Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Raddiya: O‘tkir qalam agar aql bilan tebratilmasa, uning oddiy cho‘pdan farqi qolmaydi
Demokratiya – ko‘ngilxushlik, so‘z erkinligi — og‘ziga kelganni aytish emas. Aks holda bunday «demokratiya» va «so‘z erkinligi» jamiyat taraqqiyotiga emas, parokandalik va tafriqaga olib boradi.
Keyingi vaqtda jamiyatdagi yangilanish va demokratik islohotlar natijasida ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, katta auditoriyaga ega veb-saytlarda turfa fikrlar, tanqidiy qarashlar, bahs-munozaralar soni va salmog‘i ko‘paydi. Albatta, ochiq jamiyatda bahslar bo‘lishi, xilma-xil fikrlar bildirilishi tabiiy jarayon. Bunga hech kimning e'tirozi yo‘q. Biroq ana shu jarayonda, ayniqsa, ayrim saytlarda so‘z aytish mas'uliyati unutilib qo‘yilayotgani, «biz ham bormiz» qabilida yuzaki materiallar tayyorlayotgan mualliflar paydo bo‘layotgani dilni xira qiladi.
Masalan, yaqinda Kun.uz saytida O‘tkir Qalamtebratar (da'voni qarang!)ning «Jiddiy» gazetalarni nega o‘qimaymiz?» sarlavhali «maqola»si e'lon qilindi. Bu janrni nega qo‘shtirnoqqa oldikki, bu material boshdan-oyoq biryoqlama, asoslanmagan, hatto yolg‘on ma'lumot va munosabatdan iborat. Unda keltirilgan quyidagi jumlalarga e'tibor qiling: «Milliy tiklanish», «Adolat» va «XXI asr» kabi mamlakatning «yirik» ijtimoiy-siyosiy nashrlari haligacha ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasiga ega emas. Rasmiy veb-saytlarining ahvoli bundan-da g‘arib. Masalan, «Milliy tiklanish» gazetasining elektron shakli «tag-tugi» bilan yo‘q...»
Hayratlanarlisi shundaki, O‘tkir Qalamtebratar maqola yozayotganida so‘zi naqadar to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini biror marta bo‘lsin, tekshirib ko‘rmagan. Bunday deyishimizning, albatta, boisi bor. Chunki «Milliy tiklanish» gazetasining rasmiy veb-sayti — www.milliytiklanish.uz 2011 yildan beri muntazam faoliyat ko‘rsatib keladi. To‘g‘ri, balki saytning dizaynida u yoki bu kamchiliklar, ayrim texnik nomukammalliklar bo‘lishi mumkindir. Ammo bu «gazeta sayti tag-tugi bilan yo‘q», deya ayyuhannos solish uchun asos bo‘la olmaydi-da! Nazarimizda, muallif o‘zining «bu nashrlar internetni hali ham — «Yutub»dan qalang‘i-qasang‘i kliplar ko‘chirib beradigan ermak, deb hisoblaydi», degan fikriga o‘zi ham qattiq ishonib qolgan ko‘rinadi. Aks holda saytning bor yoki yo‘qligini tekshirib ko‘rish unchalik qiyin ish emas — bor-yo‘g‘i qidiruv tizimlari orqali «Milliy tiklanish» gazetasining sayti», deb axtarilsa, kifoya.
Muallifning «ijtimoiy-siyosiy nashrlar haligacha ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasiga ega emas», degan fikri ham haqiqatdan mutlaqo yiroq. Ijtimoiy-siyosiy gazetalarning deyarli barchasi, shu jumladan, «Milliy tiklanish», «O‘zbekiston ovozi», «Adolat» gazetalari ham ijtimoiy tarmoqlar, xususan, «Feysbuk»da o‘z sahifasiga ega. Unda bir necha oydan beri turli maqolalar e'lon qilib kelinmoqda. Buni bilish uchun jurnalistdan faqat ozgina hafsala, xolislik va izlanish talab etiladi, xolos. Agar O‘tkir Qalamtebratarning bundan xabari bo‘lmasa, «butunlay yo‘q» deyishi qanchalik asosli? (Va umuman olganda, gazeta o‘qish tugul uni kuzatib ham bormaydigan shaxsning bu mavzuda «qalam tebratishi» afsuslanarlidir). Axir jurnalist biror mavzuda maqola yozar ekan, o‘zi tanqid ostiga olayotgan obektni batafsil o‘rganishi, aytayotgan gaplarining to‘g‘ri va xolis ekaniga ishonch hosil qilishi kerak emasmi?! Aks holda, uning «o‘tkir qalamtebratar»lik da'vosiga qanday ishonish mumkin?
Albatta, jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari jamiyatda uchrayotgan kamchiliklar, muammolarni dadil ko‘tarib chiqishi, unga keng jamoatchilikning e'tiborini qaratib, bartaraf etishga ko‘maklashishi juda muhim, qolaversa, davr talabi. Biroq material tayyorlayotganda uni keng ommaga tarqatayotganda shoshmashosharlikka, fakt va raqamlarni chuqur o‘rganmay e'lon qilishga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Bizningcha, O‘tkir Qalamtebratar ta'biri bilan aytganda, «chang bosib yotgan» «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi, «OAV to‘g‘risida»gi, «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi kabi qonunlarni uning o‘zi aqalli biror marta changini artib, o‘qib ko‘rmagan. Aks holda undagi «jurnalist o‘zi tayyorlayotgan materiallarining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi shart», deya belgilab qo‘yilgan me'yorlarni ko‘rgan va unga amal qilgan bo‘lardi.
Jurnalistlik — o‘ta mas'uliyatli kasb. Qalam, agarda aql bilan tebratilmasa, uning tish... kavlaydigan oddiy cho‘pdan farqi qolmaydi.
Ahmad Polvon,
xolis qalamtebratar