08:42 / 07.08.2017
45142

“Qabrning yoniga tovuqni so‘yib, dafn qilish” - yana bir urchigan bid'at haqida

Foto: Flickr

Alloh taolo sizu bizni yaratib, shunday deydi: “Inson zaif qilib yaratildi”.

Darhaqiqat, insoniyat zaifdir. O‘zining boshidan nimalar o‘tishini bilmaydi, kelajakdagi ishlarga sabrsiz bo‘ladi, berilgan ne'matlarga noshukrchilik qiladi. Buyurilgan ishlarni qilmaydi, qaytarilgan gunohlardan qaytmaydi. Robbisiga osiy bo‘ladi, kechirim so‘raydi, yana gunoh qiladi va yana kechirim so‘raydi. Na issiqqa chidaydi, na sovuqqa toqati bor. Xudoning ishlariga aralashadi. Aqli ojizlik qiladigan narsalarga aqllilik qiladi. Shoshilmaslik kerak bo‘lgan yerlarda shoshiladi. Zarur bo‘lgan narsalarda kechikadi. Bo‘yniga yuklatilgan mas'uliyatdan qochadi.

Shuning uchun Alloh taolo bu dunyoda bandasini rozi bo‘lib yashashi uchun Qur'onni tushirdi va o‘zimizdan Payg‘ambarlarni yubordi-ki, o‘shalarga qarab amal qilaylik va hayotimizni yurgizaylik.

Yaqinda tumanda bir janoza namozi bo‘ldi. Mayitni qabristonga dafn qilib ketishdi. 4-5 kundan so‘ng oldimga o‘sha mayit xonadoni egalari (erkaklari) kelib, domla bir ish sodir bo‘ldi, shunga nima deysiz, deb so‘rab qolishdi.

Biz mahallamizda yashovchi “ayol mullo”ni ko‘rsatmasiga asosan keldik. U kishi (ayol mullo) aytdiki “mayitlaringni kiyim-kechaklarini jam qilinglar, bir tovuqni so‘yib, qonini kiyimlari ustiga oqizinglar, keyin salafanga solib, kiyim bilan birga tovuqni ham mayit qo‘yilgan qabr yoniga ko‘minglar” dedi. Mana shu “ayol mullo”ni aytganini qilib, qonga bo‘yalgan mayit kiyimlar va tovuqni olib keldik, siz nima deysiz”, deyishdi.

Men “kim ekan u “bid'atkunanda”, dedim.

Ular o‘sha “ayol mullo”sini ismini aytishni xohlamadi. Shundan so‘ng bu ishlarini shariatimizda yo‘qligi, bid'at ekanligi, xurofot ekanligini, mayitga hech qanday foydasi yo‘qligini, aksincha, barchalari bir bid'atkunandani gapiga kirib gunoh ish qilayotganligini, agar shu bid'at ish qilinsa, Allohning g‘azabi kelishini, ko‘p yomonliklarga qolishini va ularga tuman imom-xatibi sifatida murojaat qilayotganligimni aytdim. Chunki oldimga kelgan mayit egalari har kimni ham gapiga ergashib ketmasligi, diniy masalalarda imom-xatiblarga murojaat qilishlarini eslatib qo‘ydim.

Ular esa meni gapimdan keyin huddi “qafasdagi qo‘sh”day nima qilishlarini bilmay qoldi. Erkaklarni boshi qotdi, nimadir qilish kerak, vaziyatdan qanday chiqish kerak. Imom-xatibni aytganini qilsinmi yoki “ayol mullo”sini? Shunda biri aytdiki, bu ishni “xotinlarimiz” topib keldi, o‘sha “ayol mullo”ni ham oldiga o‘shalar borgan, endi shu ishni qilmasak bo‘lmaydi. Hozir mayitni qonga bo‘yalgan kiyimini uyga qaytarib borilsa, “yomon” bo‘lishini sheriklariga ham bildirib qo‘ydi.

Xullas bari-bir ayollarni oldiga qaysi yuz bilan borishni o‘ylagan erkaklar o‘sha “ayol mullo”ni aytganini qilishga qaror qildi. Qonga bo‘yalgan mayit kiyimini olib, qabri yonidan qabr qazib, ko‘mib ketishdi.

Oradan bir haftalar o‘tgandan so‘ng, yana o‘sha “erkaklar” jamoasi masjidga tashrif buyurdi. Qullarida dasturxon, shirinliklar. “Domla bizlarni tanidingizmi?”. “Ha, kelingizlar”. “Bir tilovat qiling “o‘tganlarimiz ruhlari shod bo‘lsin, bizlardan rozi bo‘lsin”. Qur'ondan tilovat qilib o‘tganlar ruhiga bag‘ishlab bo‘lganimizdan so‘ng, ular kechirim so‘ray boshladi. O‘tgan safar sizni aytganingizni qilmay, onamizni kiyimlarini tovuqni qoniga botirib, qabri yoniga ko‘mib ketgandik. O‘sha kundan beri har kuni onamiz, opalarim, singillarim va qarindoshlarimizni tushiga kirib chiqarkan. Har kuni bir xil tush. Ayollarni tushida “Onamiz” kir kiyimlarini to‘plar ekan, lekin yuvolmas emish. Bizlar haqiqatan ham bir “bid'atkunanda”ni gapiga kirib, noshar'iy ishlarni qilgan ekanmiz. Bizlarni kechiring! O‘shanda sizni aytganingizni qilsak bo‘larkan.

