Dunyoning rivojlangan davlatlaridagi maşinasozlar elektr quvvati bilan, hattoki haydovçisiz harakatlanuvçi avtomobillarni ommaviy işlab çiqariş arafasida turgan bir paytda GM Uzbekistan korxonasining özi işlab çiqarayotgan maşinalarda yangilik ölaroq, metan gaz ballonlarini örnatişni boşlamoqçiligi Özbekistonda ilm fan va texnologiya sohalarining qay saviyada ekanini yaqqol körsatadi.
Bunday açinarli holatdan çiqişning yagona yöli esa millatimiz ongida ilm-fan, izlanişga bölgan qiziqişni uyğotiş, uni oddiy qiziqişdan hayotiy ehtiyojga aylantira olişdir. Faqat şu yöl bilan biz kelajakda buyuk kaşfiyotlar qila oladigan olimlarni tarbiyalaşga zamin yaratgan bölamiz. Fan sohasida yuksak çöqqilarni egallaş igna bilan quduq qazişga tenglaştirilişi heç kimga sir emas. Şunday ekan, allaqaçon «suyagi qotgan» avlod vakillarini bu xayrli işga yönaltiriş amri maholdir (agar ular allaqaçon bu yölni tanlab ulgurişgan bölmasa). Qolaversa, inson özining hayotini ilm-fanga bağişlaşga va butun umrini ilmiy izlanişlar, yangiliklar yaratiş ketidan quvib ötkazişga rozi bölişi uçun bunday qiziqiş unga hayotining ilk yillaridan singdirilişi lozim.
Maşhur rus adibi Çernişevskiy bergan savol beixtiyor inson xayoliga keladi: «Nima qilmoq kerak?». Qiziği şundaki, yoş avlod, ayniqsa maktabgaça ta'lim va boşlanğiç sinf yoşidagi öquvçilarni zamonaviy ilm-fanga qiziqtiriş uçun velosipedni qaytadan ixtiro qilişga hojat yöq. Ilğor tajribalarni mahorat bilan «köçirsak», kifoya (köçiriş sözi bu örinda balki qöpolroq yangrar, lekin millatimiz uçun zararli bölgan köplab boşqa narsalar köçirilib yotgan bir paytda, xalq manfaati uçun ilğor tajribalarni «köçiriş» keçirimli bölsa kerak). Ilğor tajribalar haqida batafsil töxtalişdan oldin, aynan maktabgaça ta'lim hamda boşlanğiç sinf öquvçilari haqida fikr yuritayotganimning yana bir sababini aytsam: ayni şu yoşdagi bolajonlar berilgan yangi bilimlarni tez özlaştira oladigan darajada zehnli va hamma narsaga juda qiziquvçan bölişni taqozo qiladigan darajada ijobiy ma'noda bilimsiz böladilar.
Rivojlangan davlatlardagi muzeylarning Özbekiston muzeylaridan bitta katta farqi bor. Odatda, «markaziy» yoki «milliy» mavqeiga ega bunday muzeylarda albatta ilm-fan bölimi mavjud. Luvr muzeyiga kirgan ziyoratçi maktab öquvçilarining qadimgi Misr böyiça referat tayyorlaş uçun «jonli tarix»dan foydalanayotganini körmay iloji yöq. Singapur ilm-fan muzeyida esa salgina çizişni bilgan boğça bolasi ham öz ijod namunasi bölmiş fazoviy kema rasmini 3 ölçam körinişida fazoda uçayotganiga guvoh böla oladi. Şotlandiya milliy muzeyi ilm-fan bölimiga borgan bolakay Dolli ismli qöyni klonlaşga oid qiziqarli filmni tomoşa qilib zavqlanadi. Bunday muhitda maktabda öqitilayotgan bilimlarni haqiqiy hayotda jonli tarzda qöllay olgan bolada ilm-fanga nisbatan kuçli iştiyoq tuğilişi tabiiy, albatta.











