O‘zbekiston | 23:00 / 07.09.2017
34998
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston havo yo‘llari» reysi Bangkokdan Toshkentga ucha olmayapti

«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi 5 sentabr kuni Tailand poytaxti Bangkokdan Toshkentga HY532 reysi amalga oshmay qolgani sabablarini tushuntirdi. Aviakompaniya matbuot xizmati «Bangkok–Toshkent» reysi texnik sabablarga ko‘ra ushlanib qolgani haqida izoh berib, shu reysda uchishi kerak bo‘lgan yo‘lovchilardan hamda ularning yaqinlaridan keltirilgan noqulayliklar uchun rasman uzr so‘radi

5 sentabr kuni 216 yo‘lovchisi bilan  Toshkentga kelishi kerak bo‘lgan samolyot hamon Tailand poytaxtidan ucha olmayapti.

«Aviakompaniya yo‘lovchilarning xavfsizligi uchun javobgar. Shu tufayli texnik nosozlik to‘la bartaraf qilinmaguncha reys amalga oshirilmaydi», — deyilgan aviakompaniya sayti xabarida.

Ayni vaqtda aviakompaniyaning Bangkok shahridagi vakillari vaziyatni hal qilish uchun zarur tezkor choralarni ko‘rayotgani aytilgan. Tartibga ko‘ra, barcha yo‘lovchilarga mehmonxona, aeroport va mehmonxona yo‘lida qatnash uchun transportirovka, shuningdek, yaqinlari bilan bog‘lanish uchun xalqaro aloqa imkoniyatlari taqdim etilgan.

Aviakompaniya 90dan ortiq yo‘lovchiga 8 sentabr kuni Toshkentga Kuala-Lumpur orqali uchishni taklif etgan. Toshkent orqali Bishkek, Tel-Aviv va Rossiyadagi shaharlarga uchayotgan 90 kishiga ham muqobil yo‘nalishlar taklif etilgan. Ayni vaqtda yana 30 kishini O‘zbekistonga olib kelish choralari ustida ish olib borilmoqda.

Keyingi o‘zgarishlar haqida qo‘shimcha ma'lumotlar berilishi ma'lum qilingan.

«Aviakompaniya rahbariyati nomidan sizlarga voqea yuzasidan uzr aytishga ruxsat bering», — deyilgan xabarnomada.

Mavzuga oid