Jahon | 22:07 / 16.09.2017
7333
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shni qurilmalarni 10 soniyada zararlaydigan Bluetooth-virus aniqlandi

Armis Labs kompaniyasi mutaxassislari foydalanuvchilar ishtirokisiz Bluetooth orqali tarqaladigan hamda smartfon va boshqa qurilmalarni zararlaydigan yangi virusni aniqlashdi. Bu haqda Wired nashri xabar bermoqda. 

Yangi buzib kirish usuli BlueBorne deb atalgan va u Bluetooth bayonnomasidagi zaif joydan foydalanib, bir qurilmadan ikkinchisiga o‘tadi. Virus shunday harakat qiladiki, foydalanuvchilar ularning tizimlari buzib kirilganidan shubha ham qilmaydilar.

Armis Labs xodimi Ben Serining aytishicha, BlueBorne WannaCry virusi kabi ommaviy zararlanishga olib kelishi mumkin. Zararlanish Bluetooth funksiyasi yoqilgan yaqin oradagi qurilmalar skanerlanganda 10 soniya ichida yuz berishi mumkin.

Uchta operatsion tizim ishlab chiqaruvchilari ushbu zaif jihatlarni bartaraf etish uchun yangilanmalar chiqarishganini ma'lum qilishdi. Apple’da BlueBorne iOS 10 tizimi yoki uning yangiroq versiyalari uchun qo‘rqinchli emasligi, Windows’da tegishli yangilanma iyulda chiqarilgani aytilgan, Google esa bunday yangilanmani avgustda chiqargan, biroq uning o‘rnatilishi muayyan vaqt olishi mumkin. 

“Laboratoriya Kasperskogo” kompaniyasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yil apreldan 2017 yil mayigacha butun dunyo bo‘ylab 2,5 mln ga yaqin foydalanuvchi shifrlovchi viruslardan aziyat chekkan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish