Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Raddiya: Tojiboyeva paxtaga Yoshlar ittifoqi tomonidan jalb etilmagan
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi matbuot xizmati Jizzaxda ro‘y bergan fojiali xabar yuzasidan raddiya berdi.
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlar va bir qator saytlarda Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa Yoshlar ittifoqi bilan bog‘lab axborot tarqatilgan.
Jumladan, mazkur tumandagi 32-maktabda faoliyat olib borgan 39 yoshli G.Tojiboyeva yo‘l-transport hodisasi tufayli bevaqt vafot etgani, u shu kunga qadar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkilotchisi bo‘lib ishlagani va paxta yig‘im-terimi mavsumiga Yoshlar ittifoqidan jalb etilgani haqida ma'lum qilingan.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mazkur ma'lumotga o‘zining keskin e'tirozini bildiradi va quyidagilarni ma'lum qiladi:
1) Bugungi kunda Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumanidagi 32-maktabning Yoshlar ittifoqi yetakchisi sifatida Egamberdiyev Orziqul Rustam o‘g‘li faoliyat olib bormoqda;
2) Aslida manbada keltirilgani kabi 39 yosh emas, balki 46 yoshda bo‘lgan marhum G.Tojiboyeva uyushmagan yoshlarning «Fidoiy yoshlar otryadlari» loyihasi orqali paxta yig‘im-terimida ishtirok etmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, bu kabi axborotlarni tarqatishdan oldin O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan bog‘lanib, ma'lumotni aniqlashtirish hamda keng jamoatchilikka to‘g‘ri va obektiv axborot yetkazish prinsipiga doimo rioya qilish kerak deb hisoblaymiz.
Ta'kidlash lozimki, bir guruh vaqtincha ishsiz yoshlarning O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faollariga qilgan murojaati asosida har bir tuman-shahar kesimida vaqtincha ishsiz yoshlarni mavsumiy ish bilan ta'minlashga qaratilgan «Fidoiy yoshlar otryadlari» loyihasi amalga oshirilmoqda. Jumladan «Fidoiy yoshlar otryadlari» paxta yig‘im terimida ham faol ishtirok etmoqda.
«Fidoiy yoshlar otryadlari» – ishsiz yoshlarni vaqtinchalik foydali mehnat bilan band qilish va ularni moddiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ixtiyoriylik asosida tuzilgan ko‘ngilli yoshlar tuzilmasi hisoblanadi.
O‘z navbatida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi marhumaning yaqinlariga o‘z hamdardligini bildiradi.