Xalq ta'limi vaziri bilan ochiq suhbat: yangi vazirlik, 10-sinf, paxta terimi, korrupsiya va yig‘di-yig‘dilar
KUN.UZ tahririyati O‘zbekiston Xalq ta'lim vaziri Ulug‘bek Inoyatov bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Unda vazirning Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan 16 avgust kungi uchrashuvi haqida so‘z yuritildi, shuningdek, sohaga oid so‘nggi o‘zgarishlar, 10-sinf masalasi va boshqa ko‘plab dolzarb masalalar ko‘tarildi. Vazirning tahririyat jurnalisti bilan suhbatda aytishicha, Prezident bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda vazirlikning yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati tanqidiy tahlil qilingan, oldindagi vazifalar belgilab berilgan.
Yangi vazirlik haqida
Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 avgust kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda maktabgacha ta'lim tizimini isloh qilishdagi kamchiliklarni ochib, xalq ta'limi tizimidan maktabgacha ta'lim tizimini alohida vazirlik sifatida ajratib chiqish kerakligi, ya'ni, Maktabgacha ta'lim vazirligini tashkil etish kerakligi, respublikadagi 5 mingta bog‘chalarni rivojlantirish lozimligi masalasini qo‘ydi. Xalq ta'lim vazirligi – bu juda keng ko‘lamga ega vazirlik. Tizimda 775 ming xodim faoliyat yuritadi. Bu tizimni boshqarishning mushkulligini barcha ko‘z oldiga keltira olsa kerak. Ana shu nuqtai nazardan prezidentimiz bu alohida vazirlik bo‘lishi kerak, maktabgacha ta'lim tizimi uchun alohida e'tibor qaratishimiz lozim, degan masalani qo‘ydilar
O‘qituvchilarni mehnatga jalb etish
Har bir inson o‘zining uyini o‘zi tozalashi, obod qilishi kerak. Har bir maktabda ishlovchi o‘qituvchi va o‘quvchi o‘zining maktabini obod qilishi kerak. U o‘zining maktabini, hududini, ko‘chasini tozalamasa, barcha yer chiqindi bo‘lib ketadi-ku. O‘zi o‘sha yerda yashab, o‘sha yerda nafas oladi-ku. Maktabni obod qilish juda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Biz o‘quvchilarimizda mehnat ko‘nikmasini shakllantirishimiz kerak. Bu butun dunyoda qilinadigan ish. So‘nggi 5-6 yilning ichida maktablar paxta yig‘im-terimiga umuman jalb etilmagan. Xalqaro tashkilotlar bor, ular buning barchasini kuzatib turishadi. Jamoatchilik, ota-onalar bor. Ular farzandini o‘qishning o‘rniga, paxta dalasiga chiqartirib qo‘ymaydi. Bu qat'iyan man etilgan. Endi ayrim o‘qituvchilarimizning darsdan keyin chiqib, o‘zi uchun mablag‘ ishlashi – marhamat. Uyi dalaning oldida bo‘lsa, buning yomon jihati yo‘q. O‘zbekistonning boyligi uchun chiqib, o‘zining yana pul ishlab olish imkoniyati bor. Lekin majburan hech kim bu ishga jalb etilmaydi. Har bir inson o‘zining huquqi, majburiyati, burchini tushunishi kerak. O‘zining haq-huquqlarini tushunishi lozim. Biz qaysi zamonda yashayapmiz? Bor dalaga, desa, dalaga chopqillab chiqib ketavermaydi-ku. U oliy ma'lumotli, ziyoli o‘qituvchi-ku. O‘zining haqini talab qila oladi. Rahbarlar haqida gapiradigan bo‘lsak, ularni tayinlash bu faqat yakka hokimlikning vazifasi emas. Tuman rahbari bu vazir vakolatida. Tuman Xalq ta'limi bo‘limi rahbari mening buyrug‘im bilan tayinlanadi, albatta, hokimlikning tavsiyasi bilan.
10-sinf masalasi
Bu yildan boshlab maktabning 10-sinflarida ta'lim yana davom ettiriladi. Bu yil respublika bo‘ylab 9-sinflarni 467 ming o‘quvchi bitirib chiqqan bo‘lib, ulardan 352 ming nafari 10-sinflarda o‘qishni davom ettirish istagini bildirgan. Farzandlarimiz bu 2 yillik ta'lim kasb ham olishi mumkin. Ular haftada bir kun kasb ta'limi bilan shug‘ullanadi. 50 dan ortiq kasblar bor, ularni o‘quvchilarning o‘zi tanlab oladi. Biz 10-sinf ochilishi munosabati bilan tahlil qilib chiqqanmiz. Respublikada hozir 9680 ta maktab bor, ulardagi o‘quv o‘rinlari soni 4 mln 900 ming o‘rinni tashkil etadi. Tahlilga ko‘ra, respublikada 1156 ta maktablarda to‘ldirish koeffitsiyenti 1,5 atrofida, qolgan maktablarda sinfxonalar bilan bog‘liq muammo bo‘lmaydi.
