19:20 / 14.08.2017
13547

Nokia 8: 16 avgust kuni yangi flagman taqdimoti kutilmoqda

Yil boshidan buyon 2017 yil oxiriga qadar Nokia mobil qurilmalari litsenziyalariga egalik qiluvchi HMD Global brend markasi ostida hech bo‘lmaganda bir smartfon taqdim qilishi kutilayotgan edi. Taxminlarga ko‘ra, bu Nokia 9 bo‘lishi kerak edi, biroq yangi ma'lumotlar bunga shubha uyg‘otmoqda. Ularga ko‘ra, yangi flagman 16 avgust kuni namoyish qilinishi kutilayotgan Nokia 8 bo‘ladi. Hi-Tech bu smartfon haqidagi barcha ma'lumotlarni taqdim etdi. 

Nokia 8'ning ikki Carl Zeiss kamerasi 

Carl Zeiss — Germaniyaning 1846 yildan beri faoliyat yurituvchi optik uskunalar ishlab chiqaruvchisi. Kompaniya avval bir necha yil davomida mobil kameralarni ishlash borasida Nokia bilan hamkorlik qilgan, shuningdek Microsoft Lumia smartfonlari optikasini yaratgan. Biroq Nokia brendi HMD Global tasarrufiga o‘tganidan keyin hamkorlik tugatilgan edi. 

Mana endi, tarqalgan ma'lumotlarga ko‘ra, Nokia yana Carl Zeiss optikasiga ega bo‘ladi. Ishonchli insayder Evan Blassning yangi ma'lumotlari shundan dalolat bermoqda. 

Qurilmaning orqa panelida 12 megapikselli ikki kamera bo‘lib, u Zeiss optikasi bilan "qurollangan", selfi kamerasi ham - 4K video olishga qodir 12 megapikselli sensor. Hozircha bor-yo‘g‘i uch telefon shunday xususiyatga ega - bular HTC Butterfly 3, Essential phone va iPhone 8.

Nokia 8 qurilmasining kamerasi uch rejimga ega: RGB, Dual-Camera va Mono. Foydalanuvchilar surat olishdan avval qanday kamerani ishlatishni tanlashi mumkin: asosiy kamera, ikkilamchi kamera va frontal kamera. Ta'kidlash joizki, ikki kamerali 13 megapikselli modul ikki datchikdan iborat: RGB va monoxromatik. 

Dizayn va ranglari

Umuman olganda, Nokia 8 alyuminiy korpusli va rangli hoshiyali an'anaviy monoblokdek ko‘rinadi. Qurilma burchaklariga biroz aylana shakl berilgan, kamera moduli esa korpusdan sezilar-sezilmas chiqib turadi. Taxminlarga qaraganda, smartfon o‘lchamlari 151,55 x 73,7 mm, ya'ni Nokia 6 qurilmasidan biroz kichik bo‘ladi.

Nokia 8 hoshiyasiz ekranga ega bo‘lmasa-da, iPhone'ning, shuningdek Android'li smartfonlarning  ajoyib muqobili bo‘lishi mumkin. Smartfon Nokia'ga xos bo‘lgan dizaynda va bir necha xil rangda namoyish etiladi, jumladan ko‘k, tillarang va kumushrangda ham.  

Tarmoqda yangi qurilmaning dastlab ko‘k va kumushrangdagi suratlari paydo bo‘ldi - suratlar mashhur blogerlar tomonidan yuklandi. Keyinroq uning tillarang versiyasi surati ham tarqaldi. 

Ushbu suratda smartfonning rangi tillarangdan ko‘ra ko‘proq misrangga o‘xshaydi. 

Bundan tashqari, Nokia 8 ikki SIM-kartani qo‘llab-quvvatlashi ma'lum. Shuningdek ba'zi insayderlar yangi flagman IP68 bo‘yicha sertifikatlanishini ta'kidlashmoqda. Blokdan yechishda qo‘llanadigan barmoq izlari skaneri Home tugmasiga joylangan. 

Xususiyatlari

Ekran: 5,25-dyuymli, Quad HD, 1440 x 2560, 559 ppi;

Chipset: sakkiz yadroli Qualcomm Snapdragon 835 (4 yadro  2,45 GGts chastotali va 4 yadro 1,9 GGts chastotali) + GPU Adreno 540;

Xotira: 4 GB / 6 GB OZU, ichki xotira - 64 / 128 GB;

Asosiy kamera: ikkilamchi, 13 megapikselli,  Carl Zeiss optikali;

Smartfon Android 7.1 Nougat'da ishlashi kutilmoqda, lekin brend muxlislari yangi dasturiy ta'minot chiqqanidan keyin kompaniya Android O'ni taqdim etishiga ishonch hosil qilishlari mumkin.

Muddatlar va narxlar

Dastlab fin riteylerlardan tarqalgan mish-mishlar Nokia 8 narxi 550 yevroni tashkil qilishini ma'lum qilishgandi. Biroq yangi ma'lumotlarga ko‘ra, Nokia 8 bahosi 600 emas, 500 yevroga yaqin bo‘ladi. Taxminlarga ko‘ra, HMD o‘z qurilmasini 16 avgust kuni Londonda taqdim etadi. 

Mavzuga oid
Top