O‘zbekiston | 12:50 / 27.09.2017
19021
3 daqiqa o‘qiladi

Barcha pedagogika institutlari Oliy va o‘rta ta'lim vazirligi tasarrufiga o‘tkaziladi

Foto: UzReport.news

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 26 sentabrdagi «Pedagog kadrlarni tayyorlash, xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Hujjat matni Prezident rasmiy saytida e'lon qilindi.

Bugungi kunda xalq ta'limi tizimida jami 4916ta maktabgacha ta'lim muassasasi, 9680ta umumiy o‘rta ta'lim maktabi, 211ta «Barkamol avlod» markazi mavjud bo‘lib, ularda jami 400 ming nafardan ortiq pedagog xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tizimida pedagog kadrlarni tayyorlash bo‘yicha 5ta davlat pedagogika instituti, xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha 14ta hududiy institut faoliyat ko‘rsatmoqda.

Amaldagi tartibga asosan xalq ta'limi muassasalari pedagoglari kamida 5 yilda bir marotaba o‘z malakalarini oshiradilar, biroq xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy institutlarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning ilmiy salohiyati, dars berish sifati bugungi kun talablariga javob bermayapti, xodimlar ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanmaydi, ularning faoliyatini tashqi baholash tizimi samarali yo‘lga qo‘yilmagan, deyiladi qarorda.

Pedagog kadrlarni tayyorlash, xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi samaradorligini yanada takomillashtirish, ularning kasbiy kompetentligini doimiy rivojlantirish maqsadida:

- Nukus davlat pedagogika instituti;

- Navoiy davlat pedagogika instituti;

- Jizzax davlat pedagogika instituti;

- Qo‘qon davlat pedagogika instituti;

- Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti —

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tasarrufiga beriladi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlarini tegishli hududdagi oliy ta'lim muassasalari tasarrufiga berish hamda ular negizida Xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari tashkil etiladi;

Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti va Respublika ilmiy-pedagogika kutubxonasi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti tasarrufiga beriladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish