Xalqaro sanoat yarmarkasi direksiyasi tugatildi
“Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsion birja direksiyasi” davlat korxonasi tugatildi. Bu O‘zbekiston Prezidentining 31 iyuldagi tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlar tizimini yanada isloh qilish to‘g‘risidagi yangi qarorida ko‘zda tutilgan.
Hujjatda aytilishicha, direksiya faoliyatini tashkillashtirishning shu kungacha amal qilgan tartibi «davlat va korporativ xaridlar ochiq-oydinligining tegishli darajasini ta'minlamagan”.
Kooperatsion birjaga tenderlar o‘tkazmasdan, uskunalar, butlovchi buyumlar, qayta ishlangan xom ashyo va materiallarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qilishga ijozat berilgani “turli korruptsion holatlar, jumladan birjadan avvaldan belgilangan yetkazib beruvchilar bilan shartnomalar tuzish maqsadida foydalanishga” sharoitlar yaratgan.
“Ko‘rgazma-yarmarka tadbirlarini o‘tkazish tartibotlari avvalo kichik biznes sub'yektlariga tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib berishda davlat va korporativ buyurtmalar olishning tegishli darajasini, buning oqibatida esa sog‘lom raqobat muhitini yanada rivojlantirishni ta'minlamagan”, deb aytilgan hujjatda.
Qarorda aytilishicha, direksiya tuzilgan shartnomalarni tahlil qilish va ular asosida mahalliylashtirish dasturiga tegishli loyihalarni kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish, sanoat kooperatsiyasining mahalliy xom ashyo asosidagi tayyor mahsulotni mahalliylashtirishdagi roli va ahamiyatini oshirish bo‘yicha asosiy vazifalarini deyarli ta'minlamagan.
Shu sababli, hujjatda davlat va korporativ xaridlar tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, «O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazma majmuasining ko‘rgazma-yarmarka faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlanishi kerak.