19:00 / 14.08.2017
20501

Bir mahalla mashmashasi: tadbirkor haqmi yoki fuqarolar?

Prezident ko‘rsatmasi bilan ayni kunda poytaxtda “Zamonaviy mahalla”larni bunyod etish qizg‘in pallada. Aytish kerakki, zamonaviy mahalla loyihasida mahalla guzari va unga yondosh maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qad rostlashi kerak. Ammo Prezident ko‘rsatmasini ijro etishda shoshma-shosharlik, qarorni ijro etish bahonasida manfaat ko‘rishni ko‘zlaganlar ham uchrab turibdi. Navbatdagi murojaat ham ayni shu mavzuda. 

Toshkent shahri Uchtepa tumani “Oq masjid” mahallasi 3-tor chevar ko‘chasi aholisi bugun mazkur zamonaviy mahalla loyihasini ijro etuvchi mutasaddilardan rozi emas. Biz vaziyatga xolis baho berish uchun ular bilan uchrashdik.

Ularning aytishicha, ushbu mahalla guzarini qurayotgan tadbirkorga yer maydoni ajratilayotgan ekan. Lekin mahalla guzarining o‘zi umuman boshqa joyda qurilmoqda. Bu yerni esa tadbirkor o‘zi uchun olayotgani aytildi. 

Mahalla aholisining so‘zlariga ko‘ra, mahalla raisi “Men Prezidentning qarori bo‘yicha guzar qurishim kerak, shu ishimni bitirib bersa bo‘ldi, meni boshqa narsa qiziqtirmaydi” qabilida bu boradagi murojaatga javob qaytargan. Yer hududi esa mahallaning joyi bo‘lib, ilgari bu yerda bog‘ bo‘lgan ekan. 

“Bir paytlar mahallaga militsiya punkti qurish kerak deyilganida, biz rozi bo‘lib, shu yerga qura qolsin militsiya punktini, deganmiz. Avvalgi rais shuni qurgan. Endi bu punktni guzarga ko‘chiramiz va shu yerni tadbirkorga beramiz, deyishayapti. Tadbirkor sartaroshxona, boshqa narsalar quraman, degan. Lekin u o‘z og‘zi bilan menga u narsa kerak emas, bu yerda uchastka quraman, deyapti. Bu masalani tuman hokimiga aytganmiz. U “men bu narsaga aralashmayman” degan, sababi hokimning o‘zi shu mahalladan chiqqan. “Men aralasha olmayman, sizlar ham mahalladoshimsizlar, u ham, hal qilinglar”, deb o‘rinbosariga bu borada topshiriq bergan. Biroq o‘rinbosar ham, Uchtepa mahallalar jamg‘armasining raisi ham, bu yerdagi mahalla raisi ham muammoni hal qilmayapti. Maqsad – shu yerni olish. Boshqa hech narsa ularni qiziqtirmayapti. Biz Prezident portaliga yozdik, ammo haligacha javobi yo‘q”, - deydi mahallada istiqomat qiluvchi fuqarolardan biri.

Fuqarolarning aytishicha, ushbu yer hududi atrofida 8 ta xonadon bo‘lib, ularda 17 oila, 60 kishi yashaydi.  

Mahalla oqsoqoli shu mahalla aholisi haq-huquqlarini himoya qiluvchi, mahalla ahliga xizmat qiluvchi xalqning ishongan vakilidir. Tadbirkorning mahalla guzariga ajratilgan yer maydoniga uy-joy qurish da'vosi nechog‘lik haqiqat ekanligini aniqlash, mazkur muammoga oydinlik kiritish uchun “Oq masjid” mahalla fuqarolar yig‘ini raisiga mikrofon tutdik. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, “bu yerga tegishli davlat idoralari xodimlarining o‘zi kelib qoziqlarni qoqib bergan”. Arxitektorning xulosasi, barchasi tadbirkorning qo‘lida ekani aytildi.

“Seshanba kuni kadastr hujjatlarini oladi. Qolgan barcha hujjatlarni unga hokimiyat bergan. Aholi noroziligi bilan bog‘liq barcha narsani hokimlikka yetkazganmiz. To‘xtatib qo‘yishgan. Fuqarolar portalga murojaat qilishgan. Kutinglar, deyilgan. Shuning uchun to‘kilgan toshlarning ham barchasini qaytarib olib ketmoqchi edi, qo‘shimcha yana tosh to‘kib qo‘ydi. Shunga bu ish to‘xtadi. U yer to‘xtaganga tadbirkor endi bu yerni ham qilmoqchi emas. Qachonki, u joydagi yerimni hokimiyat o‘rab bersa, shunda bu joyni ham davom ettiraman, deyapti”, - deydi mahalla raisi.

Bizni hayratga tushganimiz - mahalla raisining ishidan mahalla ahli norozi. Nega unda mahalla oqsoqoli qilib saylangan. Suhbat so‘ngida mahalla raisi bizdan yana mikrofon tutishimizni so‘radi. 

“Bir fuqaro o‘zining manfaatini ko‘zlab shu yerga uy qurmoqchi bo‘lgani uchun boshidan bizga qarshilik ko‘rsatdi. Bu odamni uy qurish bo‘yicha har qayerga qilgan murojaatiga javob kelib, uy qurish mumkin emasligidan keyin bu odam chetga o‘tdi. Hozir fuqarolarning bizdan talab qilayotgan narsasi – u yerda qurilayotgan narsa sabab uylar to‘silib qolayotgani, havo kirmasligi bilan bog‘liq. Lekin boshida bularning qatorida turgan fuqaroning dardi – birinchi bo‘lib o‘sha yerga uy qurmoqchi bo‘lganidir”, - dedi rais.

Raisning so‘zlariga ko‘ra, hokim bergan qarorga binoan ushbu yerda hech qanday uy-joy qurish mumkin emas ekan.

Mahalla raisi va mahalla aholisi o‘rtasidagi janjal keskin tus olish arafasida. Ammo masalaning yechimi yo‘q. Bu borada Uchtepa tumani hokimligidan izoh kutib qolamiz.

Top