marosimida ishtirok etadi. Shaharda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Parijda ham xavfsizlikning qat'iy choralari amal qilmoqda, boz ustiga, shaharga AQSh prezidenti tashrif buyurmoqda.

Bu tashrif Fransiya-Amerika munosabatlarining turli jabhalarini — o‘tmishda birgalikda qo‘lga kiritilgan g‘alabalarni ham, kelajakdagi alyanslarni ham, hozirgi umumiy maqsadlarni ham alohida qayd etib berishi kerak.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid