Farg‘ona viloyati hokimi So‘x tumani, uy-joy muammosi, tabiiy gaz va aholining boshqa muammolari haqida (video)
KUN.UZ tahririyatining Farg‘ona viloyatiga safari davomida ko‘plab murojaatlar o‘rganildi. Fuqarolar bilan dildan suhbat qilindi. Eng muhimi, murojaatlar yuzasidan bir qator savollarga mutasaddi rahbarlar ham izoh berdi. Xususan, Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev bilan ijodiy safarning ikkinchi kunida suhbat qurishga muvaffaq bo‘ldik.
Aholi murojaatlari bilan ishlash
Odamlarning murojaatiga mahalliy davlat idoralaridagi hokim, uning o‘rinbosarlari yoki boshqaruv idoralari rahbarlari befarq bo‘lsa, unda O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari kimga murojaat qilishi kerak? Albatta, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga chiqishayapti, Virtual qabulxona orqali tushayotgan murojaatlarning ishi nazoratga olingan. Viloyatimiz aholisi qariyb 3 million 700 ming kishini tashkil qiladi. Gap murojaatlarning sonida emas, davlat idoralariga, mahalliy hokimlik idoralariga ariza yoki iltimos bilan murojaat qilgan fuqaro masalasining yechimidir. Masala yechilmadimi, u murojaat hech qachon nazoratdan olinmaydi.
So‘x tumani haqida
Farg‘ona viloyatida 15 ta tuman bo‘lsa, ulardan biri So‘x tumani. Bugungi kunda to‘laqonli ishonch bilan aytish mumkinki, Farg‘ona viloyati tarkibidagi So‘x tumani boshqa tumanlar qatori Farg‘ona viloyati tarkibidan, O‘zbekiston Respublikasi hududidan ajralib qolib yoki anklavligi bugun fuqarolar tomonidan, umuman agar anklav hudud, deydigan bo‘lsak, bugungi vaziyatdan kelib chiqib – bu noto‘g‘ri bo‘ladi. Sabab yaratilgan sharoit. So‘x tumanining fuqarolari bugun qariyb 88 mingdan ortiq kishini tashkil qiladigan bo‘lsa, u yerda yashayotgan fuqarolarning millatidan qat'i nazar, O‘zbekiston Respublikasi, jumladan, Farg‘ona viloyatining har qaysi tuman, shaharlariga, mamlakatimiz poytaxtiga ham bemalol borib kelishlari uchun imkoniyat yaratilgan. Qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi bilan o‘rnatilgan do‘stona aloqalar, o‘zaro kelishuv bitimlari tufayli So‘x tumani fuqarolariga bugungi kunda kirish-chiqish yoki zarur sharoitga asosan So‘x tumaniga viloyatning boshqa tumanlaridan bo‘lgan fuqarolarning kelib-ketishi, boshqa tadbirlarning barchasi qo‘shni davlatlar bilan normativ hujjatlar bilan tartibga olingan.
Aholini uy-joy bilan ta'minlash
Viloyatimizda aholi sonidan kelib chiqadigan bo‘lsak, yoshlar 1 million 460 mingdan ortiqroqdir. Bugungi kunda bizga yoshlarimizdan bo‘layotgan murojaatlar bu – yoshlarni uy-joylar bilan o‘z vaqtida ta'minlab berish masalasi. Viloyatda o‘tgan yillarga nisbatan bu yil jami 49 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, tumanlarda ham 3 qavatli uylar qurilmoqda. Davlat dasturiga asosan, bu yil 1228 ta arzon, namunali qishloq uylari, bundan tashqari, Prezidentimizning Farg‘ona viloyatiga tashriflaridan keyin, 920 ta 2-3 qavatli arzon uylar tumanlarda quriladi. Bu yil rejamizda Marg‘ilonda 18 ta ko‘p qavatli uy va Qo‘qon shahrida 21 ta ko‘p qavatli uylarni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Hozirgi kunda qurilish ishlari jadal ketmoqda.
Tabiiy gaz masalasi
Toza ichimlik suv, elektr energiyasi, tabiiy gaz – bularni iqtisodiy manba, deb hisoblaydigan bo‘lsak, inson hayotida esa bular bevosita hayot bilan bog‘liq tabiiy resurslardir. Albatta, tabiiy gaz tabiiy resurs bo‘lgani uchun u chegaralangan. Tabiiy gazni viloyat, shahar, tuman iqtisodiyotida, birinchi navbatda, sanoatga, sanoat orqali ishlab chiqarishga yo‘naltirib, tabiiy gazni quruq yoqib yuborgandan ko‘ra, undan mahsulot ishlab chiqarib, valyuta zaxirasini yoki byudjyetni boyitish – bugungi kunda buni to‘g‘ri yo‘nalish, deb hisoblayman. Joylarda aholi bilan tushuntirish ishlari o‘tkazganimizda bir narsani aytmoqdamizki, tabiiy gazdan samarali foydalansak, iqtisod qilib foydalansak, aholiga ham, sanoatga ham, umuman olganda, xalq xo‘jaligiga ham bugungi kunda yetkazib berilayotgan tabiiy gaz bo‘yicha bizda e'tiroz bo‘lmaydi. Viloyatda 690 ming xonadon bo‘ladigan bo‘lsa, ulardan 54 foizi bugun to‘lig‘icha tabiiy gaz bilan ta'minlanmoqda, 3100 ga yaqin ko‘p qavatli uylardagi 130 mingga yaqin xonadonlar to‘liq tabiiy gaz bilan ta'minlangan. Mahallalar, tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarda to‘lig‘icha suyultirilgan gaz bilan ta'minot amalga oshirilmoqda.
Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev bilan o‘tkazilgan suhbat davomida aholi tomonidan yuborilgan ko‘plab murojaatlar xususida ham suhbatlashildi. Mavjud muammo va yutuqlar yuzasidan fikr almashildi.
YouTube
Tas-X
Mavzuga oid
10:16 / 12.11.2024
Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayolga hukm o‘qildi
11:59 / 05.11.2024
O‘zbekistonlik olimlar Farg‘ona vodiysidan yangi baliq turini topdi
09:40 / 02.11.2024
Hindiston Farg‘onada xalqaro ko‘p tarmoqli klinika tashkil etadi
19:32 / 30.10.2024