Ekspert takliflari: SES faoliyatini qanday yaxshilash mumkin?
Respublika o‘lat, o‘ta xavfli va yuqumli kasalliklar muhofaza qilish markazining shifokor-epidemiologi, tibbiyot fanlari nomzodi G‘ofurjon Tojiboyev «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida»gi qonun talablarini davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazlari (SES) xodimlari tomonidan bajarilishidagi muammolar va ularni bartaraf etish hamda xizmat faoliyatini muvofiqlashtirishga doir takliflarni KUN.UZ tahririyatiga yo‘lladi.
1) Muammoning dolzarbligi va ularni bartaraf etish bo‘yicha taklif etilayotgan tadbirlar: Respublika aholisining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta'minlashda tashqi muhit omillarini (xalq iste'moli mollarida pestitsid, mekotoksin, GMO, og‘ir matal tuzlari, ish o‘rinlarida zararli omillar va h.k.) laboratoriya uslubida tekshirish imkoniyatlari (vakolati xam) faqat SES xizmatida muvjud, ammo respublikadagi 200dan ziyod tuman SESlarining sanitariya-gigenik, bakteriologik, laboratoriyalari sobiq ittifoq davridagi tibbiy asbob-uskunalar asosida faoliyat yuritmoqda. Shu munosabat bilan ularni zamonaviy, tez natija beruvchi, yuqori sezuvchanlik xususiyatiga ega bo‘lgan (ekspress) tibbiy texnikalar bilan jihozlash va reaktiv hamda bak preparatlar bilan ta'minlash zarur.
Amalga oshirish mexanizmi: bir vaqtning o‘zida ham xalqaro loyihalar yordamida, ham davlat rahnamoligi ostida.
Yutuqlari:
1. Zaharlanish yoki yuqumli kasalliklar qo‘zg‘atuvchisini barvaqt (2–3 soatda) aniqlash imkoni paydo bo‘ladi va unga qarshi chora-tadbirlar zudlik bilan ijroga qaratiladi;
2. Ijobiy natija bergan laboratoriya namunalari viloyat (shahar) yoki respublika markazlarida chuqur o‘rganiladi (identifikatsiya qilinadi);
3. Hozirda kam samaradorlik bilan faoliyat yuritayotgan va ko‘p xonalarni band qilayotgan laboratoriya binolari (xonalari) bo‘shaydi va undan unumli foydalanish imkoniyati yaraladi;
4. Kam xarajat bilan yuqori natijaga erishiladi;
5. Laboratoriya natijasi barvaqt bo‘lgani va unga asosan chora-tadbirlar zudlikda o‘tkazilishi bois zaharlanish, kasb kasalliklari yoki yuqumli kasalliklarni ommaviy tus olishiga imkon bermaydi;
6. Hozirda bo‘sh (vakant) turgan shtat birliklari va xodimlar soni qisqaradi. Byudjyet mablag‘idan maqsadli foydalaniladi;
7. SES xodimlarining zamonaviy tibbiy texnikani qo‘llash borasidagi malakasi oshiradi.
Kamchiligi: Laboratoriya xodimlari zamonaviy yangi tibbiy texnika bilan ishlash prinsiplarini o‘zlashtirguniga qadar birmuncha vaqt talab etiladi.
2) Muammolarning aktualligi va ularni bartaraf etish bo‘yicha taklif etilayotgan tadbirlar: aholining noinfeksion (yurak qon-tomir, asab, endokrin, oshqozon-ichak, o‘sma, nafas olish va h.k.) kasalliklariga chalinish holati va uning kelib chiqish (epidemiologiyasi) sabablari o‘rganilmasdan qolayotgani sababli ularni davolashga katta ahamiyat berilmoqda. Shu sababli SES xodimlari birlamchi tibbiy-statistik ma'lumotlar va tashqi muhitni tekshirish natijalari bo‘yicha olayotgan ma'lumotlariga asoslanib, kasallik epidemiologiyasiga aniqlik kiritish hamda uning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, hududiy hokimliklar tomonidan ijroga qaratish.
Xalq xo‘jaligi obektlari rahbarlariga noinfeksion kasalliklar profilaktikasiga qaratilgan yoki uning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berishni taklif qilaman.
Amalga oshirish mexanizmi: Tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, sanitariya qismlaridagi noinfeksion kasallik ko‘rsatkichlari xaqidagi statistik ma'lumotlar hamda tashqi muhit omillarini tekshirish natijalari bo‘yicha SES laboratoriyasidan olingan ma'lumotlarga va epidemiologik surishtiruv natijalariga asoslangan holda.
