O‘zbekiston | 19:59 / 24.09.2017
55508
7 daqiqa o‘qiladi

«Yozuvchiga aylangan o‘zbekistonliklar» - Virtual qabulxona bir yilligiga so‘rovnoma

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi ishga tushirilganiga bir yil to‘ldi. Roppa-rosa bir yil muqaddam pm.gov.uz sayti ishga tushirilgan, aholidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Prezidentga murojaatlar qabul qilinib, ularni qiynayotgan muammolar hal qilina boshlandi.

Joriy yilning «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb atalishida ham ushbu virtual qabulxonaning tutgan o‘rni beqiyos. Chunki, xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, davlat organlarining xalq bilan yaqindan ishlash mexanizmini shakllantirishda aholidan kelib tushayotgan murojaatlar salmog‘i muhim ahamiyat kasb etdi. Barcha shahar va tumanlarda Xalq qabulxonalari ochildi. Virtual qabulxonaga kelib tushgan murojaatlar ham Xalq qabulxonalari orqali o‘z yechimini topib kelmoqda.

«Virtual hamda Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan elektron, yozma va og‘zaki murojaatlar, taklif hamda shikoyatlarga faqatgina javob qaytarilmasdan, ularda ko‘tarilgan muammolarni hal etish tizimli tahlil jarayonida umumlashtirilmoqda. Deylik, bir xil masalada minglab odamlar murojaat qilayotgan bo‘lsa, ular atroflicha o‘rganilib, tegishli takliflar ishlab chiqilmoqda. Pirovardida davlat darajasida qarorlar qabul qilishga asos yaratilmoqda.

Prezidentning virtual qabulxonasiga yil davomida 1,2 milliondan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Bu o‘zbekistonliklarning davlat rahbari hamda yangi institutga bo‘lgan yuksak ishonchini ko‘rsatmoqda. Binobarin, Virtual qabulxona allaqachon aholi muammolarini amalda hal qilishga qodir bo‘lgan mexanizmga aylanib ulgurdi», — deb yozadi «Xalq so‘zi» gazetasi bosh muharriri O‘tkir Rahmat o‘z maqolasida.

Biroq, tahririyatimizga kelayotgan ayrim shikoyat va murojaatlarda ko‘rinib turibdiki, muammolar virtual qabulxonaga murojaat etilganidan so‘ng ham hal etilmagan, e'tiborsiz qoldirilgan vaziyatlar yuz bermoqda. Bizga bildirishlaricha, hozir ayrim hollarda virtual qabulxonaga yuborilgan murojaat avvalgidek tepadan turib hal etilmasdan murojaat qilingan manzilning o‘ziga yuborilmoqda. Muammoni hal etishga mas'ul bo‘lgan ayrim amaldorlar uni yechmasdan, virtual qabulxonaga kelishtirib javob yozib, yopig‘liq qozonni yopig‘lig‘icha qoldirishning hadisini olib bo‘lishgan ko‘rinadi.

Biz KUN.UZ saytining «Telegram» kanalida bu borada so‘rov o‘tkazdik. O‘quvchilarimizga quyidagi savol bilan murojaat qildik:

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Virtual qabulxonasi tashkil qilinganiga bir yil to‘ldi. Uning faoliyatidan qoniqish hosil qilyapsizmi?

Ushbu so‘rovnomamizda 4959 nafar muxlisimiz ishtirok etgan va javob variantlari quyidagicha tanlangan:

  • Bilmadim. Hozirgacha ishim tushgani yo‘q – 3 mingdan ziyod kishi (yoki 56 foiz)
  • Boshida yaxshi edi, hozir shunchaki rasmiyatchilik uchun bo‘lib qolgan – mingdan ziyod kishi (yoki 22 foiz)
  • Yo‘q, ko‘nglim to‘lmayapti – 538 kishi (yoki 11 foiz)
  • Ha, muammolarimni shu orqali hal qildim – 536 kishi (yoki 11 foiz)

Ko‘rinib turibdiki, so‘ralganlarning yarmidan ko‘pi virtual qabulxonaga hech qachon murojaat qilishmagan. 11 foiz fuqarolar murojaat qilib, o‘z muammolarining ijobiy yechim topishiga erishishgan bo‘lsa, yana shuncha foiz odam virtual qabulxona ishidan qoniqmayotganini bayon qilgan. 22 foiz muxlislar virtual qabulxonaning boshlanishidagi ishlashi hozirgi ahvoldan yaxshiroq bo‘lganini tasdiqlagan. Muxtasar qilib tushuntirilsa, 9 kishidan biri «portal»ga yozib, o‘z muammosini hal qilgan, biri hal qilolmagan, 2 kishi «portal» hozirga ko‘ra, avval boshda yaxshiroq ishlardi, deb hisoblaydi, 5 kishi esa hech qachon murojaat qilmagan.

Xulosa qilinsa, murojaat qilinganlarning to‘rtdan uch qismi virtual qabulxonaga murojaat orqali jamiyatimizdagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish mumkinligini tan olib turibdi. Faqat o‘tgan 1 yil davomida uni boshqarayotganlar ishida sustlashish kuzatilayotgani, mas'ullar o‘z ishiga panja orasidan qaray boshlashganini anglash mumkin. Buni tahririyatimizga kelgan xat va murojaatlardan ham ko‘rsatib turibdi. Chunki, ularning ko‘pchiligida muxlislarimiz «portal»ga ham murojaat qilib, o‘z muammosiga yechim topmayotganini bayon qilishmoqda.

Shu o‘rinda yana bir fikr va taklif: fuqarolar bilan gaplashganimizda joylardagi Xalq qabulxonalariga huquq-tartibot organlarida ishlagan sobiq amaldorlarning rais qilinishi ham unchalik to‘g‘ri qaror bo‘lmaganini aytishyapti. Sud, prokuratura, militsiya tizimida ishlagan sobiq amaldorlar murojaatchilarni qo‘rqitish, tazyiq o‘tkazish, arizasini qabul qilmaslik, muammosi hal bo‘lmasa-da, «hal qilindi», deya majburan tilxat yozdirib olish bilan mashg‘ul bo‘lishgani borasida ham xabarlar uchrayotgani kishini tashvishlantirmasdan qo‘ymaydi. Prezidentimizning bu tashabbusni ilgari surishdan maqsadi boshqacha bo‘lgani aniq — xalqning dardiga quloq tutish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etish uchun ochilmaganmidi virtual qabulxona va bu dargohlar?

Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashga o‘zini «Prezident komandasidanman» deydigan, qoni qaynoq, serg‘ayrat yoshlarimiz ham jalb qilinishi bu boradagi ishlarning samaradorligini oshirishga xizmat qilgan bo‘lardi.

Yana, virtual qabulxonaga qilingan murojaatlar bo‘yicha olib borilayotgan choralarni shaffoflashtirish ham uning samaradorligini karrasiga oshirgan bo‘lar edi. Ayniqsa, kollektiv murojaatlar bo‘yicha jamoatchilik nazorati yuzaga kelgan bo‘lar edi. Yo‘qsa, qilingan murojaatlar ishchi guruh tomonidan o‘tkazib berilgan amaldorlarning kabinetlarida byurokratiya botqog‘iga botib, muammolar oylab hal qilinmasdan qolib ketishiga, fuqarolarda «portal»ga ishonchsizlik yuzaga kelishiga sabab bo‘laveradi.

 

Sh.Shokirjonov tayyorladi.

Mavzuga oid