Xitoy klubi tribuna o‘rindiqlarini tilla rangga bo‘yagach, ketma-ket 5 uchrashuvda g‘alaba qozondi
Xitoyning «Guangchjou Fuli» klubi rahbariyati jamoa 4 oy davomida g‘alaba qozona olmagach, o‘ziga xos o‘zgarishni amalga oshirishga qaror qildi. Bu haqda The Sun nashri xabar tarqatdi.
Manba bergan xabarga ko‘ra, guangchjouliklar rahbariyati o‘z stadionini rangini o‘zgartirib, uni oltin rangga bo‘yagan. Tilla rang fenshuy bo‘yicha omadni chaqiruvchi timsol sifatida qaraladi. Bundan tashqari, oq rangdagi zinalar yashil rangga bo‘yab chiqilgan.
Qiziq tomoni, shundan so‘ng «Guangchjou Fuli» ketma-ket 5 ta uy uchrashuvida g‘alaba qozongan. Dragan Stoykovich boshchiligidagi jamoa bu o‘yinlarda 22 ta gol urib, o‘z darvozasidan 9ta gol o‘tkazib yuborgan.
«Stadionimiz rangini o‘zgartirganimizdan so‘ng, jamoa 5ta uchrashuvda g‘alabaga erishdi va o‘ta yuqori sermahsul futbol ko‘rsata oldi. Oltin rangi juda yoqimli va uni o‘zgartirish shart emas», - degan Stoykovich.