Darsliklardagi xatoliklar
Darsliklarda texnik xatoliklar uchrab turadi. Bu juda katta miqdordagi nashr ishlarini amalga oshirishda turli texnik xatoliklar uchraydi. Kitob yaratilish chog‘ida ekspertlar guruhi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Texnik muharrir va korrektorlar tomonidan tahlil qilinadi. Shundan so‘ng chop etiladi, undan keyin ham necha marotaba qayta nashr qilinadi. Har bir nashrda to‘ldirib boriladi. Texnik xatolar bo‘ladi, lekin bu narsani bo‘rttirib, bu kitob hech narsaga yaramaydi, degani emas. Mana shu kitob bilim manbai, biz uni qadrlashimiz kerak, unga yangilanishlarni kiritib borishimiz kerak. Buning uchun har yili o‘qituvchilar, mutaxassislarning fikrini olib, qayta nashrda bularni qo‘shib boramiz.
1-sinf va bog‘chalarga qabul qilishdagi korrupsiya haqida
Korrupsiya tushunchasi bu jamiyatni yemirish uchun xizmat qiladi. Eng yomon illat. Korrupsiyaning katta-kichigi bo‘lmaydi. Besh qo‘l barobar emas, albatta, nafsini tiya olmagan, tizimga dog‘ tushiradigan rahbarlar ham uchrab turadi. Pora evaziga bog‘chaga yoki maktabga joylashtirish... Fuqaro o‘zining qonuniy huquqini talab qilishi kerak. Uning bolasining maktabga qabul qilinishi qonunda belgilab, kafolatlab qo‘yilgan. O‘zining hududidagi maktab olishga majbur. Endi, boshqa maktablar, rus maktablariga olib borishadi. O‘zlari uyda o‘zbek tilida gapirishadi, bolalari rus tilida bitta so‘zni ham eplab gapira olmaydi, lekin bolalarini rus tilini o‘rgansin, deb rus maktabiga olib borishadi. Biroq bu bolalar u yerda psixologik juda ham qiynalishini o‘ylashmaydi. Bu bilan bolani qiynaymiz, uni ta'limdan umuman sovitib yuboramiz. Shuning uchun bola o‘zining ona tilida o‘qishi kerak. Umuman, bolani maktabga qabul qilish uchun hech qanday komissiya yo‘q. Bu nopok rahbarlar orasida o‘ylab topilgan jarayon. Amaldagi qonundagi hujjatlarga binoan, bola 6,5 yoshdan oshgandan so‘ng faqat tibbiy xulosa bilan maktabga qabul qilinadi. Agarda 6,5 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, uning ota-onasi bilan maktab psixologi yoki tumandagi xalq ta'limi bo‘limidagi psixolog yoxud poliklinika qoshidagi ruhshunoslar bilan bola suhbatlashadi hamda uning maktabga qanchalik tayyorligi tekshiriladi.
Maktablardagi yig‘di-yig‘di
Biz hay'at yig‘ilishlarini o‘tkazib, shu holatlarni o‘rganib, tahlil qilamiz. Ota-onalardan bu borada ko‘plab murojaatlar bo‘ladi. Shular tahlil qilinib, joylarga chiqib o‘rganiladi. Yaqinda Xorazm viloyatining muhokamasini qildik. O‘quvchilarning ota-onalaridan qonunga xilof ravishda shunday pul yig‘ilganligi uchun Urganch shahridagi 12-maktab direktori egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Shunday holatning kelib chiqishiga sababchi bo‘lgan bir necha o‘qituvchilarga nisbatan jazo choralari qo‘llanildi. Bu bizning hay'at yig‘ilishimizda muhokama qilindi. Bu respublikadagi barcha ta'lim tizimi rahbarlari ishtirokida o‘tkaziladi. Ular uchun bu dars bo‘lishi kerak.
Chirchiq pedagogika instituti borasida
Chirchiq pedagogika institutining tashkil etilishi jarayoni oliy ta'limga qabul qilish jarayoni tugagan paytda e'lon qilindi. Buning e'lon qilinishi ham Toshkent viloyatining ehtiyojidan kelib chiqib, prezidentimiz viloyat xalqi bilan uchrashganlarida ana shu qarorni qabul qildi. Toshkent viloyatida pedagoglarga bo‘lgan ehtiyoj kundan kun ortib borayotgani uchun bu qaror qabul qilindi. Bu yilga 750 ta kvota belgilab berildi. Kimlar bu qabul rejasiga tushadi? Bu pedagogika yo‘nalishi bo‘lgani uchun faqat pedagogika va turdosh bo‘lgan yo‘nalishlardagi Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatda turgan, OTMga kira olmagan, minimal balldan yuqori bo‘lgan, tumanlar kesimida Toshkent viloyatining ehtiyojidan kelib chiqilib qabul qilinadi. Biz bu ehtiyojni Davlat test markaziga topshirganmiz. DTM bazadan birinchi galda ehtiyojdagi tumanlardan ularni saralab oladi. Bu abituriyentga shaxsan ma'lum qilinadi.
Tas-X
Mavzuga oid
19:22 / 28.08.2024
“Poytaxtda 85 foiz obektlar nogironligi bo‘lgan shaxslarning kirib-chiqishi uchun qulay emas” – Ulug‘bek Inoyatov
11:19 / 09.07.2023
O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlarning 3 nafari saylovda ovoz berdi
09:37 / 22.06.2023
Ulug‘bek Inoyatov: “Eng kam iste’mol xarajatlari belgilanishi qonun bilan kafolatlanishi kerak”
22:30 / 20.06.2023