Yutuqlari:
1. Noinfeksion kasalliklarning kelib chiqish sabablarini o‘rganish bilan birga uning oldini olish va ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik chora-tadbirlari ishlab chiqiladi. Bu, o‘z navbatida, ishchi-xizmatchilarning ishlash sharoitlarini yanada zamonaviy va xavfsiz bo‘lishiga sabab bo‘ladi;
2. Respublika, viloyat, shahar va tuman markazlarida noinfeksion kasalliklar bo‘yicha tashkil etilishi mumkin bo‘lgan tibbiy markazlarni barpo etilishi muvofiqlashtiriladi;
3. SES xizmati xodimlarining kasallik profilaktikasiga qaratilgan, profilaktik yo‘nalishdagi foydali ish koeffitsiyenti yanada oshadi;
4. Davlat byudjyetini tejashga va uni maqsadli ravishda profilaktik tadbirlarga sarflashga olib keladi.
Kamchiligi: Mulkchilik shaklidan qat'i nazar, korxona, tashkilot va muassasa rahbarlari tomonidan noinfeksion kasalliklarning oldini olishga qaratilgan tadbirlarning bajarilishini kelishilgan muddatlarda ta'minlamaslik.
3). Muammolarning aktualligi va ularni bartaraf etish bo‘yicha taklif etilayotgan tadbirlar: Respublikada ishchi xodimlarni zararli ish sharoitida faoliyat yuritishlarini o‘rganish va xulosa berish ayrim (hollarda) nodavlat xizmatlar tomonidan amalga oshirilmoqda. Bu, o‘z navbatida, manfaatdorning moliyaviy holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatish bilan bir qatorda vakolati bo‘lmagan shaxslarning xulosa berishiga sabab bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan zararli ish sharoitini o‘rganish va unga xulosa berish vakolatini (tashqi muhit omillarini laboratoriya uslubida tekshirish vakolati faqat SES (DSENM) xizmatida muvjud) faqat davlat tizimi bo‘lgan SES zimmasiga yuklashni tavsiya qilaman.
Amalga oshirish mexanizmi: Zararli ish sharoitini o‘rganish va unga xulosa berish tartibini nodavlat tizim tomonidan amalga oshirilishini bekor qilish va uni atestatsiya hamda akreditatsiyadan o‘tgan vakolatli SES xizmatida o‘rnatilgan tartibda pullik xizmat ko‘rsatish yo‘li bilan amalga oshirish.
Yutuqlari:
1. Ishchi xodimlarning zararli ish sharoitlarini o‘rganish davlat tomonidan nazoratga olinadi, bu o‘z navbatida ushbu masalaga zamonaviy yondashish mexanizmini ta'minlaydi;
2. Byudjyet mablag‘larini (hududiy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan kalkulyatsiya asosida — vositachisiz) qonuniy boyitish imkoniyatini yaratadi;
3. SES xizmatini zamonaviy texnikaga bo‘lgan yondashuvini yanada rivojlantiradi va imkoniyatlarini kengayishiga sabab bo‘ladi;
4. Atestatsiya hamda akkreditatsiyadan o‘tgan vakolatli SES xizmati qonuniy vazifalarini mutaxassis sifatida amalga oshiradi.
Kamchiligi: Ushbu masala bilan shug‘ullanayotgan va mutaxassis bo‘lmagan yuridik tashkilot rahbarlari tomonidan qarshilik bo‘lishi mumkin.
4) Muammolarning aktualligi va ularni bartaraf etish bo‘yicha taklif etilayotgan tadbirlar: Odamlar va hayvonot dunyosi orasidan ayrim (zooantroponoz) yuqumli, o‘ta xavfli va parazitar kasalliklari ko‘rsatkichlari ortib, unga qarshi kurashda dori-darmon va vaksinalar respublika tashqarisidan katta mablag‘ evaziga (talab etilgan miqdorni atigi 50–70 foizi) xarid qilinmoqda. Shu sababli ayrim immunobiologik preparatlarni respublikada ishlab chiqish imkoniyati mavjudligini (Samarqand viloyatidagi «Biokombinat» nomli Angliya bilan qo‘shma korxona) inobatga olib, o‘zimizda ishlab chiqarish texnologiyasini yo‘lga qo‘yishni taklif qilaman.
Amalga oshirish mexanzmlari: Bir vaqtning o‘zida xalqaro loyihalar yordamida, davlat rahnamoligida, bosqichma-bosqich amalga oshirish.
Yutuqlari:
1. Bir vaqtning o‘zida hayvonlardan ham hayvonlarning o‘zi, ham odamlarga yuqadigan ayrim yuqumli kasalliklarning oldi olinadi;
2. Moliyaviy jihatdan o‘zini o‘zi oqlaydi, kelajakda eksport qilish imkoniyati tug‘iladi;
3. Epidemik va epizootik vaziyatni sog‘lomlashtirishda katta ahamiyatga ega;
4. Kelajakda (bosqichma-bosqich) insonlar uchun ham profilaktik va davolash maqsadida ishlatiladigan immunobiologik preparatlarni ishlab chiqarish imkoniyatini yaratadi;
5. Valyutamizning chetga chiqib ketishining oldi olinadi va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.
Kamchiliklari: yo‘q.
Yuqorida qayd etilgan taklif va mulohazalar oz bo‘lsa-da, mamlakatimiz aholisining salomatligini muhofaza qilishda o‘z hissasini qo‘shadi, deya umid qilaman.
G‘ofurjon Tojiboyev,
Respublika o‘lat, o‘ta xavfli va yuqumli kasalliklar muhofaza qilish markazining vrach-epidemiologi, tibbiyot fanlari nomzodi