Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yangi loyiha: Garet Beyldan Vladimir Kozakkacha. Haftaning eng chiroyli 11 goli
Yevropa chempionatlari o‘zining qiziqarli va tomoshabop o‘yinlari bilan bizni har doim o‘ziga rom etib kelgan. Bunday tomoshaboplikka kiritilgan chiroyli gollar ham sezilarli hissa qo‘shadi. Tribuna.Uz ushbu haftadan boshlab Yevropa chempionatlarida kiritilgan eng chiroyli gollar o‘nligi bilan tanishtirib boradi.
10-o‘rin. Yangi loyihaning 10-pog‘onasini «Barselona» yarimhimoyachisi Paulino ochib beradi. Kataloniya klubiga o‘tishi turli hazillar bilan qarshi olingan Paulino bu goli orqali nafaqat «Barselona»ga g‘alaba keltirdi, balki o‘zida bo‘lgan bosimdan ham qaysidir ma'noda xalos bo‘ldi. Shu boisdan ham kamida muhimlik jihatidan bu gol o‘nlikka kirishga munosib edi.

9-o‘rin. Haftaning eng ko‘p tilga olingan futbolchisi «Jyenoa» hujumchisi Piyetro Pellegri. XXI asrda tug‘ilib bitta uchrashuvda dubl qayd etgan ilk futbolchiga aylangan Pellegri nafaqat natijasi bilan, balki kiritgan goli bilan ham o‘ziga xos «hit-parad»imizdan joy egalladi.

8-o‘rin. Mario Balotellining Yevro-2012 yarim finalida Germaniyaga qarshi o‘yini uning faoliyati cho‘qqisi deyishadi. O‘tgan haftada «Balo» Fransiyada ham xuddi o‘sha mashhur goliga o‘xshash gol kiritib, jamoasiga g‘alaba keltirdi. Ajab emas, 5 yil oldingi golini yodga olgan futbolchi, o‘sha davrdagi formasi esiga tushib, yana yorqin futbol ko‘rsata olsa.

7-o‘rin. Cherdan Shaqirining eng asosiy qurollaridan biri uzoq masofadan beradigan zarbalari bo‘lib kelgan. Bu safar ham shveysariyalik futbolchi bu imkoniyatdan foydalandi, afsuski bu gol uning jamoasiga hech qanday naf keltirmadi.

6-o‘rin. Ispaniya Kubogi finalida Mark Bartradan qochib ketgani uni muxlislar uchun shu qadar manzur qildiki, Beyl muntazam jarohat olganida ham uning manziliga tanqidlar ko‘p bo‘lmadi. Ma'lum vaqt o‘tib, Beyl o‘zining o‘sha mashhur yovvoyi tezligini eslab qoldi. U tezlik olganda esa «Sosedad» darajasidagi himoyachi faqat bechora ahvolga tushib qolishi mumkin edi.

5-o‘rin. Paulo Dibala «Yuventus» tarkibida 50-golini urdi. Ushbu yubiley golni nishonlangan o‘yinda u ikkita chiroyli gol urdi. Ulardan birini bugungi loyihamizga kiritmaslikning iloji yo‘q edi. Dibala xunuk gol urishni yaxshi bilmaydi o‘zi.

4-o‘rin. Italiyaning eng hujumkor jamoasi «Napoli» bu safar A Seriya debyutanti «Benevento» klubini ayab o‘tirishmadi. Kiritilgan 6 goldan eng chiroylisini Lorentso Insine ijrosida kuzatdik.

3-o‘rin. Uchlikni Serxio Aguero ochib beradi. «Manchester Siti» tarkibida o‘ninchi het-trikini amalga oshirgan argentinalik hujumchi uchinchi golida o‘zini vatandoshi Messidek his qilib yubordi. To‘rt raqibni ortda qoldirgan Kun darvozabonning yonginasidan bo‘sh qolgan hududni topib darvozani aniq nishonga oldi.

2-o‘rin. Yaponiyalik Gake Shibasakining goli haftaning eng chiroyli goli ham bo‘lishi mumkin edi. «Barselona» darvozasiga urilgan gol darhaqiqat chiroyli, chiqdi. Biroq yakunda u «Xetafe»ga hech qanday natija keltirmadi. Shu boisdan ham biz bu golni 2-pog‘onaga joylashtirdik.

1-o‘rin. Tribuna.Uz yangi loyihasining ilk g‘olibi — Antonio Valensiya «Manchester Yunayted» himoyachisi uchrashuvning boshidanoq mezbonlarga ustunlik beruvchi golni kiritdi. Gol nafaqat chiroyi, balki o‘z vaqtida kiritilib, o‘ta muhim ahamiyat kasb etgani uchun ham reytingning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Chunki aynan mana shu tezkor gol Muorino jamoasiga o‘yinni xotirjam o‘tkazish imkoniyatini taqdim etdi.

Bonus
Vladimir Kozak. Yevropa chempionatlarida chiroyli gollarni tez-tez uchratish mumkin. Ammo ora-orada o‘zimizda ham shu kabi chiroyli gollar uchrab turadi. O‘tgan haftada «Paxtakor» yarimhimoyachisi Vladimir Kozak «Sho‘rtan» darvozasiga shunday gollardan birini kiritdi. Bugungi gollar o‘nligiga bonus bo‘la oladigan zarbani tomosha qiling.
Azamat Murodov tayyorladi.