Jamiyat | 22:44 / 01.08.2017
93548
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkent bozorlarida go‘sht narxi qancha?

So‘nggi kunlarda qator OAV muhokamasida bo‘lib kelayotgan mavzulardan biri bu oziq ovqat mahsulotlari, ayniqsa sabzavot va go‘sht mahsulotlari narxi sezilarli ko‘tarilib, qimmatlashgani haqida bo‘lmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa, go‘sht narxining ko‘tarilgani turli fikrlarni keltirib chiqarmoqda. Xususan, ayrimlar go‘sht qimmatlashuvida qassoblarni ayblayotgan bo‘lsa, kimlardir chorvadorlar va qoramol yetishtiruvchilarni tanqid qilmoqda. Boshqalar yem-xashak narxi ko‘tarilganini vaj qilishayapti, yana kimlardir go‘sht eksport qilishga ruxsat berilganini sabab sifatida ko‘rsatishmoqda.

Kun.uz tahririyati ushbu masalani Toshkent shahri bozorlari va kushxonalari misolida o‘rganib chiqishga qaror qildi. 

O‘rganishlar Toshkentning Mirobod, Chorsu va Farxod bozorlari go‘sht bozorlarida olib borildi. Bundan tashqari go‘sht savdosi bilan shug‘ullanuvchi do‘konlar va supermarketlar (Korzinka, Kasbino) go‘sht rastalaridagi narx-navo o‘rganib chiqildi.

O‘rganishlar davomida Uchtepa va Shayxontohur tumanlaridagi kushxonalarda ham bo‘lindi. Bu yerda qo‘y go‘shtining bir kilogrammi 30000-31500 so‘mdan tortilayotgani aniqlandi. 

Mol go‘shti esa, bir kilogrammi 32000-32500 so‘mdan sotilmoqda. Bunda, alohida ta'kidlash joizki, kushxonada sotilayotgan go‘sht mol yoki qo‘y so‘yilganidan so‘ng 4 qismining vazni hisobga olinadi. 

Shuni alohida uqdirishni istardikki, bozorlarda “O‘zbekoziqovqatzaxira” tashkiloti tomonidan tashkil etilgan savdo rastalarida arzon narxlarda go‘shtlar taklif etilmoqda. Ularning 1 kilogrammi 20 ming -24 mingdan sotilmoqda. Ammo, ularning sifatiga xaridorning savollari bo‘lishi aniq. Masalan, muzlatilib, qadoqlangan go‘sht kilosi 21 ming so‘mdan sotilayotgan bo‘lsa-da, uning sifati haminqadar ekani ko‘rinib turibdi. Yana sotuvchilarning aytishlaricha, bu go‘shtlar harbiylar uchun bir necha yillar mobaynida muzxonalarda saqlanib kelingan zaxiradagi go‘shtlardan qadoqlangan. Bizning ushbu go‘shtlarning necha yillik ekaniga doir savolimizga sotuvchi aniq javob bera olmadi.

Qassoblar bilan olib borilgan muloqotda ularning aytishlaricha, go‘sht narxining qimmatlashuvida ularning aybi yo‘q. Chunki, go‘shtni lahm va suyakliga ajratmasdan, ko‘tarasiga kushxonalardan olishadi. Shuning uchun ham so‘nggi vaqtlarda ular lahm go‘sht sotishni ma'qul ko‘rishmayapti. Mijoz lahm go‘shtni so‘ragan taqdirda ham bir kilo go‘shtga kerakli suyak qo‘yilib, so‘ngra narx chiqarilgach, suyak olib tashlanadi, ammo narx o‘zgartirilmaydi. 

Shuningdek, Farxod bozorida Buxoro viloyati Olot tumanidan keltirilgani qayd etilgan go‘shtlarning sifatini esa, garchi ularda veterinariya nazoratining ruxsati va muhri bo‘lsa ham tashqi ko‘rinishi mijozni qochiradi.

Xaridorlar bilan suhbatlashilganda, ular arzon go‘shtni xarid qilishsa bir kilogramm go‘shtga me'yordagidan ko‘p suyak berilishini ta'kidlashdi. Ayrim qassoblarning aytishlaricha, bugungi kunda kushxonalarning o‘zida ham bo‘rdoqi qoramol va qo‘y soni kamaygan, ya'ni tirik qoramol tanqisligi kuzatilmoqda. Avvallari bir kunda 4-5 ta “KamaZ” avtomobilida (har birida 15 tadan) qoramol so‘yib qassoblarga sotilgan bo‘lsa, shu kecha-kunduzda bir kunda 1 ta yuk mashinasida olib keltirilgan 15 tacha qoramolni xarid qilish uchun 70-80 qassob navbat kutadi. Ularga, balki eksportga ruxsat berilgani shunday tanqislikni keltirib chiqargandir, degan savol bilan murojaat qilganimizda, bu narsaning ta'sir ko‘rsatishiga shubha bildirishdi. Qassoblarning aksariyati masalaning yechimini kam qoramolni taklif etayotgan kushxonalardan qidirish kerak, degan fikrlarni bildirishdi.

Shundan so‘ng, kushxonalar faoliyati o‘rganildi. Ularning vakillaridan go‘sht tanqisligi xususida fikrlar so‘raldi. Ular 3-4 oy avval kuniga 3-4 ta yirik yuk mashinasida keltirilgan qoramollar so‘yilib sotilgani, bugungi kunda bu raqam 1 ta yuk mashinasini tashkil etayotganini tasdiqlashdi. Kushxona vakillarining aytishlaricha, joylarda chorvadorlar qoramol va qo‘ylarni so‘qimga boqishni kamaytirishgan. Kushxonaga bo‘rdoqi mol olib kelgan dehqon bilan suhbatda u ayni vaqtda bo‘rdoqi boqish iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamayotganini ta'kidladi. 

U o‘z misolida masalani ochiqladi. Shunday qilib, chorvadorning aytishicha, u kushxonaga viloyatdan 5 ta qoramol keltirgan. 5 ta qoramol tannarxi so‘yib sotilganidan so‘ng, 25 mln 776 ming so‘mni tashkil etgan. Bundan 1 mln so‘m (transport xarajati) chiqarib tashlanadi. Qolgan 24 mln 776 ming so‘mdan qoramollarning bozordan olingan narxi va yem-xashak uchun xarajatlar chiqarib tashlansa, 4-6 oyda 2 mln so‘m daromad ko‘rmoqda. 

“Shunga ko‘ra, - dedi chorvador, - ko‘pchilik men bilgan kishilar ham bo‘rdoqi boqishni kamaytirishdi va dalaga chiqib, dehqonchilik qilishni ma'qul ko‘rishmoqda”.  

Qolaversa, uning so‘zlariga ko‘ra, yem-xashak ko‘tarilgani ham bunga salbiy ta'sir ko‘rsatayapti. 

 

Mavzuga oid