O‘zbekiston | 20:13 / 01.08.2017
42194
3 daqiqa o‘qiladi

Test imtihonlarini yoritish uchun kelgan jurnalistning barcha suratlari o‘chirib yuborildi

Illyustrativ surat. Foto: Kun.uz

Jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayevning ma'lum qilishicha, 1 avgust kuni u Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filialiga o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan abituriyentlar test sinovlarini topshirayotgan binoga keladi. Jurnalistning Facebook'dagi sahifasida bildirishicha, u yerda ichki ishlar xodimlari bir yigitning ortidan quvlab ketganini ko‘rgan. O‘sha yerda turgan “ishqibozlarning” so‘zlariga ko‘ra, u yigit boshqa abituriyentning o‘rniga test sinovlarini topshirmoqchi bo‘lgan. Ma'lum bo‘lishicha, bundaylar soni bir necha kishiga teng bo‘lgan. Ularni avtobusga chiqara boshlashgan, Rahmatullayev esa ularni hisoblab, bitta fotosuratni olishga ulgurgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hammasi bo‘lib 11 yigit bo‘lgan.

Shundan so‘ng jurnalist mas'ul shaxslardan birining oldiga kelib, intervyu olishga harakat qilgan. Biroq, uning yoniga ichki ishlar idoralarining xodimlaridan biri kelib, fotoapparatni berishni so‘raydi. Rahmatullayev jurnalist ekani hamda kirish imtihonlari haqida reportaj tayyorlayotganini aytgan. Ichki ishlar idorasi xodimining taklifiga ko‘ra, podpolkovnik unvoniga ega bo‘lgan zobit ularning yoniga yaqinlashgan. Jurnalist unga guvohnomasini ko‘rsatgan hamda o‘z maqsadi haqida gapirmoqchi bo‘lganida, kutilmagan so‘zlarni eshitgan. Rahmatullayevning aytishicha, zobit shunday degan: “Men sizni bilaman, nimani yozishingizni va kimga xizmat qilishingizni ham bilaman”.

Podpolkovnik yonida tegishli formasi bo‘lmagan yosh yigitlardan biriga fotoapparatdan barcha suratlarni o‘chirib yuborish vazifasini topshirdi. Jurnalist uning xatti-harakatlari qonunga xilof ekanini tushuntirmoqchi bo‘lgan. “Men o‘z ishimni qilmoqdaman, hamda umuman, bizning Konstitutsiyaga ko‘ra, nafaqat jurnalist ma'lumotni olishi va tarqatish huquqiga ega, balki har bir fuqaroning ham bunga haqi bor”, - degan u zobitga. Biroq, uning bu so‘zlari hech qanday natija olib kelmagan.

Bu vaqtda esa fuqarolik kiyimidagi shaxs fotosuratlarni o‘chirish bilan shug‘ullangan. Jurnalist so‘nggi beshta suratdan boshqalari umuman o‘zga tadbirlarda olingani, hamda bugungi holatga aloqasi yo‘q ekanini aytadi. Biroq, u bunga e'tibor bermaydi, hamda bugungi suratlarni o‘chirib yuborib, fotoapparatdagi butun arxivni ko‘ra boshlaydi. Rahmatullayevning uning bu harakatlari qonunga xilof ekani haqidagi so‘zlari unga hech qanday ta'sir ko‘rsatmagan. U butun arxivni ko‘rib bo‘lgach, jurnalistga fotoqurilmani qaytib bergan.

Shundan so‘ng Rahmatullayev 6-ichki ishlar bo‘linmasiga olib boriladi. U yerda esa bir necha savol-javobdan so‘ng, ma'lumotlar jurnalga kiritilgach jurnalistga javob berishadi.

Mavzuga oid