Jamiyat | 23:25 / 17.08.2017
42004
2 daqiqa o‘qiladi

Yo‘qolgan nikoh uzugi 13 yil o‘tib sabzida topildi

Foto: Mary Grams

Kanadalik ayolning nikoh uzugi yo‘qolib qolgandan 13 yil o‘tib uning tomorqasida topildi, deb xabar bermoqda BBC News.

Meri Grams brilliant ko‘zli uzugini 2004 yilda Alberta viloyatidagi oilaviy fermada pushtani o‘tayotganda yo‘qotib qo‘ygan. Ayol bu haqda faqat o‘g‘ligagina aytgan, u buni qolganlardan, jumladan turmush o‘rtog‘idan sir tutgan. 

Grams yo‘qotilgan uzuk o‘rniga boshqa arzonroq uzukni taqib yurgan va sir boy bermagan.

Joriy haftada uning kelini taom tayyorlash uchun tomorqadan bir nechta sabzini yulib olib, ularni yuvayotganda uzukni topib olgan. Aniqlanishicha, sabzi uzuk orasidan o‘sib chiqqan. Ayolning o‘g‘li bu uzuk kimga tegishli ekanligini darrov fahmlagan. 

Ayol buni bilgandan keyin 5 yil avval vafot etib ketgan eridan haqiqatni yashirganidan afsus qilgan. Ayolning fikricha, turmush o‘rtog‘i ehtimol bu holatni kulgili deb topgan bo‘lardi.

Keksa ayol bundan buyog‘iga qimmatbaho buyumlarga e'tiborliroq bo‘lishini aytgan.

BBC News’ning ta'kidlashicha, shunga o‘xshash voqea 2011 yilda Shvetsiyada sodir bo‘lgan: o‘shanda bir ayol yo‘qotib qo‘ygan nikoh uzugini 16 yil o‘tib sabzida topgan.

Mavzuga oid