Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Asian Fight - 2017: 30 avgust kuni matbuot anjumani bo‘lib o‘tadi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 24 avgustdagi 955-F-sonli farmoyishi asosida O‘zbekiston Penchak-Silat federatsiyasi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda joriy yilning 9 sentabr kuni “Bunyodkor” stadionida “ASIAN FIGHT – 2017” xalqaro turnirini tashkil etmoqda.
Xalqaro turnirda Penchak Silatning professional yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston va xorijlik sportchilar ishtirokida 8 ta jang bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Mazkur tadbir O‘zbekiston nufuzini dunyo miqyosida yanada oshirishga, yetishib kelayotgan yosh avlodda sog‘lom turmush tarzi, xususan sportga muhabbatni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Musobaqa mavqeini yanada ko‘tarish, butun dunyo sport ishqibozlari diqqat-eʼtiborini yurtimizga qaratish maqsadida faxriy mehmonlar, xususan, jahon kino va jang san'ati ustalari Jan Klod Van Damm, Jyef Monson va Fyodor Yemelyanenko kabilar taklif etilgan. Shuningdek, xalqaro turnirdan oldin faxriy mehmonlar ishtirokida alohida dastur asosida yosh sportchilar va kinoaktyorlar uchun master-klasslar va matbuot anjumani o‘tkaziladi.
Shu munosabat bilan, “Asian Fight - 2017” tashkiliy qo‘mitasi barcha OAV vakillarini 30 avgust chorshanba kuni bo‘lib o‘tadigan matbuot anjumaniga taklif etadi. Matbuot anjumanida “Asian Fight - 2017” tashkiliy qo‘mitasi a'zolari, O‘zbekiston Penchak silat federatsiyasi va “Sunrise Entertainment” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbarlari bilan turnirga oid tayyorgarlik jarayoni va faxriy mehmonlarning tashrifiga doir xabarlar OAVga ma'lum qilinadi.
Shunday qilib, “Alisher Navoiy” nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida soat 10:00 da boshlanadigan matbuot anjumaniga barcha turdagi OAV vakillari taklif etiladi.