O‘zbekiston | 21:10 / 18.07.2017
116852
8 daqiqa o‘qiladi

Go‘sht narxi arzon bo‘lishining yechimi qayerda?

Doim turli raqamlarga to‘la maqola yozishdan uzoq bo‘lganman. Chunki, turli raqamlar hisob-kitobi, diagrammalar, grafik asosidagi yechimlardagi sonlardan iborat maqolani oddiy o‘quvchiga singdirish mahol ish. Shunday bo‘lsada, hozirgi  kunda juda dolzarb bo‘lib turgan go‘sht narxiga doir maqolani raqamlarsiz yozib bo‘lmas ekan. 

Men vodiyda yashayman. Boshqa joylardagi singari, ayni kunda o‘sha kundalik ehtiyoj uchun ishlatiladigan go‘sht mahsuloti narxi - Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida ham keskin ko‘tarilib ketdi. Endi vodiyning uch viloyatida 17 iyul kungi go‘sht narxlari bilan tanishing:

Namangan viloyati (Chorsu bozori, Go‘zal hududi, Davlatobod bozorlaridagi o‘rtacha narx)
– 1 kg mol go‘shti        – 30 – 33 ming so‘m
– 1 kg lahm go‘sht        – 36 ming so‘m

Andijon viloyati (viloyat markazi va tumanlar)
– 1 kg suyakli go‘sht         – 32-34 ming so‘m
– 1 kg lahm go‘sht        – 38 ming so‘m

Farg‘ona viloyati (Farg‘ona, Qo‘qon)
– 1 kg suyakli go‘sht        – 30 - 32 ming so‘m
– 1 kg lahm go‘sht        – 35 ming so‘m

Go‘sht qanday yetishtiriladi?
Narxlar bilan tanishgach: “Go‘sht nega qimmat?” degan savolga javob izlaymiz... 
Voha va yurtimizning boshqa viloyatlarida qanday bilmadim, lekin vodiy bozorlarida qassoblar so‘yib sotadigan go‘sht rastasi asosan  - xususiy sektor, ya'ni xonadonlarda yetishtirilgan qoramol va qo‘y hisobiga to‘ldiriladi. 

Tumanlarda yashovchi aholi xonadonlarida alohida molxona va qo‘yxonalarda o‘rtacha ikkitadan o‘ntagacha qoramol va qo‘y boqiladi. Qishloqda tuyoq boqish o‘ziga yarasha mashaqqatli ish. Chunki, chorva yetaklab boqish uchun yaylov hamda uyda yem berish talab qilinadi. Bo‘rdoqiga boqiladigan novvos, g‘unajin va qo‘chqorlar alohida mavzu. Chunki, bo‘rdoqi yem-xashakdan tashqari oqsilga boy ozuqa ham yeyishi kerak.

Kunjara va sho‘lxa, kepak singari ko‘plab kerakli yem-ozuqa viloyatlarda mavjud yog‘-moy korxonalarida ishlab chiqariladi. Novvoslarni asosan 2 yoshdan bo‘rdoqiga boqish mumkin. Bitta bo‘rdoqi novvosga uch mahal yem beriladi va bu bir oyga o‘rtacha 650 ming so‘m miqdoridagi ozuqa deganidir. 

Xonadonda qoramolni semirtirish uchun kerak bo‘lgan asosiy ozuqalar narxi:

Kunjara- 1200-1300 so‘m (yem-ozuqa shoxobchalarida), 1800 so‘m – erkin savdoda
Sho‘lxa – 1100 so‘m (shoxobchada), 1700 so‘m – erkin savdoda  
Kepak – 1100 so‘m   
Somon bir bog‘lami – 6 ming so‘m

Novvos 6 oyda yetiladi.

