Anhor.uz sayti bosh muharriri Lola Islomova O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining yangi Bosh direktori Laziz Tangriyevga ochiq xat yo‘lladi.
Ochiq xat rus tilida yozilgan va uning mazmuni quyidagicha:
«O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Bosh direktoriga ochiq xat
Hurmatli Laziz Xushboqovich!
Asosiy vazifasi mulkchilik shaklidan qat’i nazar, ommaviy axborot vositalarining mustaqil faoliyatini amalga oshirishga bo‘lgan Konstitutsiyaviy huquqlariga va tegishli qonun hujjatlariga, so‘z va matbuot erkinligi kafolatlariga so‘zsiz rioya qilinishi monitoringini olib borishdan iborat bo‘lgan idoraning (O‘zMAA Nizomida shunday yozilgan) rahbari sifatida sizga murojaat qilmoqchiman.
Mustaqil jurnalistika — demokratik jamiyatning asosiy belgilaridan biri, mustaqillikka erishgan O‘zbekiston hayotidagi yangi sahifa hisoblanadi. O‘zMAA rahbari ko‘p yillardan beri OAV vakillariga bayonot bilan chiqish qilgani quvonarli, albatta. Sizning OAV vakillariga bayonot tarzida yozilgan «Ma’naviyatga zarar yetkazganlarni ayamaymiz» maqolangiz jurnalistlar o‘rtasida qizg‘in muhokama va taajjub keltirib chiqardi.
Obektiv va konstruktiv tanqid — o‘z-o‘zidan, taraqqiyotning kuchli vositalaridan bir sanaladi hamda kamchiliklarni ko‘rish va bartaraf etishda, har qanday ishni oldinga siljitishda yordam beradi. Biroq aynan shu vositadan juda ehtiyotkorlik bilan foydalanish kerak. Sizning bayonotingizdan keyin e’lon qilingan «Og‘riqli nuqta» maqolasi jurnalistika taqdiri uchun tashvishlanishga majbur qilmoqda.
Menimcha, mamlakat fuqarolari taniqli insonlar hayotining qanday sahifalarini bilishi «kerak»ligi va qaysilarini bilishi «maqbul emas»ligini aniqlab berish — nafaqat alohida bir shaxslarning, hattoki hech bir davlat idorasi shug‘ullanishga haqli bo‘lgan narsa emas. Bu inson nafsoniyatining eng nozik torlariga teguvchi, eng muhimi — O‘zbekiston Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan axborot olish va almashish huquqini poymol etish hisoblanadi. Hech bir shaxs unga boshqa bir shaxslar guruhi yoki idora nimalarni bilish mumkinligi va nimalarni bilishiga hali erta ekanligini aniqlab berishiga hech qachon rozi bo‘lmaydi.