Sizlarni Alloh kechirsin! Haqiqatan ham o‘sha kuni sizlarga Xudoni zorini qildim. Bu bid'at ishni qilmanglar, gunohga qolasizlar. Undan tashqari, bu bid'at ish odamlar orasida tarqalsa, ko‘plab gunohlarga mustahiq bo‘lib qolasizlar dedim. Shundan so‘ng,  juma namozida jamoatga bo‘lgan voqeani gapirib berdim. Juma namozidan keyin tumandagi “Sobir-ota” qabristoni ishchisi, mahalla mullalarimizdan biri, domla o‘tgan kuni men xizmat qiladigan qabristonga ham tovuqni so‘yib, ko‘mib ketibdi, deb qoldi. Demak bu ish “bid'at” tumanda avj ola boshlabdi. Buni chorasini ko‘rishimiz kerak, deb chora-tadbirlar qilishni rejalashtirib turganimizda yana shu mahalla mullasi qo‘ng‘iroq qilib, “domla bugun men qabristonda yo‘q paytimda yana “ikkita” tovuqni so‘yib, qabristonga ko‘mib ketishibdi”, dedi. Bu ish shunchalik keng tarqala boshladi-ki, buning oldini olish uchun keng jamoatchilikni jalb qilishga to‘g‘ri keldi.

Tumanda mahalla mullalari, otinoyilar o‘rtasida, mahallalarda “ayol mulla”ni qilmishi muhokama qilindi, tushuntirish ishlari olib borildi, tadbirlar o‘tkazildi va tegishli ko‘rsatmalar berildi. Bir bid'atning oldi olindi.

Xulosa o‘rnida bir necha savol tug‘iladi:

Yuqorida sodir etilgan “bid'at”ni nahotki noto‘g‘ri ekanligini musulmon xalqimiz bilmasa?

Bu ish noto‘g‘ri ekanligini hammamiz bilamiz, hattoki, yosh bolalar ham biladi. Agar yosh boladan shu ishni (tovuqni so‘yib qabristonga ko‘mish) qilmoqchiman desangiz, tentak bo‘lganmisizlar “Tovuqni gushtini yeyish kerak”, deb javob beradi.

Nima uchun odamlar gunoh ishga, bid'atga bunchalik qattiq yopishib olishadi, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatsang, undan qochishga xarakat qilishadi?

Masjid imom-xatiblari, ilmlik kishilarimiz shar'iy masalani to‘g‘ri ko‘rsatib bersa ham, o‘sha chalasavod (mulla)ni gapini ma'qullashadi? Imom to‘g‘ri yo‘lni aytdi, deb erkaklar jur'at qilib olib kelgan “gunohi”ni savobga aylantirish uchun uylariga qaytarib olib ketmaydi. Borib xotinlariga noto‘g‘ri ekanligini tushuntirmaydi? Nima sabab bo‘ldi? Yoki ilmimiz yo‘qmi?

Ilmsizlarni gapini gap deb, ilmli kishilarga ergashmaganlarning ahvolini bugungi kunda Iroq va Suriyada ko‘rib turibsiz. Nimalar bo‘ldi. To‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan olimlarni birinchi bo‘lib o‘ldirishdi, keyin shaharlari vayron bo‘ldi, millionlab odamlar halok bo‘ldi, millionlab odamlar, yosh bolalar, ayollar vatanlarini tashlab sarson-sargardon bo‘ldi, qancha zarar ko‘rildi.

Eng asosiysi bu bid'atni kim o‘ylab topgan, qanday yuzaga chiqdi. Biror bir kitobda yozilmagan bo‘lsa, hech bir asosi bo‘lmasa, qanday paydo bo‘layapti? Bid'atkunanda shunday desam odamlar ishonishadi deb o‘ylasa kerak-da. Endi odamlarga nima bo‘lgan. Hech bo‘lmasa bu ishga buyurilganda, qayerda yozilgan, qaysi kitobda, nima uchun bu ishni qilishim kerak, nima foydasi bor, deb savollar ham bersa bo‘ladi-ku. Asosi yo‘q narsani bid'atkunanda buyurayapti, qanchadan-qancha fuqarolarimiz sarson bo‘lib yurishibdi.

Shuning uchun har qanday diniy masala yoki diniy marosim va marakalarimizda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni ilmli kishilarimiz, imom-xatiblardan so‘rab keyin amalga oshirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Xalqimizning ongini har hil bid'at-xurofotlar bilan chalg‘itadigan ilmsiz nodonlar o‘zlarini yig‘ishtirib olsin. Dunyoda ham oxiratda ham sharmanda bo‘lib qolmasin.

Bobonazarov Saydulla
Navbahor tuman bosh imom-xatib

Top