Go‘sht  qimmatlashishi sababi...
1. Ozuqa qimmatligi tufayli yetishtirilgan mahsulot tannarxining qimmat tushishi. Yoz mavsumida yuqoridagi ozuqalarni ishlab chiqaruvchi viloyatlardagi yog‘-moy korxonalarida o‘tgan yilgi paxta hosilidan olingan chigit tugaydi, ozuqa ishlab chiqarish to‘xtab, ozuqa o‘z-o‘zidan qimmatlashadi. Bu holat noyabr oyi oxirigacha davom etadi. Yaylovsiz hududlarda yem-xashak  tanqisligi vujudga keladi. Bozorlarda bo‘rdoqi qoramol va qo‘ylar narxi ko‘tariladi.  
2. Viloyatlarda mavjud naslchilik va bo‘rdoqichilik fermer xo‘jaliklarida bozordagi narxni tushirish uchun yetarli darajada bazaning yo‘qligi.
                         
Vodiy viloyatlarida vohadan farqli o‘laroq, yaylov juda kam. Asosiy yer maydonlariga paxta va bug‘doy ekiladi. O‘rib olingan bug‘doy poyasidan somon olinadi. Somon va kepakdan omuxta yem tayyorlash mumkinligi uchun bu yil o‘sha xalqimiz “press” deb atovchi somon bog‘lamining narxi ham 6 ming so‘mga ko‘tarildi (o‘tgan yilgi narx 4000 edi ). 
                                            
Bozordagi go‘sht narxini tushirishni emas, ishlab chiqaruvchiga sharoit yaratishni o‘ylash kerak
Kerakli ozuqa tayyorlovchi yog‘-moy korxonalarida yoz oylariga zaxira tayyorlanganida bugungi holat og‘riqsiz o‘tardi. Hududlardagi paxta va bug‘doy yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarida tuyoqli jonivorlarni ko‘paytirish uchun yetarli e'tibor qaratish ham o‘z samarasini berishi tayin. Buning uchun fermer ho‘jaliklarida boqiladigan har bir qoramol va boshqa chorva mollari soni uchun yetarli darajada ozuqa ekinlariga yer maydoni ajratilishi kerak. Xonadonlarda chorva mollari boqadigan aholiga alohida imtiyozli kreditlar berilishini ta'minlab, hududlardagi yem-ozuqa shoxobchalarini ko‘paytirish lozim.  

Yurtimizda aynan go‘shtga ixtisoslashgan naslchilikni rivojlantirish sohasiga e'tibor berish lozim. Hozirda viloyat va tumanlarda faoliyat yuritayotgan chorvachilikka ixtisoslashgan ho‘jaliklarda sutni ko‘proq beruvchi naslli chorvaga e'tibor katta. Parrandachilikni rivojlantirish ham o‘z-o‘zidan go‘sht narxiga ijobiy ta'sir qiladi.      
       
Go‘sht narxini sun'iy pasaytirish mumkinmi?
Balki, mumkindir... Lekin, juda oz muddatga. Go‘sht sotuvchilar hokimliklar talabiga binoan mahsuloti narxini uzog‘i bilan bir oy davomida “yuqoridan belgilangan narxda” ushlab turishi mumkin. Tirik vaznda sotib olingan qoramoldan foyda qolmagach, ular narxni yana keskin ko‘taradi yoki kasodga uchraydi. Barcha biladiki, bozordagi narxni nazorat qilib bo‘lmaydi, balki ishlab chiqaruvchiga sharoit yaratilsa narx o‘zi-o‘zidan pasayadi.

Ko‘pchilikka ayon, bozordagi qoramol narxi pasaymasa, qassoblar do‘koni peshtaxtasiga arzon narx yozib, go‘shtni baribir o‘ziga foyda qoladigan summada sotadi.

Yuqorida biz ayni paytdagi muammoli holat yuzasidan nomutaxassislarcha fikr yuritdik. Yurtimizda bu soha haqida yetarli ilmga ega insonlar faoliyat yurituvchi alohida tashkilotlar borligini yaxshi bilgan holda ulardan mavzuga bag‘ishlangan  tahliliy maqolalarni kutib qolamiz.

Elmurod Ermatov

Mavzuga oid