15:00 / 16.08.2017
7669

UMS: Mobil aloqaning salomatlikka ta'siri emas, uning sifati haqidagi shikoyatlar ko‘proq tushmoqda

Informatsion texnologiyalar va kommunikatsiyalar vakillari ishtirokida «O‘zbekistonda mobil aloqa: muammolar va yechimlar» mavzusida bo‘lib o‘tgan Xalqaro press klubda UMS bosh direktori Sirojiddin Faxruddinov mobil aloqa sifati haqida tushuntirish berib o‘tdi.

— Mobil aloqa sifati yomonligi to‘g‘risida mijozlarimizdan juda ko‘plab shikoyatlar kelib turgani sir emas. To‘g‘ri, bu yerda vaziyat turli sabablar tufayli, aytaylik, joylarda elektr ta'minotida sodir bo‘ladigan tez-tez uzilishlar tufayli ham yuzaga kelishi mumkin. Lekin asosiy sabab baribir bazaviy stansiyalar — soddaroq qilib aytganda antennalar yetishmasligidadir.

Biz ko‘proq hududlarni bazaviy stansiyalar bilan qoplashimiz kerak. Bu borada sanitariya normativlariga ham rioya qilinishi lozimligini e'tibordan qochirmasligimiz lozim. Stantsiyalar sonini oshirsak, o‘z-o‘zidan xarajatlarimiz miqdori ham oshadi. Uni qayerdan qoplashimiz kerak? Albatta, mijozlarning hamyonidan. Bu esa tariflar narxining oshishiga ham sabab bo‘ladi.

Yaqinda Toshkent shahridagi ikkita ko‘p qavatli uylarda o‘rnatilgan bazaviy stansiyalarimizni sanitariya epidemiologiya xizmati vakillari bilan borib, eng zamonaviy usulda tekshirishdan o‘tkazdik. Stantsiyalarimiz to‘liq sanitariya nomalariga javob berishi aniq bo‘ldi. Eng so‘nggi qavatdagi uyning ichida ko‘rsatkichlar hattoki o‘rnatilgan me'yordan ancha pastligi ham ma'lum bo‘ldi.

Ayni paytda 4G LTE tizimini ishga tushirish ustida ish olib borilmoqda. Mana, 5G chiqdi. Lekin uni ishga tushirish uchun bazaviy stansiyalar orasidagi masofa 500-600 metr bo‘lishi talab etiladi. Albatta, bu yangi soha. Bularning barisini normativlardagi me'yorlarni ozgina o‘zgartirish evaziga amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Ayni paytda odamlarimizdan mobil aloqaning salomatlikka salbiy ta'siri haqida emas, uning sifati yomonligi haqidagi shikoyat murojaatlari karrasiga ko‘proq tushmoqda, — dedi klubda UMS bosh direktori Sirojiddin Faxruddinov XPKning anjumanida.

Top